JST davlatlar o‘rtasidagi savdo qoidalari bilan shug‘ullanadigan yagona global xalqaro tashkilot sifatida savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralar uchun forum vazifasini bajaradi, o‘z a’zolari o‘rtasidagi savdo nizolarini hal qiladi hamda rivojlanayotgan va qoloq mamlakatlar taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlaydi.
JSTning asosiy maqsadi savdoni liberallashtirish, tovar va xazmatlarning to‘siqlarsiz erkin aylanmasini ta’minlashdir. Tashkilot faoliyati markazida davlatlar tomonidan imzolangan va ularning parlamentlarida ratifikatsiya qilingan JST kelishuvlari turadi.
JST bitimlari keng ko‘lamli faoliyatni qamrab oluvchi huquqiy hujjatlar bo‘lib, ular qishloq xo‘jaligidan tortib xizmatlar savdosi, to‘qimachilik, telekommunikatsiya, davlat xaridlari, sanoat standartlari va mahsulot xavfsizligi, oziq-ovqat sanitariyasi qoidalari, intellektual mulk va boshqa sohalarni o‘z ichiga oladi. Ammo bu hujjatlarning barchasi bir qator tamoyillar asosida qo‘llanadi. Ushbu tamoyillar, shuningdek, ko‘p tomonlama savdo tizimi asosi hamdir.
Shaffoflik, o‘zarolik, samaradorlik bilan bir qatorda kamsitmaslik prinsipi ham JSTning asosiy tamoyillaridan bo‘lib, u eng ko‘p qulaylik beruvchi rejim va milliy rejimga bo‘linadi. Milliy rejim xalqaro huquqda boshqa davlat fuqarolariga o‘z fuqarolari bilan bir xil munosabatda bo‘lish tamoyili bo‘lib, agar davlat o‘z fuqarolariga ma’lum huquq va imtiyozlar bersa, u ayni paytda mamlakatda bo‘lgan chet elliklarga ham teng huquq va imtiyozlarni taqdim etishi kerakligini bildiradi.
JST huquqida milliy rejim sub’yekti faqat xorijiy davlatlar yuridik shaxslari hisoblanadigan eng ko‘p qulaylik beruvchi rejimdan farqli ravishda, chet elliklar va mahalliy aholiga teng munosabatda bo‘lish – import qilingan va mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga teng munosabatda bo‘lishi kerakligini anglatadi. Xuddi shu tartib xorijiy va mahalliy xizmatlarga, xorijiy va mahalliy tovar belgilariga, mualliflik huquqi va patentlarga nisbatan qo‘llanishi kerak. Ushbu «milliy rejim» tamoyili (boshqalarga ham o‘z fuqarolari va/yoki rezidentlari bilan bir xil munosabatda bo‘lish) JSTning uchta asosiy kelishuvida (GATT, GATS, TRIPS) ham o‘z aksini topgan.
JST doirasida, mazmunan milliy rejim – a’zo davlatlar import va «o‘xshash (like product)» mahsulotlar o‘rtasida kamsituvchi rejimni qo‘llamasliklari kerakligini anglatadi (bojxona tariflari o‘rnatilishi bundan mustasno). Ushbu tamoyil orqali mamlakatlarga importga nisbatan kamsituvchi choralarni qo‘llash va tariflar ta’sirini notarif choralar orqali qoplashga yo‘l qo‘ymaydi. Bunga quyidagi holatni misol qilib olsa bo‘ladi, A davlat X mahsulotga bo‘lgan bojxona import tarifini 10 foizdan 5 foizga pasaytiradi, lekin faqat ushbu import qilinadigan X mahsulotga 5 foizli ichki iste’mol solig‘ini qo‘yadi, bu ichki soliq esa tarifning besh foizlik punktiga pasaytirishning o‘rnini samarali qoplaydi.
Shu sababli ham, milliy rejim JST a’zolaridan import qilinadigan mahsulotlarga milliy ishlab chiqarish mahsulotlariga nisbatan qo‘llanganidan kam bo‘lmagan qulay rejim yaratishni talab qilish orqali savdodagi «yashirin» ichki to‘siqlarni bartaraf etishni ham maqsad qiladi.
Yanada aniqroq aytganda, milliy rejim tamoyili «yashirin proteksionizm»ni taqiqlash va tarif to‘siqlariga ekvivalent choralarni taqiqlash uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, JST a’zo davlatlarining tarif va boshqa savdo to‘siqlarini kamaytirish va raqobat sharoitlari tengligini ta’minlash bo‘yicha o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini vijdonan bajarishga qaratilgan. Ammo yashirin proteksionizmni yoki to‘siqlarsiz savdo qoidalarni chetlab o‘tadigan choralarni aniqlash juda qiyin.
Masalan, bizda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va ularning eksportini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, chekka tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish uchun ajratiladigan subsidiyalar va boshqa ko‘rinishdagi davlat moliyaviy ko‘maklari mahsulotlar va xizmatlar bozoriga kirib kelayotgan xorijiy tadbirkorlarning teng raqobatga bo‘lgan huquqlarini buzilishi sanaladi.
Yoki ba’zi ishlab chiqaruvchilarga soliq tizimida differensial imtiyozli tartibni qo‘llagan holda ularni iqtisodiy jihatdan kuchli brendlar ta’siridan asrash amaliyoti, ayrim xizmat ko‘rsatish turlarini faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchungina ochiqligini ta’minlash ham xorijiy ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchiga nisbatan kamsituvchi holatdir.
Ammo, ba’zan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sohasida amalda milliy investorlar, ayniqsa, «chaqaloq sanoat» yoki «chaqaloq tadbirkorlar» deb ta’riflanishi mumkin bo‘lganlar, iqtisodiy jihatdan kuchli transmilliy korporatsiyalar (TMK) kabi xorijiy investorlar bilan solishtirganda iqtisodiy jihatdan noteng ahvolda bo‘lishi mumkin. Bunday «iqtisodiy nosimmetriklik» ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda, milliy investorlarga nisbatan milliy rejimdan istisnolar berish orqali ma’lum darajada moslashuvchanlikni talab qilishi mumkin. Bu istisnolar milliy mentalitetdan kelib chiqib, davlat xavfsizligi talablaridan, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligini saqlashga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Milliy rejim faqat mahsulot, xizmat yoki intellektual mulk obekti bozorga kirgandan keyingina qo‘llanadi. Shu sababli, import uchun bojxona to‘lovini undirish milliy rejimni buzish hisoblanmaydi, hatto mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan ekvivalent soliq undirilmagan taqdirda ham.
O‘zbekiston Respublikasi JSTga a’zo bo‘lishga va shunga mos ravishda JST tizimining asosiy kelishuvlariga qo‘shilishga faol harakat qilmoqda, shu sababli hozirda ushbu tamoyilni o‘rganish, shubhasiz, dolzarb. JSTga a’zo bo‘lishdagi vazifalardan biri milliy qonunchilikni JSTning huquqiy normalariga muvofiqlashtirishdir. Shunday qilib, zamonaviy O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini tahlil qilish, shuningdek, unda milliy rejim tamoyilining o‘rni va roli, uni ikki tomonlama, ko‘p tomonlama shartnomalarda va bir tomonlama tartibda mustahkamlash dolzarb masala sifatida kun tartibida turibdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi GATT (milliy ishlab chiqarishni himoya qilishga qaratilgan ichki soliqqa tortish va boshqa choralar bo‘yicha import va mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlar o‘rtasidagi kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik), GATS (har bir a’zo davlat boshqa har qanday a’zo davlatning xizmatlari va xizmatlarni yetkazib beruvchilariga xizmatlar ko‘rsatishga ta’sir qiluvchi barcha choralarga nisbatan milliy «o‘xshash xizmatlar va xizmatlar yetkazib beruvchi»larga taqdim etganidan kam bo‘lmagan qulay rejimni taqdim etish), TRIPS (har bir a’zo davlat boshqa a’zo davlatlar fuqarolariga intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha o‘z fuqarolariga taqdim etganidan kam bo‘lmagan qulay rejimni taqdim etish, ya’ni intellektual mulk obektlarining nojismoniy xususiyatlarini inobatga olib aynan intellektual mulk huquq egalari – a’zo davlatlar fuqarolari milliy rejim obekti qilib olinadi) va JSTning boshqa shartnomalaridagi milliy rejim bilan bog‘liq normalar bilan uyg‘unlashtirish masalasi bugungi kunda kun tartibidagi asosiy masalalardan biridir.
O‘zbekiston qonunchiligi tashkilotning ushbu prinsipi talablariga muvofiqligini tahlil qilish davomida bir necha qonunchilik hujjatlari, soliq (mahalliy va xorijiy soliq rezidentlariga nisbatan farqlanuvchi soliq tartibi), bojxona qonunchiligi (to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar va tarif preferensiyalari), «Raqobat to‘g‘risida»gi, «Davlat boji to‘g‘risida»gi (rezident va norezidentlarga nisbatan ayni turdagi davlat xizmatini amalga oshirganlik uchun o‘zaro farqli boj stavkalari) qonunlarimiz hamda boshqa qonunosti hujjatlarimizdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va chet el fuqarolari (asosan, yuridik shaxslariga) nisbatan kamsituvchi tartib-qoidalarni nazarda tutuvchi normalari milliy rejimni qo‘llash nuqtayi nazaridan tahlil qilinishi lozim.
Shahnoza Almosova,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi