Yoz fasli kelishi bilan belgilanmagan joylarda cho‘milib cho‘kish holatlari ko‘p uchraydi. Bir kasb egalari cho‘kkan insonni izlab topish barobarida o‘z jonlarini xatarga qo‘yadi. Ular – qutqaruvchi g‘avvoslar. Cho‘kkanlarni qidirish jarayoni, ushbu kasbning mashaqqatlari, o‘ziga xosliklari haqida Kun.uz muxbiri namanganlik g‘avvoslar bilan suhbatlashdi.
Sherali Toshpo‘latov Namangan FVB suvda qidiruv-qutqaruv komandiri, 2002 yilda shu sohadagi xodimlarga havas qilib qutqaruvchilik kasbini tanlaydi. Avvalida g‘avvoslik unga mashaqqatli, o‘lgan insonlarni izlash taraflari esa biroz qo‘rqinchli tuyuladi. Ilk qutqaruv ishidagi holat esa bu ishda qaytib ishlamasligiga qaror qilishigacha olib kelgan.
“Ilq qidiruv kunimda cho‘kkan jasad yuzi yuzimga qo‘qqisdan to‘g‘ri kelib qolgan, qo‘rqib suvdan chiqib ketganman. Shunda o‘ylaganman, bu ish menga emas ekan deb”, – deya ilk ishini eslaydi Sherali Toshpo‘latov.
Oradan bir oz vaqt o‘tib bir oiladan cho‘kkan uch kishini topib chiqadi va shundan so‘ng qo‘rquvni yengib, ishiga qiziqishi ortadi. Yigirma yildan oshibdiki, cho‘kkan insonlarni qidirish, topish bilan shug‘ullanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘avvoslikda hamma ham ishlab ketolmaydi. Kimdir tayyorlov jarayonida, 5-6 metr suv ostiga tushiboq bu sohani tark etadi. Kimdir bo‘lsa ilk jasadni ko‘rganda, jasad olib chiqish jarayoniga guvoh bo‘lib bu ishda ishlashdan bosh tortadi. Daryo va kanallarga tushib jasad qidiradigan g‘avvos tayyorlash uchun kamida 3-5 yil vaqt ketadi.
Suv osti boshqa bir olam, u yerda xato qilish badali inson hayoti bilan to‘lanadi. Shu sababli ham g‘avvoslar suv ostida o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi. Masalan, shimoliy Farg‘ona kanali daraxtlar ildizi bilan to‘la. Bu holatda g‘avvos osongina daraxt ildiziga o‘ralashib qolishi mumkin. Bundan tashqari baliqchilar tashlab ketgan to‘rlar ham g‘avvoslarning dushmani. Unga ham o‘ralashib qolish hech gap emas.
Tajribali g‘avvosning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda cho‘kishlar asosan spirtli ichimlik ichib cho‘milish oqibatida, ma’lum qismi esa oshna-og‘aynilarning bir-biri bilan “shu joydan shu joygacha suzib borolaman yoki borolmaysan” deya garov boylashlari orqasidan sodir bo‘lgan. Cho‘kishlarning atigi 10 foizi esa baxtsiz hodisalar oqibatida yuz bergan.
Sherali Toshpo‘latov suv hech kimni ayamasligini ta’kidlaydi. O‘ziga ishonib, do‘stlari bilan garov bog‘lab, spirtli ichimliklarni daryo va kanallar bo‘yida ichib cho‘milish oxiri o‘lim bilan tugashi mumkin.
Hayot ne’mati insonga omonat berilgan ekan, belgilanmagan joyda spirtli ichimlik ichib, bir biri bilan garov bog‘lab cho‘milish va o‘z jonini xatarga qo‘yish bu omonatga xiyonat qilgandek gap. O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang, maxsus suzish havzalarida cho‘miling.
Tohirjon Tursunov