Kun.uz muxbiri AQShga safari davomida Kaliforniya universiteti tibbiyot fakulteti professori, asli o‘zbekistonlik Sharof To‘g‘izov bilan suhbatlashdi. 90-yillardagi turg‘unlik va ilm-fanga e’tiborsizlik ortidan AQShga ketgan yosh olim, u yerda o‘z faoliyatini qaytadan boshlaydi hamda bugunga kelib virusologiya va yuqumli kasalliklar sohasi bo‘yicha biologiya fanlari doktori, professor darajasiga yetgan. Sharof To‘g‘izov, shuningdek, shifokor-virusolog, genno-injyener olim bo‘lib, universitetning San-Fransiskodagi bo‘limida ishlaydi.
— Aynan O‘zbekistonda akademik erkinlik yo‘qligiga nima sabab deb o‘ylaysiz?
— Asosiy sabab demokratiyaga o‘tish bo‘lmayotgani. 90-yillar boshida barcha sobiq ittifoq davlatlari demokratiyani tanladi, ammo 30 yildan oshdiki, demokratiyaga o‘tolmayapti. Demokratik davlatga yaqinlik degan gap ham bor, lekin bu unchalik to‘g‘ri emas. Masalan, Janubiy Koreya hech qanday demokratik davlatga yaqin emas, lekin demokratiya ishlab turibdi. Demokratiya bu — siyosiy erkinlik.
Demokratiya uchun birinchi galda erkin fikrlovchi siyosatshunos olimlar va ularga quloq soluvchi hukumat kerak. Va demokratik institutlar ishlashi lozim, shundagina o‘zgarish bo‘ladi. Agar shu narsalar bo‘lmasa, to‘xtab turaveradi. Dunyoda 60-70 foiz davlatda demokratiya ishlamaydi, nomigagina demokratiya ular. Mahalliy hokimliklardan tortib sud tizimigacha erkin saylov bo‘lishi kerak. Hokimliklar, parlament va sud tizimi bir-birini tiyib turuvchi bo‘lishi kerak va aytganimizdek, buning uchun erkin saylov tizimi lozim.
O‘zbekistonga borganimda ko‘p gaplashaman xukumat doirasidagi odamlar bilan. Ularning hammasi biladi nima qilish kerakligini aytishadi ham, lekin amalda hech narsa yo‘q. Bu xarakter faqat O‘zbekistonda emas, boshqa ko‘pchilik davlatlarda ham shunday.
— O‘zbekistondagi olimlarning o‘zi ham akademik erkinlikka harakat qilyaptimi?
— Bu bo‘yicha aniq faktlarni bilmayman. Lekin shunisi ma’lumki, akademik erkinlik uchun avvalo qonun qabul qilinishi kerak, ya’ni xuquqiy asos lozim. Olimlarga xuquqiy kafolat bo‘lmagach, ular qo‘rqadi va gapirolmaydi. Masalan, O‘zbekistonda Zarifboy Ibodullayev degan tibbiyot olimi bor. Pandemiya vaqtida vebinar qilish taklifi bilan chiqqan menga, bir nechta vebinarlar qilganmiz u bilan. O‘sha kishi ko‘p qattiq tanqidlar qiladi sohasi bo‘yicha, ta’lim bo‘yicha. O‘zim bilgan bir vaziyatda uning tanqididan keyin ishlab turgan joyidagi rahbariyat, hamkasblari unga har xil gaplari, «tanbeh»lari bilan bosim o‘tkazgandek bo‘ldi. Ko‘ryapsizmi, hali davlat organlari emas, o‘z atrofidagilar shu ishni qilyapti. Bu deganiki, olimlar akademik erkinlikni tushunmaydi. Amerikada bunday tanqidlar odatiy hol, hech kim taqiq qo‘ymaydi. Bu yerda qaytaga gapirayotgan olimning ish joyi qo‘llab-quvvatlaydi bizning olim deb.
Tarixan O‘zbekiston ilm-fan yurti, markazi bo‘lgan. O‘sha tizimlashtirilgan sovet ittifoqi davrida ham Markaziy Osiyo uchun O‘zbekiston kadrlar tayyorlar edi. Lekin faqat shu akademik erkinlik yo‘lga qo‘yilmayapti. Qachonki erkinlik bo‘lsa, o‘shanda olimlar davlatga yordam beroladi.
— AQShda davlatning tutumlarini tanqid qiluvchi olimlar ko‘p. Ularning faoliyatini esa davlat moliyalashtiradi, shunday bir vaziyatda o‘shanday olimlarni moddiy tomondan qisib qo‘yishga harakatlar bo‘lmaydimi hukumat tomonidan?
— Bu yerda tizim ishlaydi, mexanizm aylanib turibdi, shuning uchun bunday holatlar kuzatilmaydi. Bu tizim birdan o‘rnatilib qolmagan, vaqt kerak bo‘lgan. O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yishga biroz vaqt kerak. Lekin hozir zamon tezlashgan, ma’lumotlar tez almashadi, tez ko‘rib chiqiladi. Biror narsani joriy qilish ham tez amalga oshadi bugunda.
Masalan, Iroqdagi harbiy harakatlar vaqtida Kaliforniya universiteti talabalari, xodimlari prezidentning yo‘lini to‘sib o‘tkazgani qo‘yishmagandi. O‘sha vaziyatda prezident falonchini ishdan ol, deyolmaydi, haqqi yo‘q. Chunki tizim bor bu bo‘yicha. Tanqid bo‘ldimi, o‘zgaradi ham. Bu ham erkin fikrlash masalasi. O‘zbekistonda esa bu narsa maromiga yetgani yo‘q. Mexanizm ham yo‘q.
Butunlay erkin fikrlash bo‘lsa, har kim gapiraveradimi bilganini, degan masala qo‘yishadi. Yo‘q, «qizil chiziq» bor bunda ham, ya’ni qanday? Shundayki, har kim o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy isbotlar bilan gapiradi, aniq misollar keltiradi. Agar noto‘g‘ri yoki yolg‘on gaplarni gapirsa, o‘ziga yomon bo‘ladi, karerasi va unga bo‘lgan ishonch o‘ladi. Olimlar akademik erkinlikning va o‘z fikrlarining mas’uliyatini his qilishadi.
— O‘zbekistondek davlatlar koronavirus pandemiyasi kabi holatlarda qanday yo‘l tutishi kerak, nimalar qilishi lozim?
— Umuman, 10 yillardan beri bu bo‘yicha katta ishlar olib borilyapti. Natijalar shuni ko‘rsatyaptiki, hali tabiatda viruslar zaxirasi juda katta. Virusologiya fani shu paytgacha 600 turdagi viruslarni o‘rgangan. Lekin tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, tabiatda 600 mingdan 1 mlngacha virus turi bor hali. Shu viruslardan 10 mingtasi patogen bo‘lishi mumkin. Viruslarning zaxirasi saqlanishi iqlimga bog‘liq bo‘ladi.
Aholining boshqa kasalliklarga chalingani, viruslar bilan kirishuvchanligi va boshqa statistikalar kerak. Masalan, Amerikada 20 foiz aholi turli darajadagi qandli diabet bilan og‘riydi. Va boshqa kasalliklar ham bor. Taxminan 30 foiz aholida viruslarga qarshi immunitet yaxshi emas. Mana shunday statistikalar kerak davlatga.
Viruslar ko‘payib boraveradi. Oxirgi yillarda 30 ta patogen virus hayvonlardan odamlarga o‘tdi. Amazonka o‘rmonlari qisqaryapti, u yerdagi hayvonlar, ko‘rshapalaklar migratsiya qilyapti, natijada virus tashilyapti. Hayvondan hayvonga o‘tgan viruslar esa o‘zgaradi, xavflilashadi. Yovvoyi hayvonlardan uy hayvonlariga, keyin esa odamlarga o‘tadi. Umuman, iqlim o‘zgarishi davom etaversa, jarayon ketaveradi. Masalan, muzliklar ostida millionlab yil yotgan viruslar bor. Erish natijasida faollashadi ular ham. Oddiy qushlar ham virus tashuvchi bo‘ladi.
O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsak, bu ishlarni bir davlat bo‘yicha qilish qiyin. Mintaqa bo‘ylab yo‘lga qo‘yish va virus o‘choqlarini topish kerak. O‘zbekistonda har yili isish darajasi 7 gradusgacha ko‘tarilar ekan. Bu degani tog‘lardagi qorlar erishi mumkin, adirlik, cho‘l hududlari yanada qurib, u yerdagi hayvonlar immigratsiya qilinishi mumkin. Shu jarayonda yangi viruslar paydo bo‘lishi ehtimoli bor. Shu narsalarni o‘ylab, rejalar, loyihalar qilish kerak. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha shuncha gapiriladi, lekin amalda ish qilinmaydi yoki qilinayotgan ishlar yetarli bo‘lmayapti.
– Kelajakda o‘z faoliyatingizni O‘zbekistonda ko‘ra olasizmi?
— Men doim o‘zimni O‘zbekistondan ayro ko‘rmaganman. Qiyin vaqtlarda, taqiq bo‘lgan paytlarda ham ma’ruzalar o‘tganman. O‘zbekiston bilan bog‘liq loyihalar qilganman.
Prezident tomonidan taklif ham bo‘lgandi, lekin O‘zbekistonda virusologiya bo‘yicha infratuzilma yo‘q. Hujayra biologiyasi bazasi shakllanmagan, texnologiyalar yetarli emas. O‘zbekistonda yaxshi virusologiya markazi tashkil etish uchun eng kamida 100 million dollar kerak. Bunday mablag‘ni davlat berolmaydi hali. Bundan tashqari, viruslar kolleksiyasi, zaxiralari kerak. Agar barcha sharoitlar bo‘lsa men borib ishlayman, albatta. O‘zbekiston — mening ota yurtim, ona yurtim. O‘zim har yili borib turaman.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
19-mart, 2023 yil
San-Fransisko shahri, Kaliforniya. AQSh