XX asrda o‘zbek fotografiyasi – sovetlarning propaganda quroli. Harvard tadqiqotchisi bilan suhbat

Jamiyat 19:53 / 27.07.2023 29533

Aleksandra Dennet – Harvard universiteti doktoranti. U 1890-1940 yillarda Markaziy Osiyoda fotografiya qanday vujudga kelgani haqida ilmiy ish qilyapti. Qisqa vaqt ichida o‘zbek tilini ham o‘rgangan Aleksandra Kun.uz bilan suhbatda mustamlaka davrida o‘zbeklar hayoti fotosuratlarda qanday ko‘rsatilgani, fotograflar nega ko‘proq ayollarni suratga olishga urg‘u bergani haqidagi qiziqarli topilmalari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

– Ilmiy ishingiz uchun nega aynan O‘zbekistonni tanladingiz?

– Juda yaxshi savol. Menimcha, O‘zbekiston qiziq tarixga ega va fotografiya o‘tmishning turli siyosiy va madaniy lahzalarini aks ettirish orqali juda muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, fotografiya O‘zbekiston haqidagi g‘oyalarning shakllanishi va ularni turli joylarga yetkazishda ham muhim sanaladi. Shu sababli ayrim fotografiya turlari qanday saqlanib qolgani va bunday suratlar hamon olinishda davom etayotgani, shu bilan birga bu sohada turli siljishlar ro‘y bergani, Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi o‘zgarishlar fotosuratlar orqali qanday tasvirlangani menda qiziqish uyg‘otdi. Bu yo‘nalish jozibador ko‘rindi.

Aleksandra Dennet

– Ilmiy ishingiz va o‘zbek tilini qanday o‘rganganingiz haqida gapirib bera olasizmi?

– Albatta. Men Harvard universitetida san’at tarixi yo‘nalishi bo‘yicha PhD darajasiga nomzod talabaman. San’at tarixini o‘rganyapman, bunda fotosuratlar, ularning ahamiyati va fotografiyani estetik soha sifatida o‘rganishga e’tibor qarataman. Hozir PhD dissertatsiyamni yozyapman. O‘qishimning 4-yili davom etyapti, 1-kursda kurs ishi tayyorlaganman, dars berganman, hozir dissertatsiyam bo‘yicha tadqiqot o‘tkazish uchun Toshkentda bo‘lib turibman.

3 oy davomida intensiv tadqiqot o‘tkazdim va kuzda, akademik yilimning asosiy qismida ilmiy ishimni davom ettirish uchun yana Toshkentga kelmoqchiman. Chunki iloji boricha ko‘proq fotograflarning ishlarini o‘rganishim, tarixiy hujjatlarni o‘qishim, fotolar qanday yig‘ilgani va ishlatilganini tadqiq qilishim kerak.

O‘zbek tilini o‘tgan yildan boshlab o‘rganyapman. Avvaliga onlayn darslarga qatnashdim, hozir Toshkentda haftasiga 2 marta o‘zbek tili darslariga qatnayman.

– Aleksandra, 19-asr oxiri – 20-asr boshlaridagi fotograflarning faoliyatini o‘zimiz uchun tasavvur qilib ko‘raylik. Siz o‘rgangan davrda istalgan odam kamera sotib olib, rasmga tushira olganmi?

– Bu haqiqatan juda yaxshi savol. Xorijlik sayyohlar ko‘pincha kameralari bilan kelgan va rasmga olgan. Siz dekoratsiya uchun tanlagan fotolar muallifi Pol Nadarni misol sifatida ko‘rsata olaman. Xo‘sh, ularning kameralari qanday bo‘lgan? Bu savol juda qiziq. 20-asrning boshlarida sovet ittifoqida kameralar ishlab chiqarila boshlangan. O‘tgan asrning 20-30-yillarida kameralarni sotib olish mumkin bo‘ldi, bunga cheklovlar bor yoki yo‘qligi siyosiy sharoitlarga bog‘liq edi. Ham mustamlaka, ham sovet davrida taqiqlar bo‘lgan, hukumat qaysi mavzularga “tegish” mumkin emasligi haqida qaror qabul qilgan. Ko‘pincha bu qurilish loyihalari yoki hukumat sir deb hisoblagan strategik narsalar bo‘lishi mumkin edi.

Hozir davlat arxivida shunday tarixiy hujjatlardan foydalanish uchun ruxsatnomalar olish kerakligi menga juda qiziq tuyuldi. Yaqinda Toshkentda bir taksi haydovchisi bilan gaplashib qoldim. U eski GUM, Toshkent savdo markazidan eski kameralar sotib olganini aytdi. U yerda hozir sotuvda bo‘lmagan va topish qiyin bo‘lgan narsalar sotilarkan. Turli davrlarga taalluqli kameralar ham sotuvda bor ekan, ammo narxlari haqiqatan juda qimmat.

Agar savolga qaytadigan bo‘lsak, birinchi sovet-o‘zbek fotografi Xudoybergan Devonov nemis mennonitlaridan fotografiyani o‘rgangan. Keyinchalik Sankt-Peterburgda o‘zining kamerasini sotib olgan. Ammo u qaday qilib kamera sotib olgan, kimlarda kamera bo‘lgan, ularni qanday ishlatishgan – bular juda uzoq gapirish mumkin bo‘lgan masalalardir.

– Ilmiy ishingizda fotosuratlardan sovet modeli propagandasi o‘laroq foydalanilganiga urg‘u bergansiz. Buni misollar bilan tushuntirib bera olasizmi?

– Ha, albatta. Men oxirgi imperial va qisman dastlabki sovet davrini o‘rganganman. Sovet davri va propaganda nuqtayi nazaridan “O‘zbekiston SSRning 10 yilligi” nomli kitob ustida ishlayapman. Bu kitob milliy-hududiy chegaralar belgilanganidan keyingi 10 yil davomidagi suratlarni o‘zida jamlaydi. 10 yil ichida O‘zbekiston qanday o‘zgarganini bir kitobda jamlashga harakat qilingan. Unda targ‘ibotning juda yaxshi namunalari bor. Loyihada nafaqat fotograflar, balki ham o‘zbekistonlik, ham moskvalik foto-muharrirlar va o‘ziga xos siyosiy aktyorlar ishtirok etadi.

Qanday fotolar olinishini kim hal qiladi, ular qanday ko‘rsatilishi va qanday mavzular tasvirlanishi kerak degan propaganda savollariga kelsak, men ko‘pincha “noto‘g‘ri taqdim qilingan” degan atamani ishlatishni ma’qul ko‘raman. Chunki menimcha, propaganda ideallashtirilgan, soxtalashtirilgan yoki o‘zgartirilgan tasvirlarni ko‘rsatishga harakat qiladi.

Ammo bu ham bizga ma’lum tarixiy davr haqida ko‘p narsalarni ayta oladi. Qiziq tomoni shundaki, sovetlar mamlakat o‘zgarayotganini ko‘rsatadigan fotolarni nashr qilishgan va tarqatishgan. Biroq faqatgina e’tibordan chetda qolgan mavzular emas, balki qanday jihatlar yoki fotosuratlar tanlaganini ham tushunishga harakat qilish kerak. Bunday rasmlarni “Pravda Vostoka” yoki boshqa gazetalarda uchratish mumkin edi, keyinchalik ayrim fotolar chiqarib tashlangan. Qanday rasmlarga ruxsat berishgan yoki tanlab olishgani juda murakkab savol.

– Ular fotolar orqali propagandani qanday olib borishgan, gazeta va kitoblar orqalimi?

– Ha, gazeta, jurnal va kitoblar orqali. Yana bir qiziq shakli – devoriy gazetalar bo‘lgan. Ular jamoat joylarida devorlarga ilingan. Ba’zan klublarda, ba’zan zavod va fabrikalar yoki odamlar yig‘iladigan boshqa joylarda ularni uchratish mumkin edi. Ularda shiorlar, faollarning izohlari bilan birga, fotosuratlar ham aks etgan. Bu shakl meni juda qiziqtiradi, chunki ularda professional fotograflardan ko‘ra havaskor fotograflarning ishlari joy olib, shunchaki kundalik hayotni hujjatlashtirgan. Ammo ularda Lenin yoki Stalinning fotosuratlari yoki boshqa standart targ‘ibot turidagi tasvirlar ham bo‘lgan.

– Men bir ilmiy ishda fotosuratlar orqali mustamkamchilik modeli yaxshi tomondan ko‘rsatishga harakat qilingani haqida o‘qigandim

– Fotosuratlar ohangi yutuqlarga qaratilgan. Mustamlaka qilinganidan keyin mamlakatda ro‘y bergan o‘zgarishlar – muvaffaqiyatli qurilish, qishloq xo‘jaligi, ayollar ta’limidagi yutuqlar va ozodlikni ko‘rsatishga urinishgan. Fotolar tanqidiy obektivlikni ko‘rsatmagan. Lekin menimcha, ba’zida biz fotosuratlar ohangini, ya’ni u orqali muallif nima demoqchiligini qabul qilishimiz shart emas. Zamonaviy tomoshabin sifatida o‘tmish qanchalik murakkab bo‘lganini yaxshiroq tushungan holda, biz ular nimani ko‘rsatmoqchi bo‘lgani va aslida haqiqat qandayligini o‘rganishimiz muhim. Hujjatlashtirilgan va hujjatlashtirilmagan haqiqat – agar bu mantiqiy bo‘lsa, o‘rganilishi kerak.

– Yana shunday fikrlar borki, fotolar orqali sovet mustamlakasidan avval xalq kambag‘al bo‘lgani, mustamlaka ularning hayotini yaxshilaganini targ‘ib qilishgan

– Albatta. Salbiy qarashlarni umuman ko‘rsatmaslikka harakat qilishgan. Nima negativ bo‘lishi mustamlaka davrining bosh kriteriyasi bo‘lgani rus imperiyasining tanqid qilinishiga sabab bo‘lgan. Sovetlar pozitiv o‘zgarishlarga urg‘u bergan. Shu sababli revolyutsiyadan keyingi o‘zgarishlar, “eski” va “yangi” yo‘lni solishtirish juda urf bo‘lgan.

– Bu hali ham dolzarb.

– Ha, bunday solishtiruvlarni jurnal, gazeta va kitoblarda ko‘rishingiz mumkin. Men yuqorida nazarda tutgan O‘zbekiston SSRning 10 yilligi kitobida ham bunga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

– Siz ilmiy ishingizda sovet davri fotografiyasida ayollarning roliga urg‘u berishingizni aytgandingiz. Shu haqda ham gapirib bersangiz.

– Ba’zan propaganda odamni charchatib yuboradi. Lekin uni o‘rganishga munosib deb hisoblashimning sabablaridan biri – propagandaviy fotosuratlarda siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan holda kuchli ayollar tasviriga katta ahamiyat berilgan. Bu esa mavzuni yanada qiziqarli qiladi.

Yuqorida aytganimdek, suratlarda ko‘proq mustamlakachilikning yutuqlarini ko‘rsatishgan, lekin ko‘pincha O‘zbekistonning modernizatsiyalashuviga misol o‘laroq ayollar ko‘rsatilgan. Ayollarning siyosatga, ayollar ta’limiga jalb etilganini ko‘rsatadigan ko‘plab fotosuratlarni topishingiz mumkin. Ular juda ta’sirli, bir-biriga uyg‘un fotosuratlardir.

Ayollar bir-biri bilan muloqot qilayotgani tasvirlangan kompozitsiyalarda jamoaviy o‘rganish ruhi va avlodlar o‘rtasidagi munosabatlar tasvirlangan.

Ayniqsa, o‘tgan asrning 20-, 30-, 40-yillaridagi ayollar suratlari jamlanmasi ko‘p. Ular haqiqatan ham o‘zbek ayollaridan ijobiy o‘zgarishlar namunasi sifatida foydalanishgan. Shuning uchun ham bu holat Maks Pensonning asarlarida, shuningdek, fotokitoblarda, jurnallar, gazetalar va boshqa fotosuratchilarning ishida juda keng tarqalgan. O‘tgan asrning 30-yillarida O‘zbekistonga kelgan sayohatchilar, chet ellik sayohatchilar ishida ham ayollar tasvirini ko‘rish mumkin. Bu mavzu ular uchun juda qiziqarli va hayratlanarli bo‘lgan va ular gazetalardagi shunday rasmlarni ham yig‘ishgan. Ilmiy ishimni o‘zbek ayollarining fotosuratlarini o‘rganishdan boshlaganman, chunki bu fotolar sayyohlarni qiziqtirgan asosiy elementlardan biri bo‘lgan.

Ta’lim kampaniyasi sovetlar hukumatining dastlabki davrida ustuvor bo‘lgan. Menimcha, bu siyosiy maqsadning bir qismi bo‘lgan, masalan, savodxonlik, har bir kishi o‘qishni o‘rganishi mumkinligiga ilk sovet davrida ko‘proq e’tibor qaratilgan. Buni suratlar orqali hujjatlashtirish ta’lim siyosatining bir qismi bo‘lgan, chunki agar siz biror jarayonni siyosatda ko‘rmasangiz, bu voqea sodir bo‘lmayapti deb o‘ylaysiz. Menimcha, fotografiya siyosatni targ‘ib qilish va buni nafaqat tarixiy voqea sifatida hujjatlashtirish, balki hammani yaxshi o‘zgarishlar sodir bo‘layotganiga ishontirishda juda muhim rol o‘ynagan. Shuning uchun voqealar tinimsiz suratga olinib, ularni gazetalarda ko‘rsatish kerak edi.

O‘ylaymanki, fotografiyaning roli sovet ittifoqining ilk davrida juda muhim vosita bo‘lib, o‘zgaruvchan jamiyatning qiyofasini barchaga keng miqyosda ko‘rsatish, yoyish uchun siyosiy vosita deb ko‘rilgan.

– Aleksandra, siz fotografiya orqali noto‘g‘ri qarashlar shakllantirilganiga ham urg‘u bergansiz. Bu g‘oyani kengroq tushuntirib bersangiz.

– Biz fotosuratlarga ishonamiz, ishonishni xohlaymiz, chunki u hujjatli va texnik reproduksiya natijasidir, bu fotografiyaning asosiy jihati. Biz fotosuratlarga ishonganimiz bilan uning yolg‘on yoki uydirma bo‘lishi mumkinligini ham yaxshi bilamiz. Siz yuqorida etnik guruhlar fotosuratlarini misol keltirdingiz. Etnik guruhlarning 19-asrga oid fotosuratlariga haqida gapiradigan bo‘lsak, 19-asrda etnografik suratga olish amaliyoti juda keng tarqalgan. Bilasizmi, bu – etnik guruhlar o‘rtasidagi farqlarni hujjatlashtirishning fojiali shakli edi. Ammo ba’zida bu farqlar murakkabroq bo‘lib, ba’zida odamlarning o‘ziga xosligi haqiqatan ham to‘g‘ri ko‘rsatilmagan. Manipulyatsiya qilinganini ko‘rsatuvchi bir qancha tarixiy misollar bor.

Sizga go‘yoki hammasi yaxshi bo‘lgandek ko‘rinishi mumkin, lekin haqiqatan voqealar u qadar ijobiy bo‘lmaganini bilamiz. O‘ylaymanki, siz fotosuratda ko‘rgan narsa bilan haqiqat o‘rtasidagi farqni bilmasligingiz, ko‘rayotgan narsangiz rostmi yoki yo‘q bilmasligingiz mumkin, ammo fotosurat haqiqatan nima demoqchiligini tushunishga harakat qilish juda muhim. Buni tarixiy fonda tahlil qiling, bu haqiqatan ham yolg‘on hikoyami yoki bu yaxshilangan jamiyat haqidagi utopik tasavvurmi, bu tasavvurni shakllantirishda kimlar ishtirok etgan – anglashga urinish kerak.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montajchi – Shohruzbek Abdurayimov

Ko‘proq yangiliklar: