«Markaziy Osiyo davlatlari to‘liq erkin savdo rejimini nazarda tutuvchi yangi modelini ishlab chiqishi kerak» – Eldor Aripov

Iqtisodiyot 19:49 / 15.07.2023 31084

Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi prezidenti huzuridagi Ctrategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan «O‘zgaruvchan dunyoda Osiyo: kelajak kun tartibi» mavzusida xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha Markaziy Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan anjumanda mintaqa mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va boshqa davlatlar mutaxassislari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi vakillari, taniqli siyosatchilar va diplomatlar, yetakchi ekspertlar, xususan, dunyoning 25 davlatidan jami 60 ga yaqin delegat qatnashdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ham ishtirok etib,  «Markaziy Osiyoni mintaqalashtirish: yangi model izlab...» mavzusidagi sessiyada ma’ruza qildi.

Ekspert Markaziy Osiyoning keyingi 10 yillik rivojlanishi xususidagi prognozlari bilan o‘rtoqlashib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish  alohida ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratdi.

SMTI direktorining ta’kidlashicha, bugungi kunga kelib, Markaziy Osiyodagi hech bir davlat o‘z taqdirini o‘zi belgilay olmaydi. Aksincha, ayni jarayon mintaqada sodir bo‘layotgan umumiy voqea-hodisalarga bevosita bog‘liq.

Qayd etilishicha, strategik ustuvor yo‘nalishlarni birgalikda kelishish, dolzarb vazifalarni amalga oshirish uchun resurs va mexanizmlarni aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Markaziy Osiyoning kelajakdagi modeli mavzusini muhokama qilar ekan, Aripov bir necha asosiy unsurlarni ajratib ko‘rsatdi:

  • mintaqaviy hamkorlik jarayoniga to‘sqinlik qilayotgan mavjud fundamental kelishmovchilik va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish;
  • o‘zaro manfaatli muloqot va hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur platforma va mexanizmlar yaratish;
  • iqtisodiy hamkorlikning Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida to‘laqonli erkin savdo rejimi shakllantirilishini nazarda tutuvchi yangi modelini ishlab chiqish;
  • jahon miqyosida umumiy manfaatlarni samarali himoya qilish;
  • mintaqa davlatlari va manfaatdor tashqi kuchlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikning muhim sharti sifatida Markaziy Osiyo ochiqligini saqlash.
Ko‘proq yangiliklar: