Uzbekistan Airports kompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zali qarshisidagi hududga taksilarning kirishi masalasida rasmiy bayonot berdi.
Kuni kecha Raqobat qo‘mitasi bu hududda yagona taksi xizmatining bo‘lishi qonunlarga zidligini ta’kidlab, aeroportga rasmiy talablar qo‘ygani, lekin Uzbekistan Airports bu talablarni rad etib, monopoliyaga qarshi organ bilan sudlashgani va ikkita sudda yutqazganini ma’lum qilgandi.
Uzbekistan Airports o‘z bayonotida yagona taksi xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyani elektron auksion orqali tanlab olganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, 2022 yil avgust oyida e’lon qilingan auksionda talabgorlar uchun bir qator majburiyatlar ko‘zda tutilgan. Xususan, taksi xizmati benzin yoki elektr quvvatida ishlaydigan transport vositalariga ega bo‘lishi (aeroport hududida gaz taqiqlangan), yo‘lovchilardan barcha shakllarda to‘lovlarni qabul qilishi, haydovchilari yagona formada va ozoda ko‘rinishda bo‘lishi, o‘zbek, rus va ingliz tillari asosini bilishi kerak.
Uchta kompaniya ishtirokida o‘tgan auksionda “Bobur Diyor” kompaniyasi g‘olib deb topilgan. Kompaniya belgilangan talablarga muvofiqligi tekshirilgach, u shartnoma tuzilgan va 2022 yil 12 sentabrdan aeroportda “Aeroport Tashkent Taxi” brendi ostida yagona taksi xizmati ish boshlagan.
2022 yil 23 dekabrga kelib, Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airports'ga litsenziyaga ega barcha taksi kompaniyalarining talablarga javob beradigan mashinalariga aeroportga teng kirish huquqini berish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma bergan.
“Vaholanki, bugungi kunda Toshkent shahrida yuzlab taksi kompaniyalari mavjud bo‘lib, ularda minglab turli markadagi, turli yillarda ishlab chiqarilgan, turli holatda va gazda yuradigan avtomobillar mavjud. Aeroport hududiga kirishda ularning toifalangan obektning talablariga muvofiqligini tekshirish shunchaki imkonsiz. Shu munosabat bilan Uzbekistan Airports taksilar bilan bog‘liq vaziyatni bartaraf etish va yo‘lovchilar murojaatlarini inobatga olib, taksi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yagona xizmatni tanlashga qaror qildi. Aks holda, aeroportda tartibni ta’minlashning iloji yo‘q edi”, – deyiladi kompaniya bayonotida.
Uzbekistan Airports shu vajlar bilan Toshkent shahar tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sud 28 martdagi qarori bilan qo‘mita ko‘rsatmalarini o‘z kuchida qoldirgan. 12 iyun kuni kompaniyaning qayta arizasi ham qanoatlantirilmagan.
Ta’kidlanishicha, yaqin kunlarda E-auksion.uz saytida yana uchta – Toshkent xalqaro aeroportining umumiy uchish zalida, CIP uchish zalida va mahalliy aviaqatnovlar terminalida yana bir nuqta ochish bo‘yicha lot joylashtiriladi. Uzbekistan Airports bayonotida sud va qo‘mita bu boradagi qarorni ham hisobga olmagani aytiladi.
Kompaniya yagona taksi xizmati faoliyat ko‘rsatgan yil davomida aeroport va yagona taksi xizmatiga birorta ham shikoyat kelib tushmagani, yo‘lovchilar doim ijobiy fikr bildirayotganini qayd etgan.
“Bir yil oldingi holatga qaytadigan bo‘lsak: ijtimoiy tarmoqlar va turli idoralarga, prezidentning virtual qabulxonasigacha aeroportni tozalash talabi bilan doimiy murojaatlar kelib tushgan. Eski mashinalar, odobsiz haydovchilar, qimmat narxlar, shuningdek, bir necha talonchilik va yo‘lovchilarni kaltaklash holatlari – bugun Uzbekistan Airports bularning barchasini hech bo‘lmaganda o‘z hududidan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Endi yo‘lovchi rasmiy taksi xizmatlaridan foydalanishi yoki taksi agregatorlari Yandex, MyTaxi va hokazolarni eng yaqin avtoturargohga (terminaldan 50-100 metr masofada) chaqirishi mumkin, u yerda esa taksilar uchun 10 daqiqa bepul turish vaqti beriladi”, – deya ta’kidlagan Uzbekistan Airports.
Kompaniya Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan, shuningdek, taksi xizmatlari uchun yangi kompaniyalarni tanlash yo‘li bilan, qo‘mitaning buyrug‘ini bekor qilish uchun murojaat qilmoqchi.
Qayd etish lozim, Uzbekistan Airports o‘z bayonotida qonunlarga murojaat qilmagan. Raqobat qo‘mitasi esa o‘z pozitsiyasini tegishli qonunlar bilan asoslagan edi.
“Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga asosan, tabiiy monopoliya sub’yektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozoridagi raqobatni cheklash uchun tabiiy monopoliya holatidan foydalanish man etilgan.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasi 3-qismi bilan esa, yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi, agar bunday muvofiqlashtirish bu moddaning 1- va 2-qismlarida ko‘rsatilgan oqibatlarga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, taqiqlanishi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi yuqoridagilarga ko‘ra Uzbekistan Airports'ning yagona taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishini noqonuniy harakat deb hisoblagan edi. Qo‘mita shu asosda aeroportdan quyidagilarni talab qilmoqda:
- tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berish;
- yo‘lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan, unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo‘lovchilarni tashish uchun qat’iy belgilangan tariflar qo‘llanishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar “Uzbekistan Airports” AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;
- iste’molchilar uchib kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning 1-qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ham borligi to‘g‘risida xabardor qilinishini ta’minlash;
- aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqish.