«Vaqf» fondi yarim yilda amalga oshirilgan xayriya haqida ma’lumot berdi 

Jamiyat 20:41 / 19.07.2023 12974

«Vaqf» xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan xayriya ishlari haqida ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, 2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomida fond tomonidan xayriya, zakot, vaqf mulklari, ziyoratgohlar, diniy tashkilotlar va aksiyalar orqali kelib tushgan mablag‘lar hamda homiylar va hamkor tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan moddiy ko‘rinishdagi ehsonlar bilan qo‘shib hisoblaganda qariyb 16,7 mlrd so‘m xayriya sifatida sarflangan. 

Jumladan:

- Diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish maqsadida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» o‘quv kurslari dars xonalariga 11 dona smart doska uchun – 187 mln so‘m;

- Diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda texnik xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 2,4 mlrd so‘m;

- Diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 141 nafar talabani moddiy qo‘llab-quvvatlash va to‘lov-shartnomasi uchun — 745,6 mln so‘m;        

- Masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 130 mln so‘m;

- 2119 nafar imom-xatibning har biriga bir martalik 5 mln so‘mdan jami 10,6 mlrd so‘m, 192 nafar otinoyining har biriga 3 mln so‘mdan jami 576 mln so‘m;

- Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 1,2 mlrd so‘m, shundan imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bo‘lgan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun – 408 mln so‘m;

- Turli xayriya tadbirlari uchun – 216 mln so‘m;

- Viloyat vakilliklarining ma’muriy harajatlari uchun berilgan moddiy yordam – 70 mln so‘m. 

Bundan tashqari, «Qurbon hayiti–2023» tadbiri doirasida 471 mln so‘m qiymatidagi go‘sht va Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan 25 tonna hurmo bayram sovg‘asi sifatida haqdorlarga yetkazilgan. 

Ichimlik suvi tanqis bo‘lgan turli hududlaridagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida «Vaqf suvlari» loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi quduq uchun 80 mln so‘m fond hisobidan sarflangan bo‘lsa, homiylarni jalb qilgan holda 3 ta artezian qudug‘i qazib ishga tushirilgan. Yana 3 ta hududda qazish ishlari amalga oshirilmoqda.   

Ko‘proq yangiliklar: