Jahon fabrikasining motori yangi kuch bilan ishga tushgandi, ammo oradan olti oy o‘tgach, u yana ishdan chiqa boshladi. Xitoyliklar pul sarflamayapti, biznes rivojlanmayapti, G‘arb bilan ziddiyat esa xorijiy investorlar va savdo sheriklarini qo‘rqitmoqda. Iqtisodiy o‘sishning eski retseptlari ishlagani yo‘q, yangi to‘plamlar esa juda cheklangan.
Bu Si Jinping uchun ham, yildan yilga hayoti yaxshilanishiga o‘rganib qolgan xitoyliklar uchun ham, AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan Xitoy iqtisodiyotiga qaram bo‘lgan butun dunyo uchun ham yomon yangilik.
Va ayniqsa, Ukrainaga hujum qilgan Rossiya uchun Xitoyning turg‘unlikka uchrashi juda yoqimsiz. Eng kamida to‘rtta sabab tufayli.
Birinchidan, Xitoy dunyodagi yirik energiya resurslari sotib oluvchisi va uning muammolari Rossiyaning asosiy eksporti bo‘lgan neft narxini pasaytirmoqda. Moskva ixtiyoriy ravishda neft ishlab chiqarishni qisqartirishga va o‘zi boshlagan urush sabab joriy qilingan G‘arb sanksiyalari oqibatida shundoq ham cheklangan daromadining yana bir qismidan voz kechishga majbur.
Ikkinchidan, Ukrainaga bosqindan keyin Rossiya so‘nggi o‘n yilliklardagi rivojlanishiga asos bo‘lgan G‘arb bozorlari, texnologiyalari va investitsiyalariga kirish imkoniyatini yo‘qotdi. Kreml endilikda Xitoy ularning o‘rnini bosishiga, umid qilmoqda. Demak, Xitoyning muammolari — Kremlning ham muammolaridir.
Uchinchidan, Xitoy iqtisodiyotining asosiy tormozlaridan biri AQSh bilan olib borilayotgan savdo va texnologik urushdir. Si Jinpingning yangi yo‘nalishi aynan ushbu to‘siqni bartaraf etish yoki hech bo‘lmaganda oqibatlarini yumshatishga qaratilgan. Rossiya bilan har qanday yaqinlashuv va Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlash amerikaliklarga Xitoyga bosimni kuchaytirish va Si Jinpingning Xitoy tovarlari uchun asosiy bozor bo‘lgan Yevropa Ittifoqi bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish sa’y-harakatlarini murakkablashtirish uchun ko‘proq dalillar beradi.
Va to‘rtinchidan, urush Yevropada inqirozni keltirib chiqardi va Yevropa davlatlarida Xitoy mahsulotlarini sotib olish uchun pul kam qoldi, bu esa Pekin eksportini kamaytirdi. Eksport — investitsiya va iste’mol bilan birga iqtisodiyotning uchta asosiy dvigatelidan biridir. Rossiya bosqinining har bir kuni Xitoyga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘qotishlar keltirmoqda.
Mo‘jiza turg‘unlikka uchradi
Xitoyda juda qat’iy lokdaun amal qildi. U bekor qilingach, mamlakat jonlandi. Ammo mo‘jiza sodir bo‘lmadi.
So‘nggi haftalar statistikasi shuni ko‘rsatdiki, xitoyliklar pul sarflashga, biznesga sarmoya kiritishga shoshilmayapti. Ichki turizm tushkunlikka uchragan, aholi daromadlari ortidan kvartiralar va avtomobillar savdosi ham pasaymoqda.
Sanoatda ishbilarmonlik faolligi ketma-ket uchinchi oy susaymoqda, hattoki xizmat ko‘rsatish sohasidagi jonlanish ham yoz yaqinlashganda qulashga aylandi. Yuan kursi tushib bormoqda va allaqachon 15 yil oldingi darajaga yetdi.
«Nol-kovid» siyosati tugatilganidan olti oy o‘tgach, iqtisodiy tiklanish haqidagi dastlabki taxminlar oshirib yuborilgani tobora aniq bo‘lib bormoqda», deydi AQShning Xalqaro aloqalar bo‘yicha kengashi vakili Yanchjun Huan.
Si Jinping boshchiligidagi Kommunistik partiya xavotirga tushgan, ammo ularda vaziyatni o‘nglashning tez va oson retseptlari yo‘q.
Si iqtisodiy o‘sishni qayta qurishlarsiz tezlashtira oladimi? Bu savolga javob berish uchun Xitoy iqtisodiyoti nima uchun turg‘unlikka uchrayotganini aniqlash lozim.
Xitoy mo‘jizasiga nima xalaqit bermoqda?
Muammolar ro‘yxati juda uzun, ammo iqtisodchilar va mutaxassislar eng ko‘p tilga olayotgan muammolar quyidagilar.
Ishonchsizlik. Xitoyliklar yashash yaxshilanayotganiga ishonmaydi. Xitoydagi karantin dunyoning qolgan qismiga qaraganda ancha uzoqroq va qattiqroq bo‘ldi; uning chandiqlari chuqurroq va shuning uchun u sekinroq bitadi. Aholi daromadlari pandemiyadan oldingi davrdagidek o‘smayapti. Odamlar kelajakka qo‘rquv bilan qaraydi va hukumatga ishonmaydi, ular pul sarflagani yo‘q, balki qora kunlar uchun yig‘moqda yoki qarzlarini to‘layapti.
Biznesda ham shu holat. Milliarderlarning koviddan oldingi ta’qiblar qoldirgan «yaralari» bitmagan, kompaniyalar rivojlanishga sarmoya kiritishga shoshilmayapti.
G‘arb bilan ziddiyat. Xitoy G‘arbning kichik savdo sherigi sifatida globallashuv orqali boyib ketdi va ikkinchi jahon iqtisodiyotiga aylandi. Si Jinpingning mamlakat ichida avtoritar rahbar sifatida o‘ziga ishonchi ortdi va jahon sahnasida ham o‘zini muhim shaxs deb hisoblay boshladi. Birgalikdagi rivojlanish dunyo liderligi uchun raqobatga almashtirildi, natijada G‘arb Xitoy bilan savdo va texnologik urushga o‘tdi. Ajralish endigina boshlandi va yangi dunyo tartibi qanday bo‘lishi hozircha noma’lum.
«Vaqt o‘tishi bilan har ikki tomon xuddi sovuq urush davridagi AQSh va SSSR kabi yangi voqelikka moslashadi va hamkorlik uchun maydonni kengaytiradigan yangi qoidalarni ishlab chiqadi, deya umid qilish mumkin», deb yozadi Yanchjun Huan.
Kamayib borayotgan G‘arb investitsiyasi. Ziddiyat xorijiy kompaniyalarni qo‘rqitmoqda. Ular allaqachon kiritilgan cheklovlar tufayli yoki kelajakda Ukraina yoki Tayvan sabab joriy qilinadigan sanksiyalardan cho‘chib, Xitoyga sarmoya kiritishga shoshilmayapti. G‘arb kompaniyalari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yangi joylarni qidirmoqda va pul Hindiston, Vetnam, Misr, Turkiya va Meksikaga ketmoqda.
Xitoy nafaqat to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni, balki portfel investitsiyalarni (qimmatli qog‘ozlar orqali investitsiya) jalb qilishi ham qiyin, chunki Xitoydan pulni erkin olib chiqish mumkin emas, chet elliklar uchun Xitoy moliyaviy vositalariga kapital joylashtirish cheklangan va ularning foydaliligi ko‘plab rivojlangan mamlakatlardagiga qaraganda ancha past, jumladan AQShdan.
O‘sishning oldingi manbalari (deyarli) tugadi. Iqtisodiyotning tiklanish davri o‘sishi yakunlandi. Urbanizatsiya va sanoatlashtirishning dividendlari to‘landi, mehnatga layoqatli aholi sonining jadal o‘sishi allaqachon o‘tmishda qoldi.
Xitoy iqtisodiyotining uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan strukturaviy buzilishlarini tuzatib bo‘lmaydi. Ko‘chmas mulk bozori hali ham inqirozda, tug‘ilish darajasi pasaymoqda va yoshlar ishsizligi, aksincha, ortib bormoqda. Mehnat unumdorligi anchadan buyon oldingi sur’atda o‘sayotgani yo‘q.
«Si Jinpingning avtoritarizmi aybdor», deya hisoblaydi Bruegel tadqiqot markazi ekspertlari.
«Jinping hukmronligining birinchi o‘n yilligida bozor islohotlari to‘xtab qoldi va davlatning iqtisodiyotdagi roli kuchaydi», deb yozadi Bruegel ekspertlari. Ularning xulosasiga ko‘ra, Si hokimiyatni mustahkamlash va Kommunistik partiya rolini kuchaytirish yo‘lidan iqtisod va umuman jamiyatga kengroq erkinlikka berish yo‘li tomon haqiqiy burilish qilishga tayyor emas.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi esa Xitoyning G‘arb bilan ziddiyatini ham, chet el sarmoyalari defitsitini ham, inqirozga uchragan Yevropaga eksport hajmining kamayishini ham kuchaytirmoqda. Bundan tashqari, Putinning Yevropa Ittifoqiga qarshi boshlagan «gaz urushi» yevropaliklarga, strategik tovarlar yetkazib beruvchilarga qaramlik nimaga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Endi ular tuxumlarini turli savatlarga solib (mashhur ingliz hikmati, agar tuxumlar bitta savatga solinsa va savat tushib ketsa ularning bari yoriladi, biroq tuxumlar turli qutilarga solinsa, bir qismi saqlanib qolishi ehtimoli yuqori bo‘ladi), Xitoyga muqobillarni qidirmoqda.
Bu muammolarning barchasi iqtisodiy o‘sishning asosiy dvigatellari — eksport, xususiy investitsiyalar va iste’mol oqsashiga olib kelmoqda.
Bozor va siyosat islohotlari mavjud bo‘lmagan paytda, bu motorlar iqtisodiy o‘sish sekinlashuvining oldingi epizodlarida bo‘lgani kabi, davlat investitsiyalari va subsidiyalar orqali rag‘batlantirilishi mumkin. Iqtisodchilar va biznes birgalikda Xitoy rasmiylarini bunga chaqirmoqda va hukumatning o‘zi ham davlat ko‘magisiz iqtisodiyot jonlanmasligini tan olmoqda.
Kommunistik partiya qaysi yo‘lni tanlashi Siyosiy byuroning iqtisodga bag‘ishlanuvchi iyuldagi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum bo‘lishi mumkin. Biroq, imkoniyatlar juda cheklangan.
Iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun qarz olish qiyinlashmoqda. Markaziy va mintaqaviy hokimiyat organlarining qarzlari yalpi ichki mahsulotning 100 foiziga yaqinlashyapti, bu esa Xitoy rivojlanish darajasiga ega bo‘lgan mamlakatlar uchun noodatiy hol.
Qolaversa, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining avvalgi bosqichlari sanoat va uy-joy qurilishida iqtisodiy pufaklarga (spekulyatsiya orqali narxlarni sun’iy oshirish, bunda narxlar xuddi pufak shishgani singari ko‘tarilib, shu bilan birga zaiflashib boradi va qachonki spekulyatsiya cho‘qqiga chiqsa pufak yorilib ketadi va narxlar keskin arzonlaydi) aylanib ketdi, o‘shanda hukumat iqtisodiyotni zamonaviy relsga o‘tkazish uchun ishlab chiqarishni emas, balki iste’molni rag‘batlantirishga harakat qildi.
Biroq, an’anaviy usul — Markaziy bank stavkalarini pasaytirish endi iste’mol o‘sishiga olib kelmaydi, chunki xitoyliklar depozitlar bo‘yicha mikroskopik (kichik) daromadga o‘rganib qolgan va depozitni foyda uchun emas, balki kelajakda qariganda, kasal bo‘lganda yoki farzandlari ta’limiga mablag‘ yetmaganda davlat yordam bermasligidan qo‘rqib saqlaydi.
«Xitoy davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning har bir yangi bosqichida xarajatlar ortib boradigan, samaradorlik esa, aksincha kamayib boradigan doiraga tushib qoldi», deya yozadi London iqtisodiyot maktabi professori Kyu Jin.
«Biz Xitoy iqtisodiyoti kelajakda sekinlik bilan o‘sishiga tayyor bo‘lishimiz kerak, chunki hozir u sanoatlashtirishdan innovatsion iqtisodiyotga o‘tish davrini boshdan kechirmoqda», degan Jin Bloomberg nashri bilan suhbatda.
Xitoy AQShni quvib o‘ta oladimi?
Xitoy chorrahada turibdi. Bir yo‘l jahon yetakchiligiga olib borsa, ikkinchi yo‘l XX asrning oxiridagi Yaponiya inqirozi misolidagi turg‘unlikka eltadi. Avvalgi Osiyo «ajdarhosi» (Yaponiya) bu inqiroz oqibatlarini hali bartaraf eta olgani yo‘q.
Bir so‘z bilan aytganda, Xitoy hukumati hozirgi iqtisodiy o‘sishdan norozi emas, chunki u hozircha bu yil uchun rejalashtirilgan 5 foizdan oshadi. Biroq, iqtisodchilar «Kovid 2022»ning past qiyosiy bazasini hisobga olgan holda bu rejani kamtarona deb atadi.
Bularning barchasi Xitoyning dunyodagi kelajakdagi o‘rniga bevosita aloqador.
«Bir necha yil oldin, Xitoy yaqin kelajakda AQShdan o‘zib ketmaydigan va dunyodagi eng yirik iqtisodiyotga aylanmaydigan vaziyatni tasavvur qilish qiyin edi. Endilikda ushbu muhim geosiyosiy voqea hali beri sodir bo‘lmasligi deyarli aniq va hatto bu umuman sodir bo‘lmaydigan ssenariyni ham tasavvur qilish mumkin», deydi Bloomberg Economics bosh iqtisodchisi Tom Orlik.
Yevropaning Bruegel markazi iqtisodchilari ham xuddi shunday fikrda.
«Xitoy, katta ehtimol bilan, o‘rtacha daromad tuzog‘idan chiqadi, ammo iqtisodiyot hajmi bo‘yicha AQShdan o‘tib ketishi dargumon», deb yozadi ular. Bruegel mutaxassislari Xitoy iqtisodi 2035 yilga borib Amerika iqtisodiyotini quvib yetishini, ammo shundan keyin ular izma-iz ketishini taxmin qilgan.
Ularning fikriga ko‘ra, Xitoyning asosiy zaxiralari — tug‘ilish darajasini oshirish bo‘yicha davlat siyosati orqali erishiluvchi demografik yutuq hamda avtomatlashtirish va sun’iy intellektga katta sarmoya kiritilishi tufayli qo‘lga kiritiluvchi texnologik yutuqdir.
Bu boradagi yutuqlar Xitoyga tezkor iqtisodiy o‘sish yo‘lidagi ba’zi ichki to‘siqlarni olib tashlash imkonini beradi. Ammo bu faqat ishning yarmi.
Hozirgi inqirozning tashqi sabablarini bartaraf etish uchun Si Jinping va uning vazirlari G‘arb bilan til topishishi kerak bo‘ladi. Ular bu borada allaqachon nimadir qilmoqchi ham.
Shu hafta Xitoy bosh vaziri Li Syan hukumat va xorijiy kompaniyalar bir-birini yaxshiroq tushunishlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanalini ochishga va’da berdi. Uning savdo vaziri Van Ventao esa G‘arb farmatsevtika gigantlari bilan uchrashib, biznes muhitini yaxshilash imkoniyatlarini muhokama qildi.
Bosh vazir Li ham, rais Si ham bir necha bor jahon iqtisodiyotining parchalanishiga qarshi chiqishgan. Vaziyat yangi «sovuq urush»gacha bormasligiga umid kovid pauzasidan keyingi yuqori darajadagi aloqalar ko‘payishi bilan mustahkamlandi.
Bahorda Si Pekinda birin-ketin turli Yevropa yetakchilarini – Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Yevrokomissiya rahbarlarini qabul qildi. Yozda esa amerikaliklar bilan uzoq kutilgan shaxsiy aloqalar tiklandi.
Birinchi bo‘lib, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va 6 iyun kuni Moliya vaziri Janet Yellen Pekinga tashrif buyurdi. Ulardan keyin Oq uyning iqlim bo‘yicha vakili Jon Kerri ham Chin o‘lkasiga keladi.
Muloqot qayta tiklandi, ammo hamma AQSh prezidenti Jo Bayden bilan asosiy uchrashuvni kutmoqda. Agar Si noyabr oyida San-Fransiskoga, Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi tashkiloti sammitiga kelsa, bu voqea yuz berishi mumkin.
Ammo hatto o‘shanda ham, Si Baydenni markazida Xitoy bilan iqtisodiy, siyosiy va harbiy sohalardagi raqobat turuvchi AQSh tashqi siyosati konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishga ko‘ndira olishi yoki ko‘ndirishni xohlashi dargumon. Ayniqsa, agar u Putinni qo‘llab-quvvatlashda davom etsa.