Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jasadi kislotada kuydirilgan Nikolay II: Bolsheviklar Rossiyaning so‘nggi imperatori va uning oila a’zolarini qanday o‘ldirishgandi?
Bundan 105 yil avval, 1918 yil 17 iyul kuni Rossiya tarixidagi eng mudhish ishlardan biri sodir bo‘ladi. Lenin boshchiligidagi bolsheviklar taxtdan ag‘darilgan imperator Nikolay II, uning rafiqasi va farzandlarini qatl etishadi. So‘ng jasadlarga kislota quyilib, ular kuydiriladi va yashirincha ko‘mib yuboriladi. Ommaviy qabrni hech kim topa olmasligi uchun uning usti tekislab tashlanadi.

Foto: alamy.com
Tarixda bor-yo‘g‘i 74 yil hukm surgan sovetlar Yevrosiyoning katta qismida shunchalik ko‘p xunrezliklarni, ommaviy qatag‘onlarni amalga oshirishdiki, ularni sanab adog‘iga yetish qiyin.
Jumladan, 1917-1922 yillar oralig‘ida o‘tkazilgan «qizil terror», 1928-1932 yillar oralig‘ida kollektivlashtirish tufayli qilingan zo‘ravonliklar, 1937 yildan 1953 yil Stalin vafotigacha o‘tkazilgan qatag‘onlar davomida millionlab insonlar qamalgan, o‘ldirilgan va surgun qilingan.
Umumiy hisobda Stalin boshqaruvi paytida (1922-1953 yillar oralig‘i) SSSRda 20 million odam qatag‘on qilingani aytiladi. Sovetlar o‘sha qatag‘onlarni ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan usullar bilan amalga oshirishgan.
Ana shunday dahshatli xunrezliklardan biri Rossiya imperatori Nikolay II va uning oilasi bilan yuz bergan. Bolsheviklar imperator, uning xotini va bolalarini otib o‘ldirib, ularning jasadlarini kislota bilan kuydirishgan.
So‘ng imperator tarafdorlari qabrni topa olmasin deb marhumlarning kuydirilgan jasadlarini cho‘qurga ko‘mib, ustini tekislab yuborishgan.
Barcha ma’lumotlar sir saqlangan, qolversa imperatorni qatl qilgan odamlarning o‘zi ham Stalin davrida qatag‘onga uchrab o‘lib ketgan. Shu sababli Nikolay II va uning oila a’zolari ko‘mib yuborilgan joy oradan 73 yil o‘tib, 1991 yilda topiladi.
Davlat to‘ntarishi va Nikolay II ning taxtdan voz kechishi
Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay II 1894 yilda otasi Aleksandr III vafotidan so‘ng Rossiya taxtiga o‘tiradi. O‘sha paytda u 26 yoshda bo‘lgan. Oradan ikki yil o‘tgach 1896 yilda toj kiydirish marosimi o‘tkaziladi.

Foto: alamy.com
Nikolay II davrida garchi sal avvalroq bobosi Aleksandr II davrida Alyaska amerikaliklarga sotib yuborilgan bo‘lsa-da Rossiya hududi juda bepoyon edi. O‘sha davrda Finlandiya va Polsha ham uning tarkibida edi.
Birinchi jahon urushigacha ham Rossiyada turli muammolar yetarlicha bo‘lgan va ularga qarshi turli namoyishlar, qo‘zg‘olonlar o‘tkazilgan. Biroq urush davrida muammolar yanada kuchayadi.
Oqibatda, Lenin boshchiligidagi kommunistlar xalq orasida targ‘ibotni kuchaytirishadi va yanada ko‘proq odamlarni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘lishadi.
1917 yil 25 fevralda Nikolay II davlat Dumasini tarqatib yuborish haqida manifest e’lon qiladi. Shundan so‘ng Rossiyada davlat to‘ntarishi sodir bo‘ladi va oradan bir hafta o‘tib, 2 mart kuni Nikolay II taxtdan voz kechishga majbur bo‘ladi.
Bolsheviklar imperator va uning oila a’zolarini Tsarskoye Selodagi Aleksandrovsk saroyida uy qamog‘iga tiqishadi. Ular bu yerda 1917 yil 9 martdan 14 avgustgacha yashashadi.

Foto: alamy.com
Keyinchalik Nikolay II ag‘darilgach tashkil etilgan muvaqqat hukumat a’zolaridan biri bo‘lgan Aleksandr Karenskiyning eslashicha o‘shanda bolsheviklar uy qamog‘ida saqlanayotgan sobiq imperatorni qatl etishga juda oshiqishgan.
«O‘sha paytda yuzlab Rossiyaning turli hududlaridan kelgan delegatsiyalarning darg‘azab a’zolari, deputatlar muvaffat hukumatdan Nikolay ikkinchiga o‘lim jazosini berish va uning oilasini Petropavlovsk yoki Kronshtatddagi qal’aga jo‘natib yuborishni talab qilishardi», deb yozgan edi keyinchalik Karenskiy.
Nikolay II ni tezroq o‘ldirish payida bo‘lganlar Moskva kengashi tribunasiga uni qatl etish haqida talabnoma kiritishgan. Biroq talabnoma rad etilgan. Tribunaning bu qaroridan sobiq imperatorni qatl etish tarafdori bo‘lgan shaxslar juda g‘azablanishgan, jazavaga tushishgan.
Uralga surgun
Bir necha oylik uy qamog‘idan so‘ng 1917 yil 14 avgust kuni Muvaqqat hukumat qarori bilan Nikolay II va uning oilasi Tyumen viloyatidagi Tobolsk shahriga surgun qilinadi. Ularni bir guruh askarlar qo‘riqlab boradi.
1918 yil boshida Rossiyada hokimiyat uzil-kesil bolsheviklar qo‘liga o‘tadi. Shundan so‘ng Nikolay II ni ochiq sud qilish masalasi ko‘tarila boshlanadi.
O‘sha paytda Lenin bolsheviklar o‘z zo‘ravonliklari bilan aholining keskin qarshiligiga uchrayotganini, Nikolay II istalgan paytda qo‘zg‘olon boshlashi yoki uning nomidan qo‘zg‘olon boshlansa aholining katta qismi sobiq imperator tomoniga o‘tib ketishi mumkinligini tushunib turardi.
Tarixchi V.Xrustalevning so‘zlariga ko‘ra, 1918 yil bahoriga kelib bolsheviklar Romanovlar sulolasining barcha a’zolarini Uralda yig‘ish rejasini ishlab chiqishadi.
O‘sha paytda Yevropadagi ayrim monarxlar, ular orasida Nikolay II ning qarindoshlari ham bor edi, sobiq imperatorni o‘z mamlakatiga chaqirar va bolsheviklar qatl etishi mumkinligidan ogohlantirar edi.
Jumladan, Nikolay II ning otasi Aleksandr III Britaniyani 1901-1910 yillar oralig‘ida boshqargan qirol Eduarda VII bilan boja bo‘lgan. Ya’ni Nikolay II ning onasi Mariya Fyodorovna va qirol Eduard VII ning rafiqasi Mariya Tekskaya bilan opa-singil bo‘lishgan. Shu sababli Nikolay II o‘z xolavachchasi Georg V (qirol Eduarda VII ning o‘g‘li) bilan juda o‘xshash bo‘lgan. (Georg V 2022 yilda vafot etgan Britaniya qirolichasi Yelizavetta II'ning otasi bo‘ladi)

Foto: alamy.com
Nikolay II taxtdan ag‘darilgach britaniyalik qarindoshlar uni o‘z mamlakatlariga taklif etishadi. Biroq sobiq imperator rad etadi. Qolaversa, bolsheviklar bunga yo‘l qo‘ymasdi.
Boshqa manbaalarda esa teskarisi aytiladi. Ya’ni Nikolay II britaniyalik qarindoshlardan ko‘mak so‘raganda ular rad etishgani.
Sobiq imperator va uning oila a’zolari Rossiyani osonlikcha tark eta olmasin deb (xorijga qochsa bolsheviklarga xavf tug‘dirishi mumkin edi) mamlakat ichkarisiga surgun etishga qaror qilishadi.
Aslida bolsheviklar Romanovlarni qatl etmasdan ham vaziyatni nazorat qilishlari mumkin edi. Biroq Lenin bir paytlar akasining qatl etilgani uchun Romanovlar oilasidan qasd olishni ko‘proq xohlagan bo‘lishi ham mumkin. (Leninning akasi 1887 yilda imperator Aleksandr III ga suiqasd qilishda ayblanib qatl etilgan edi).
1918 yil 1 aprel kuni sovetlarning Butun Rossiya markaziy ijroiya qo‘mitasi sobiq imperator va uning oilasini Moskvaga ko‘chirish haqida qaror qabul qiladi.
Biroq Ural viloyati kengashi rasmiylari bu qarorga e’tiroz bildirishadi. Ular Nikolay II va uning oilasini Yekaterinburgga ko‘chirishni taklif etishadi.
1918 yil 6 aprel kuni sovetlarning Butun Rossiya markaziy ijroiya qo‘mitasi o‘zining navbatdagi qarorini qabul qiladi. Unda Nikolay II va uning oilasini Yekaterinburgga ko‘chirishga rozilik berilgandi. Qarorda podsho va uning oilasini Yekaterinburgda ochiq sud qilish haqidagi band ham bor edi.
1918 yil 26 aprel kuni Romanovlar pulemyotchi askarlar soqchiligida Tobolkdan chiqib ketishadi. Ular 27 aprel kuni Tyumenga, 30 aprel kuni Yekaterinburgga yetib borishadi. Bolalar Tobolskda qolishadi.
O‘sha paytda imperator va uning oilasiga bir qancha shaxslar hamrohlik qiladi. Ular oilaning shaxsiy vrachi, yana biri qizlarga va boshqasi imperatorning o‘g‘liga qarardi. Ikki nafar zobit esa ularga qo‘riqchilik qiladi. Boshqalar ham turli vazifalarni bajarishadi.
1918 yil 23 may kuni Nikolay II ning farzandlari ham Yekaterinburgga yetib kelishadi. Ko‘p o‘tmay sobiq imperator va uning oilasiga xizmat qilayotgan shaxslardan bir guruhi qo‘lga olinadi va otib tashlanadi.
Yekaterinburgda Nikolay II va uning oilasi Ignatev uyi deb nomlangan uyda yashay boshlaydi. Bu yerda ular bilan vrach, oshpaz va yana bir nechta xizmatkor birga yashaydi.
Sobiq imperator va uning oilasi bu yerda 78 kun istiqomat qilishadi. Shu davr mobaynida bolsheviklar doimiy ravishda ularga fitna uyushtirib turishadi.

Foto: alamy.com
Shu jumladan, bir necha marta o‘zini Rus armiyasi zobiti deb tanishtirgan anonim shaxs tomonidan fransuz tilida yozilgan maktublar va unga sobiq imperatorning javob maktublari topiladi. Keyinchalik o‘sha maktublar fitna chiqarish uchun bolsheviklar tomonidan yozilib, sobiq imperator yashab turgan uyga tashlab ketilgani oydinlashadi.
Nikolay II va oila a’zolarining qatl etilishi
1918 yil 12 iyulda imperator va uning oila a’zolarini qatl etish haqida qaror qabul qilinadi. Qarorni Ural viloyati kengashi favqulodda qo‘mitasi chiqargan edi.
1918 yil 16 iyuldan 17 iyulga o‘tar kechasi Romanovlar yashagan uy oldiga harbiylar o‘tirgan yuk mashinasi kelib to‘xtaydi. Ular Ural viloyati ishchi-dehqon armiyasi zobitlari bo‘lishgan.
Harbiylar uyga kirib qorovullarga qatlni ijro etish haqidagi qarorni ko‘rsatib, sobiq imperatorning vrachiga hozir bo‘lishni buyurishadi. Imperator va uning oila a’zolarini uyg‘otib, Yekaterinburgga oqlar hujum qilayotganini, to‘qnashuvlar paytida uy o‘qqa tutilishi mumkinligini aytib barchani yerto‘laga olib tushishadi.
So‘ng bolsheviklar komandiri barchani otib tashlashga buyruq beradi. Shu paytda Nikolay II «Qanaqasiga? Nima uchun?» deya oladi xolos. Ularni tezda otib tashalashadi.
Otib tashlanganlar quyidagilar edi:
● Nikolay II (Rossiyaning sobiq imperatori – 50 yoshda);
● Aleksandra Fyodorovna (Nikolay II ning xotini – 46 yoshda);
● Olga (Nikolay II ning qizi – 22 yoshda, 1895 yilda tug‘ilgan);
● Tatyana (Nikolay II ning qizi – 21 yoshda, 1897 yilda tug‘ilgan);
● Mariya (Nikolay II’ning qizi – 19 yoshda, 1899 yilda tug‘ilgan);
● Anastasiya (Nikolay II’ning qizi – 17 yoshda, 1901 yilda tug‘ilgan);
● Aleksey (Nikolay II ning o‘g‘li – 13 yoshda, 1904 yilda tug‘ilgan);
● Yevgeniy Botkin (oila shifokori – 53 yoshda);
● Ivan Xaritonov (oshpaz – 48 yoshda);
● Aleksey Trupp (oila xizmatkori – 61 yoshda);
● Anna Demidova (imperatorning qizlariga qarovchi ayol – 40 yoshda)
Qatldan so‘ng podsho va uning oilasiga tegishli barcha shaxsiy buyum va boyliklar talon-toroj qilinadi. (O‘sha paytda ularda anchagina tilla taqinchoqlar va qimmatbaho narsalar bo‘lgan)
Harbiylar jasadlarni shahar chekkasiga olib chiqishadi va avval kislota yordamida kuydirishadi. So‘ng yashirincha ko‘mib yuboriladi. Yekaterinburg aholisi podshoning o‘ldirilganidan xabar topadi, biroq uning ko‘milgan joyidan bexabar qoladi.
Ko‘p o‘tmay Ural viloyat kengashi tomonidan Moskvaga telegramma jo‘natiladi. Unda Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay II otib tashlangani va uning oila a’zolari xavfsiz joyga ko‘chirilayotgan paytda halok bo‘lgani haqida xabar qilingandi.

Foto: alamy.com
O‘sha kuni Moskvada sovetlarning Butun Rossiya ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida imperator qatl etilgani, oilasi esa xavfsiz joyda ekani ma’lum qilinadi. Oradan bir kun o‘tib «Izvestiya» gazetasida bu haqda kichik xabar beriladi:
«18 iyul kuni 5-chaqiriq Butun Rossiya ijroiya qo‘mitasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisga o‘rtoq Sverdlov raislik qildi. O‘rtoq Sverdov sobiq podsho Nikolay Romanovning qatl etilganligi to‘g‘risida Ural viloyat kengashidan olingan xabarni e’lon qildi.
So‘nggi kunlarda Qizil Uralning poytaxti Yekaterinburg oqlarning bostirib kelishi xavfi tufayli jiddiy tahdid ostida edi. Shu bilan birga, aksilinqilobchilar tomonidan toj kiygan jallodni sovet hokimiyati qo‘lidan tortib olish maqsadida uyushtirilgan fitna fosh qilindi. Shularni hisobga olib, Ural viloyat kengashi prezidiumi Nikolay Romanovni otib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qildi va bu ish 16 iyulda amalga oshirildi.
Nikolay Romanovning xotini va o‘g‘li xavfsiz joyga jo‘natildi. Maxfiylashtirilgan hukm haqidagi hujjatlar maxsus kurer bilan Moskvaga yuborilgan.
Bu xabarni aytib, o‘rtoq Sverdlov Nikolay Romanovni qochirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan oq gvardiyachilar fosh etilgandan so‘ng podshoning Tobolskdan Yekaterinburgga ko‘chirilishi haqidagi voqeani eslaydi. So‘nggi paytlarda sobiq podshoni xalqqa qarshi qilgan barcha jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish taklifi ilgari surildi va so‘nggi voqealar buni amalga oshirishga to‘sqinlik qilib kelayotgandi.
Butun Rossiya ijroiya qo‘mitasi prezidiumi Ural viloyat kengashini Nikolay Romanovni qatl etish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur qilgan barcha holatlarni muhokama qilib, qo‘yidagi qarorni qabul qildi:
Rossiya ijroiya qo‘mitasi prezidiumi o‘z vakili bo‘lgan Ural viloyat kengashi qarorini to‘g‘ri deb topadi».
Keyinchalik imperator va uning oila a’zolarini o‘ldirish hukmi Ural viloyati kengashi favqulodda qo‘mitasidan emas, Moskvadan, Lenindan bo‘lgani va viloyat kengashi «dohiy»ning buyrug‘ini bajargani haqida gap-so‘zlar ham chiqadi.
Boshqa Romanovlarning taqdiri
Nikolay II ning Romanov familiyasida bo‘lgan juda ko‘p qarindoshlari bor edi. 1917 yil fevraldagi davlat to‘ntarishidan so‘ng podsho taxtdan ag‘darilgach ularning aksariyatining taqdiri ayanchli tugaydi.
Faqat Qrimga qochgan qarindoshlarning ayrimlari tirik qoladi. 1918 yilda ular Qrimda uy qamog‘ida yashab turgan paytida yarimorolni nemislar egallaydi. Shunda paytdan foydalangan Qrimdagi Romanovlarning aksariyati Rossiyadan chiqib ketadi.
Rossiya imperatori Aleksandr II ning ukasi, Aleksandr III ning amakivachchasi knyaz Nikolay Romanov 1918 yilda o‘pka shamollashi ortidan Toshkentda vafot etadi.
Knyaz Gavril Romanovning hayotini yozuvchi Maksim Gorkiy asrab qoladi. Knyaz hibsga olinganidan so‘ng Gorkiy uni xorijga chiqarib yuborish haqida Leninga iltimos qiladi. Shundan so‘ng knyaz xorijga chiqarib yuboriladi.
Nikolay II ning ukasi Mixail Romanov 1918 yil mart oyida Permda o‘ldiriladi. Davlat to‘ntarishidan so‘ng uni shu shaharga surgun qilishgandi.
1918 yil iyul oyida (Nikolay II va uning oilasi ham shu oyda o‘ldirilgandi) Yekaterinburgdan 140 km uzoqlikda joylashgan Alapaysk shahrida Igor Romanov, Konstantin Romanov, Sergey Romanov, Vladimir Paley, Yelizavetta Fyodorovna (Sergey Romanovning xotini) va Ioann Romanovlar o‘ldiriladi.
1919 yilda Petrogradda hibsda saqlanayotgan Pavel Romanov, Dmitriy Romanov, Nikolay Romanov, Georgiy Romanov otib tashlanadi. Ularning aybi Nikolay II ga qarindosh bo‘lgani edi.
Umuman olganda 1917 yildagi davlat to‘ntarishidan so‘ng Nikolay II ga qarindosh bo‘lgan qariyb barcha odam o‘ldiriladi. Sanoqli Romanovlar xorijga qochishga muvaffaq bo‘lishadi. Bugun dunyoning turli davlatlarida yashab kelayotgan va o‘zlarini Nikolay II ga qarindosh deb biladigan Romanovlar ana o‘shalarning avlodlari hisoblanadi.

Foto: pikabu.ru
Jasadlarning yashirincha ko‘milishi
Bolsheviklar imperator va uning oila a’zolarini otib tashlar ekan, bu ishni pinhona bajarishadi. Qatl jarayoni yarim kechada amalga oshirilgani uchun Yekaterinburg aholisi bundan bexabar qoladi.
Bolsheviklar jasadlarni shahar chekkasiga olib chiqib avval kislota bilan kuydirishadi, so‘ng ularni ommaviy qabrga yashirincha ko‘mib ustini tekislab tashlashadi.
Shahar aholisi imperator va uning oilasi qatl etilganidan xabar topganda ularni pinhona tarzda ko‘mib bo‘lishgandi.
Ko‘p o‘tmay Yekaterinburg bolsheviklarga qarshi kurashayotgan «oqlar» tomonidan egallanadi. Ular Nikolay II va uning oila a’zolari shu shaharda qatl etilganini bilishardi.
«Oqlar» imperator va uning oila a’zolari ko‘milgan joyni topa olishmaydi. Shaharni to‘liq tintib chiqishadi, biroq «imperator hazrati oliylari» va uning yaqinlarining qabri topilmaydi.
O‘sha paytda o‘zini Rossiyaning yagona hukmdori deb e’lon qilgan admiral Kolchak Uraldagi podsho tarafdorlari bo‘lgan harbiylarga Nikolay II va uning oila a’zolarining qabrlarni topishni buyuradi.
Bir qancha izquvarlar surishtiruvlarni boshlab yuborishadi. Biroq ko‘p o‘tmay «qizillar» shaharni «oqlar»dan tortib olishadi. Surishtiruv ishlari tugallanmay qolib ketadi.
Fuqarolar urushi tugagandan so‘ng ko‘p o‘tmay SSSRda Stalin hukmronligi boshlanadi. Bu davrda Nikolay II hayotini o‘rganish u yoqda tursin jamoat joylarida uning nomini tilga olish ham xavfli bo‘lib qoladi.
Nikolay II haqida gapirib yurganlarni «Oqlarga sotilgan dushman» sifatida ayblab uzoq muddatga qamashlari yoki hatto o‘lim jazosi berishlari ham mumkin edi.
Shu tariqa imperator va uning oila a’zolari ko‘mib yuborilgan joy SSSR tarqab ketguncha uzoq yillar mobaynida noma’lumligicha qoladi.
1979 yilda rossiyalik geolog A. Avdonin guruhi bilan geologik qidiruv ishlari olib borayotganda Yekaterinburg shahri tashqarisida ommaviy qabrga duch keladi. Tekshirib ko‘rilganda u yerda to‘qqiz kishi ko‘milgani aniqlanadi.
Geologlar bu haqda tegishli tashkilotlarga xabar berishadi. Biroq masalaga KGB aralashadi va ommaviy qabr qayta ko‘mib yuboriladi.
1980-yillar oxirida SSSRda Gorbachyov boshlagan islohotlar tufayli Nikolay II haqida tadqiqotlar boshlanadi. Imperator va uning oila a’zolari ko‘mib yuborilgan joyni qidirish ishlari boshlab yuboriladi.
1991 yilda aynan Avdonin bergan ma’lumotlar asosida imperator va uning oila a’zolari ko‘mib yuborilgan joy topiladi. Tekshiruvlar jarayonida barcha jasadlar ko‘mishdan avval kislota bilan kuydirilgani aniqlanadi.
Shundan so‘ng jasad qoldiqlarini genetik ekspertizadan o‘tkazish uchun xorijiy mutaxassislar chaqiriladi. Bir necha yillik tekshiruvlardan so‘ng 1998 yilda Yekaterinburg yaqinidan topilgan jasad qoldiqlari Nikolay II va uning oila a’zolariga tegishli ekani tasdiqlanadi. Biroq ular orasida Nikolay II ning o‘g‘li Aleksey va qizi Mariyaga tegishli jasadlar yo‘qligi aniqlanadi.

Foto: kommersant.ru
O‘sha yili 17 iyul kuni imperator va uning oila a’zolariga tegishli jasad qoldiqlari Sankt-Peterburgdagi Petropavlovsk xilxonasiga dabdaba bilan dafn etiladi. Uning xotirasi uchun Yekaterinburgdagi imperator yashagan uy o‘rnida cherkov quriladi.
Ommaviy qabrdan chiqmagan Aleksey va Mariyaning jasadi qoldiqlari oradan 16 yil o‘tgach, 2007 yilda topiladi. Ular imperator jasadi topilgan joydan sal nariroqqa ko‘mib yuborilgan ekan. Shu tariqa bolsheviklar Rossiyaning so‘nggi imperatori va uning oila a’zolari boshiga solgan ishlar to‘lig‘icha ochiqlanadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekiston fuqarolari uchun Kanada, Argentina va Avstraliya vizasini olish osonlashishi mumkin
O‘zbekiston | 19:46 / 07.07.2025
Fermerlar yana sinov qarshisida: moratoriylar nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 16:39 / 07.07.2025
2025 yilgi iyun ekstremal quruq oy bo‘ldi – O‘zgidromet
O‘zbekiston | 15:03 / 07.07.2025
O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi
O‘zbekiston | 11:41 / 07.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Jazirama kunlari tez yordamga salkam 250 mingta chaqiriq kelib tushdi
Jamiyat | 14:20
-
Qozog‘istonga boj solgan Tramp, Rossiyada o‘zini otib o‘ldirgan vazir va “Hsh”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan AQSh – kun dayjesti
Jahon | 14:17
-
Netanyahu: Falastinliklarda G‘azoni tark etish imkoni bo‘lishi kerak
Jahon | 14:11
-
Texasdagi suv toshqini qurbonlari soni 104 kishiga yetdi
Jahon | 14:00
Mavzuga oid

13:26
Fransiya: YeI Rossiyaga qarshi eng qattiq sanksiyalarni tayyorlamoqda

13:19
Xarkivda bir sutka ichida dronlar hujumidan 82 kishi jabrlandi

10:05
Rossiyada Stalinni oqlash avj oldi. Kommunistik partiya Xrushchyovning mashhur ma’ruzasini xatoga chiqardi

07:48