Chevrolet Traverse 2024 va qog‘oz kabi o‘raladigan yangi iPhone – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 20:11 / 22.07.2023 126996

Telegram’da stories’lar

Telegram messenjerida stories – hikoyalar funksiyasi paydo bo‘ldi. Hozircha faqat Premium obunasiga ega foydalanuvchilar stories’larni joylashtirishi va ijtimoiy tarmoqlardagi kabi tahrirlashi mumkin.

Hikoyalarning maxfiyligi saqlanadi: siz storisni kim ko‘rishini o‘zingiz hal qilasiz, boshqalarning storislarini ham yashirib qo‘yishingiz mumkin.

Shuningdek, storisda mashhur ijtimoiy tarmoqlar kabi foto va videolarni tahrirlash, ular ustiga yozish va boshqalarni belgilash imkoni bo‘ladi. Kameradan foydalanishda esa Telegram videoxabarlari kabi ikkita kamerani qo‘llab-quvvatlash xizmati bo‘ladi.

Hikoyaning profilda qolish muddatini ham foydalanuvchining o‘zi belgilaydi: hikoya 6, 12, 24 yoki 48 soatda tugashini yoki doimiy ravishda qolishini tanlash mumkin.

INMO Air2 aqlli ko‘zoynagi

ChatGPT funksiyalariga ega aqlli INMO Air2 ko‘zoynaklari taqdim qilindi. Qurilma to‘rt yadroli ZiGuang ZhanRui protsessori asosida ishlaydi, operativ xotirasi – 2 Gb. Ko‘zoynak displeyi yordamida suhbatdosh nutqini real vaqt rejimida tarjima qilish, video ko‘rish va uni yozib olish mumkin. Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalana olish imkoniyatlariga katta urg‘u berilgan. Xususan, AI’ga istalgan savolni berish mumkin, javoblar esa ko‘zoynakda aks etadi.

 INMO Air2 bir quvvatlanishda 55 soatgacha ishlashi mumkin. Aqlli ko‘zoynakka oldindan buyurtma berish mumkin, bahosi – 599 dollar.

Chevrolet Traverse 2024

Chevrolet Traverseʼning uchinchi avlodi taqdim etildi. Katta krossoverda uch qator o‘rindiqlar saqlab qolingan, tashqi ko‘rinish katta o‘zgarishga uchragan, dvigatel ham yangilangan.

Foto: Chevrolet 

Xaridorlarga avtomobil 7 yoki 8 o‘rindiqli variantda taqdim etiladi. U uch hududli iqlim nazorati, 360 darajali kamera, adaptiv kruiz nazorati bilan ta’minlangan. Audiotizimga esa Bose javob beradi. Rul va dastlabki ikki qator o‘rindiqlari sovuq kunlarda isitish funksiyasiga ega. Shuningdek, parkovka qilish yordam beradigan, orqadagi yo‘lovchidan ogohlantiruvchi funksiyalar ham mavjud.

Ikki ekran o‘rnatilgan: 11 dyuymli va 17,7 dyuymli. Iqlim nazoratini sensor panel orqali boshqarish mumkin.

Eski modelda 3,6 litrlik V6 dvigateli o‘rnatilgandi. Yangilangan model 2,5 litr hajmli 319 ot kuchini beradigan turbomotor bilan jihozlangan. U esa 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. 

Radiator panjarasi, tomdagi reylinglar, shuningdek, moldinglar qora rangda. 22 dyuymli g‘ildiraklar ham shunga monand dizaynda ishlangan. 

Shevrolet Traverse'ning 3-avlodini ishlab chiqarish General Motors’ning Michigandagi zavodida yo‘lga qo‘yiladi. Modelning AQShdagi ilk savdolari 2024 yilning birinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Traverse'ning 2-avlodi O‘zbekistonda rasman 737 730 560 (63,5 ming dollar) so‘mdan sotuvga qo‘yilgan.

Ispaniyada uchar taksi

Germaniyaning Lilium kompaniyasi Ispaniya janubida vertikal tarzda parvoz qiluvchi uchar taksini sinovdan o‘tkazdi. Qurilmada bir vaqtning o‘zida olti nafar yo‘lovchi va uchuvchi joylashishi mumkin.

Umuman olganda, rivojlangan davlatlardagi tirband shaharlarda yo‘lovchilarni tashish, yuk tashish, tez yordam mashinalari uchun uchar mashinalardan foydalanish ustida ishlashmoqda. Xususan, Volocopter, Lilium, Joby Aviation va Airbus kabi kompaniyalar bu borada jiddiy ishlamoqda.

Qog‘oz kabi o‘raladigan yangi iPhone

Amerikaning Apple kompaniyasi iPhone smartfonini xuddi qog‘oz kabi o‘rash imkonini beruvchi texnologiyani patentladi. Tegishli patent AQSh profil byurosi saytida e’lon qilindi. 

Hujjatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, patentga ariza Apple tomonidan 2022 yil noyabrida topshirilgan. Chizmalarda smartfonning o‘raladigan elektron displeyi ko‘rsatilgan. U o‘ralgan ekranni himoya qiladigan yupqa shisha va komponentlarga ega. 

«Displey holatini o‘zgartirishi mumkin: u yoyilgan holda ishlatiladi, tashish va qulay saqlash uchun o‘raladi. Shuningdek, ekranni qisman o‘ralgan holda ham ishlatsa bo‘ladi», deyiladi hujjatda. 

Foto: appleinsider.com

Shuningdek, patent an’anaviy elektron displeylar uchun ekanligi ta’kidlangan. Biroq Apple arizada dizaynni smartfonlar uchun ishlatish mumkinligini alohida qayd etgan. 

Manbada ta’kidlanganidek, Apple ushbu texnologiyadan iPhone smartfonlarini ishlab chiqarishda foydalanmoqchi. Mish-mishlarga ko‘ra, Samsung va Motorola kabi kompaniyalar ham bu borada ishlamoqda. 

O‘zbekistonda Xitoyning JAC avtomobillari ishlab chiqarilishi mumkin

Qarshi shahrida Xitoyning JAC avtomobillari ishlab chiqarilishi mumkin. Qashqadaryo viloyati hokimi Murod Azimov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga tashrifining ikkinchi kuni JAC Mators kompaniyasi faoliyati bilan tanishib, ushbu kompaniya ishlab chiqarayotgan an’anaviy yoki elektromobillarni Qarshi shahrida ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar olib bordi.

Qayd etilishicha, JAC Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida o‘ziga xos nufuzga ega. Kompaniya avtomobillari jahonning 60dan ortiq davlatlarida eksport qilinmoqda. Delegatsiya kompaniya rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvda mazkur investitsiya loyihasi kelgusida viloyatning tashrif qog‘ozi bo‘lishini ta’kidladi. Kompaniya rahbariyati tez orada Qarshi shahriga kelishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: