Qashqadaryo viloyatida yirik miqdordagi pul evaziga o‘qituvchi va abituriyentlarga “Milliy sertifikat” olib berishni va’da qilgan hokim yordamchisi va uning jinoiy sheriklari ushlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, viloyat pedagoglarni yangi medotikalarga o‘rgatish milliy markazi o‘qituvchisi N.Sh. o‘qituvchi D.X.dan 20 nafar o‘qituvchining oylik maoshiga ustama qo‘shilishini ta’minlovchi va 39 nafar abituriyentga oliy o‘quv yurtiga kirishga imtiyoz beruvchi “Milliy sertifikat” olib berish evaziga 17 700 dollar talab qilib, shundan 6 600 dollarni qo‘lga kiritgan.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, N.Sh. D.X.dan qolgan 11 100 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, N.Sh.ning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda Qarshi shahridagi “T” mahallasida hokim yordamchisi bo‘lib ishlovchi Sh.R. o‘qituvchi va abituriyentlarga qalbaki “Milliy sertifikat” tayyorlab berish evaziga N.Sh.dan 6 600 dollarni olganligi aniqlanib, yana 11 100 dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.