Yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, maishiy gaz asboblari kanserogen hisoblangan kimyoviy benzolning havodagi miqdorini oshirishi mumkin. U sigareta tutunida ham bor.
Tadqiqot Stenford olimlari tomonidan olib borildi va Environmental Science & Technology jurnalida chop etildi. Unda aytilishicha, «xonada gaz plitalari alangasidan hosil bo‘lgan benzolning konsentratsiyasi passiv chekishdan hosil bo‘ladigan tutunnikidan ham yuqori bo‘lishi mumkin».
Amerika onkologlari jamiyati gaz asboblari bilan bog‘liq asosiy muammolardan biri benzol ekanini uzoq vaqtdan beri ta’kidlab kelmoqda. U bolalarda astma kasalligini, shuningdek, saratonning ayrim turlarini, shu jumladan leykemiya rivojlanish xavfini oshiradi. Yangi tadqiqot esa buni tasdiqlamoqda.
Benzol xona haroratida tez yonuvchi suyuqlik bo‘lib, havoda tez bug‘lanadi va eng ko‘p ishlatiladigan kimyoviy birikmalardan biridir. U plastmassa, yuvish vositalari, pestitsidlar, benzin, sigaret tutuni va boshqalarda uchraydi.
Stenford universiteti olimlari metan va propandan foydalanuvchi 87 ta uyda benzol darajasini aniqlash uchun tadqiqot o‘tkazdi. O‘lchovlar shuni tasdiqladiki, ba’zi uylarda gaz jihozlari o‘chirilganidan keyin ham benzol konsentratsiyasi xavfsiz me’yorlardan yuqori bo‘lgan.
«Agar siz benzol bilan nafas olsangiz, saraton xavfi ortadi», dedi tadqiqot bosh muallifi Hill Kashtan.
Olimlar gaz uskunalaridan foydalanayotgan xo‘jaliklarga uydagi ventilyatsiya tizimini tekshirishni tavsiya qilmoqda. Iloji bo‘lsa, zararli kimyoviy moddalar ta’sirini kamaytirish uchun elektr yoki induksion pechkaga o‘tishni maslahat bermoqda.