O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–96-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan turli soha vakillari o‘rtasida intellektual o‘yinlar tashkil etib borilmoqda.
Shu maqsadda 2023 yilning avgust oyida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat intellektual klubi” NNT va Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat va xususiy tibbiyot muassasalari xodimlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida “Zakovat” o‘yini bo‘yicha Ibn Sino kubogini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Musobaqada faqat shifokorlar emas, balki hamshira, feldsher va farmatsevt kabi tibbiyot sohasining boshqa vakillari ham ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, biror tibbiyot muassasasida mehnat faoliyatini olib borayotgan talabalar ham ishtirok etishlari mumkin.
Turnirda ishtirok etish uchun jamoalar Kubok nizomiga 1-ilovada keltirilgan ariza namunasini to‘ldirgan holda, tibbiyot muassasasi rahbari imzosi hamda tashkilot muhri bilan birgalikda shifokor@zakovat.tv elektron pochtasiga ariza yuborishlari kifoya qiladi.
Turnir 2 ta bosqichda bo‘lib o‘tadi:
1-bosqich — hududiy saralash bosqichi;
2-bosqich — respublika bosqichi.
Respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalarga qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.
Musobaqada ishtirok etish bepul. Shuningdek, hududlardan ishtirok etadigan jamoalar a’zolarining Toshkent shahriga kelib-ketish, mehmonxona xarajatlari “Zakovat intellektual klubi” NNT tomonidan moliyalashtiriladi.