Joriy yilning dastlabki 6 oyida muomalaga qo‘shimcha 6 trln so‘m naqd pullar chiqarilgan

Iqtisodiyot 13:03 / 13.07.2023 32696

2023 yilning yanvar-iyun oylarida umumiy pul tushumlari 295,4 trln so‘mni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 30,7 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bankning naqd pul muomalasi bo‘yicha sharhida keltirilgan.

Jumladan, umumiy pul tushumlarida terminal orqali tushumlar ulushi 2022 yilning yarim yilligidagi 32,6 foizdan 2023 yilning mos davrida 38,2 foizga o‘sgan. Savdo va xizmatlar sohasidan terminal tushumlari salmog‘i o‘tgan yildagi 37,5 foizdan 40,4 foizgacha oshgan.

2023 yil yanvar-iyun oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 369,7 trln so‘mni tashkil etgani holda, 2022 yilning mos davriga nisbatan 16,9 foizga ko‘paygan. Xususan, banklarga naqd pul tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,8 foizga o‘sib, 182,4 trln so‘mni tashkil qilgan.

Joriy yilning 6 oyida bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar (359,2 trln so‘m) 2022 yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oshgan, ushbu davrda bank kartalaridagi 86,4 trln so‘m mablag‘lar naqdlashtirib olingan. 2022 yilning birinchi yarim yilligida bank kartalarga kelib tushgan mablag‘larning 28,1 foizi naqdlashtirib olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 24 foizni tashkil etgan.

Banklarga tushgan naqd pullarning ularga bo‘lgan talabdan kam qismi Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullarni chiqarish orqali ta’minlab borilgan. Jumladan, 2023 yilning 6 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 6 trln so‘m naqd pullar chiqarilgan va 1 iyul holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 24,8 foizni tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: