Samsung bukiladigan smartfonlarning yangi avlodini namoyish etdi 

Fan-texnika 23:05 / 26.07.2023 66132

Samsung kompaniyasi Samsung Galaxy Unpacked onlayn tadbiri davomida bukiladigan smartfonlarning yangi avlodi - Galaxy Z Fold5 va Galaxy Z Flip5 ni namoyish etdi. Yangi qurilmalar savdosi 11 avgust kuni start oladi. Galaxy Z Fold5 narxi $1,8 ming, Galaxy Z Flip5 narxi $1 mingdan boshlanadi. 

Har ikkala qurilma mukammallashtirilgan Flex Hinge sharniriga ega korpus bilan ta’minlangan. U bukiladigan qismlar orasidagi yoriqlarga barham beradi va ekran ochilganida bukilgan joyining ko‘rinmas bo‘lishini ta’minlaydi. 

Smartfon ramkasi mustahkam alyuminiydan yasalgan va himoyalangan Corning Gorilla Glass Victus 2 oynasiga ega. Shuningdek, smartfonlar IPX8 standarti bo‘yicha namlikdan himoyalangan. 

Galaxy Z Fold4 smartfoni 6,2 dyuymli tashqi displeyga (2316x904) va 7,6 dyuymli ichki (2176x1812) ekranga ega. Ularning yangilanish chastotasi 120 Gs va HDR10+ standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 8 Gen 2 chipi bilan jihozlangan, 12 Gb tezkor va 256 yoki 512 Gb yoki 1 Tb ichki xotiraga, simli va tezkor simsiz quvvatlash imkonini beruvchi ikkita 4400 mA•s akkumulyatorga ega. 

Smartfon teskari quvvatlantirish funksiyasiga ega, u boshqa Samsung aksessuarlarini quvvatlantirish imkonini beradi. Shuningdek, 2 ta SIM-karta bilan ishlaydi (eSIM ham bor). 

Smartfonning old kamerasi 10 Mp, ichki displey 4 Mp ekranosti kamerasiga ega. U faqat foydalanilgan vaqtda «ko‘rinish beradi». Asosiy modul 3 ta qismdan iborat: ultrakeng — 50 Mp, keng burchakli — 12 Mp, teleobektiv — 12 Mp. Galaxy Z Fold5 uchun yangi S Pen stilusi ishlab chiqilgan. U yengilroq vaznga ega, biroq, smartfonda o‘rnatiladigan joyi yo‘q. Uni alohida sotib olinadigan chexolda saqlash tavsiya qilinadi. 

Z Flip5 kompakt smartfoni jiddiy yangilangan. U 3,4 dyuym tashqi ekranga (748x720) va 6,7 dyuym asosiy ekranga (2640x1080) ega. «Raskladushka» ham Snapdragon 8 Gen 2 chipi bilan jihozlangan, ammo faqat 8 Gb tezkor xotira, shuningdek, 256 yoki 512 Gb ichki xotiraga ega. Uning kameralari oddiyroq: old kamera 10 Mp va asosiy ikkita kamera 12 Mp — har ikkalasi 4K videoni suratga oladi. Akkumulyator 3700 mA•s va simli, tezkor simsiz, teskari quvvatlantirish funksiyasiga ega. 

Har ikkala smartfon yangilangan Android operatsion tizimi bilan ta’minlangan. U bukiladigan smartfonlar uchun mo‘ljallangan yangi funksiyalarga ega. 

Ko‘proq yangiliklar: