Alisher Qodirov kambag‘allikda odamlarning o‘zini aybladi. Doniyor G‘aniyev aporofob bo‘lmaslikka chaqirdi

O‘zbekiston 13:53 / 24.07.2023 40121

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Twitter'dagi sahifasida kambag‘allikning sabablari haqida tvit qoldirdi.

“Xalqaro mezonlarga ko‘ra, 7 yil avval 34 foiz aholi kambag‘al edi, 2023 yilda 14 foizga kamaygan. Kambag‘allik mag‘lubiyatdir! Kim kambag‘al bo‘ladi? Harakati, ilmi, hunari yo‘q odam kambag‘al bo‘ladi!

Davlat qancha harakat qilmasin, mag‘lublar kambag‘al bo‘lib qolaveradi!” – deb yozdi u.

Qodirovning fikrlari tarmoq foydalanuvchilari orasida bahslarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar u kambag‘allarning o‘zini aybdor qilayotganini qoraladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bu borada kinoyali tvit qoldirdi.

“To‘g‘ri, ilmi, hunari yo‘q, dangasa odam kambag‘al bo‘lishi mumkin. Lekin bu hamma kambag‘al shunday degani emas. Xuddi ahmoq odamlar ham deputat bo‘lishi mumkin-u, lekin bu hamma deputat ham ahmoqligini anglatmagandek”, – dedi G‘aniyev.

U Nobel sovrindorlari A.Banerji va E.Dufloning fikrlarini keltirib, odamlar mehnat qilmagani uchun emas, balki ko‘p hollarda “kambag‘allik qopqoni” (ochlik, kasallik, ishsizlik, ta’lim ololmaslik)ga tushib qolishi ortidan qashshoqlikdan chiqolmasligini ta’kidladi.

Doniyor G‘aniyevni qo‘llab-quvvatlaganlar tarmoqdagi bahs ishtirokchilarining katta qismini tashkil qildi. Ammo uni masalaning mohiyatini anglab yetmasdan birovni ahmoqqa chiqargan nodon deb ataganlar ham bo‘ldi.

Alisher Qodirov, G‘aniyevning ismini tilga olmasdan, deputatlar ahmoq bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrni kaltabinlik, qolaversa saylovchiga, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan amaldagi va sobiq deputatlarga nisbatan hurmatsizlik deb baholadi. U kambag‘allar kambag‘allikdan chiqishi uchun o‘zi harakat qilishi kerakligini aytdi.

“Fikr egasining bu xulosaga qanday kelganini so‘rab ko‘rish kerak, chunki uning juda yaqin qarindoshlari ichida o‘z davrining fidoyi deputatlari bor. Har holda insonni ahmoq deyish uchun uni juda yaqindan bilish kerak. Shaxsan men bunday deputatlarni bilmayman.

Takror aytaman, inson yaxshi yashashiga xalaqit beradigan muammolarni yengib o‘tishi kerak. Istasa davlatni, istasa ota-onasini, istasa butun dunyoni aybdor deb bilsin: boy berilgan hayot unikidir! Inson qayerda va qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar, harakati, bilimi va hunari bilangina maqsadiga erishadi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlam butun dunyoda davlatning qaramog‘ida bo‘lishi muhokama mavzusi emas”, – deb yozdi u.

Keyinroq Doniyor G‘aniyev “ahmoq” so‘zini fikrini tushuntirish uchun aytgani, hech bir sobiq yoki amaldagi deputatni to‘g‘ridan to‘g‘ri ahmoqlikda ayblamaganini aytib bayonot berdi.

“Bir paytlar xorijdagi migrantlarimiz “dangasa, noshukr” deb atalib, ulardan jirkanish siyosati targ‘ib qilinganiga ham guvoh bo‘lganmiz. Shukrki, hozirda davlat pozitsiyasi bu borada 180 gradus o‘zgargan. Bugun, hatto, davlat rahbari ham migrantlarni dangasa deb emas, balki zamonamiz qahramonlari sifatida e’tirof etmoqdalar.

Lekin, afsuski, ba’zi fikr egalari (o‘zlari bilib-bilmaymi) haliyam o‘tgan epoxadagi kabi iqtisodiy nochor qatlamlarni kamsituvchi, ularga nisbatan noto‘g‘ri qarashlarni shakllantiruvchi aporofobik siyosat tarafdori ekanini ko‘rish achinarli.

Zotan, mamlakat aholisining 14 foizini (5 mln fuqaro) yoppasiga harakatsizlik, mas’uliyatsizlikda ayblab, ularni o‘z sharoitlariga loyiq deb hisoblash aporofobik diskriminatsiyaning eng klassik ko‘rinishi hisoblanadi.

Xavotirlisi shuki, jamiyatda bu kabi diskriminatsiya, stereotiplarning shakllanishi nafaqat ijtimoiy va iqtisodiy tengsizliklarni yanada kuchaytirishi, balki kambag‘al aholi qatlamining “qashshoqlik tuzog‘i”dan chiqib ketishini ham qiyinlashtiradi.

Xayriyatki, bu kabi jamiyatni bo‘luvchi siyosiy qarashdagilar hokimiyat tepasida emas. Bugun kambag‘allikni qisqartirish eng avvalo inklyuziv ijtimoiy siyosatni ilgari surish, kambag‘al aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlardan (ta’lim, tibbiyot) keng foydalanish imkoniyatini yaratish orqali erishilishini hukumat yaxshi anglab yetgan”, – ta’kidladi Doniyor G‘aniyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kambag‘al fuqarolarga nisbatan kamsitishlarning oldini olishda davlat bilan birga, jamiyat ham birdek mas’ul ekanini unutmaslik kerak.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilanib, 568 ming so‘m etib belgilangandi. Buning ortidan bu miqdorni belgilagan Statistika agentligi va mustaqil iqtisodchi o‘rtasida bahs kelib chiqqandi.

Ko‘proq yangiliklar: