NATO yetakchilari Litvada yig‘ilmoqda. Vilnyus sammitidan nimalar kutish mumkin?

Jahon 19:49 / 10.07.2023 13698

Dushanba kuni tushdan keyin Vilnyusga alyansdagi katta to‘rtlik yetakchilari kelishi kutilmoqda - Jo Bayden, Emmanuel Makron, Olaf Shols va Rishi Sunak.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hozircha sammitdagi ishtirokini tasdiqlamagan. U bir necha bor sammitga faqat NATO yetakchilari uchrashuvi chog‘ida Ukrainaga alyansga qo‘shilish taklifi berilishi sharti bilan borishi mumkinligini aytgandi, ammo unga hech kim bunday kafolat bermadi.

Avvalroq Jo Bayden NATOning ayrim a’zolari urushning avj pallasida Ukrainani o‘z saflariga qabul qilish imkonsiz deb hisoblayotganini, ammo bu uni keyinroq qo‘shilishga taklif etish imkoniyatini soqit qilmasligini aytgandi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini davom etayotganiga 500 kundan oshdi. Shu yil may oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshidan buyon g‘arblik ittifoqchilar – AQSh, YeI va NATO – Kiyevga insonparvarlik, harbiy va moliyaviy yordam sifatida 165 mlrd dollar ajratgan.

Ammo, dam olish kunlari NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ta’kidlaganidek, Vilnyusdagi sammitda Rossiyaga yanada aniqroq signal yuboriladi.

BBC’ning Yevropa bo‘limi muharriri Katya Adler sammit arafasida alyansning shaxsi sir qolishini so‘ragan yuqori martabali vakillari bilan bu qanday signal bo‘lishi mumkinligi borasida gaplashdi. NATO o‘zini keyingi harbiy va boshqa yordamlarda cheklaydimi yoki yanada qat’iyroq qadamlar kutish mumkinmi?

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, sammit davomida asosan beshta mavzu ko‘tariladi.

1. Strategik matonat

Rossiya aniq bilishi kerak: G‘arb holdan toymaydi va Ukrainaga qiziqishini yo‘qotmaydi. Kiyevga yordam oqimi qisqarishini kutish o‘rinsiz.

«Biz [Kiyevga] borgan sari muhim harbiy yordamlarni yetkazib beryapmiz va Moskva bu davom etishini tushunishi kerak», degan diplomatlardan biri.

BBC muxbirining so‘zlariga ko‘ra, uni suhbatdoshlari Ukrainaning qarshim hujumi kutilganidan sekinroq kechayotganini xotirjamlik bilan qabul qilgani hayron qoldirgan.

Aftidan, NATOdagilar shu kunlarda «bu Hollivud emas, urush ekani va barchasining o‘z mavridi kelishi»ni aytgan Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverlining fikriga qo‘shiladi.

2. Mudofaa kompleksi

Uzoq cho‘zilayotgan harbiy harakatlar fonida, Vilnyusda muhokama qilinajak asosiy mavzulardan biri Yevropa harbiy sanoati sur’atlarini oshirish bo‘ladi, bu esa Ukrainani barcha zarur narsalar bilan ta’minlash Yevropa Ittifoqi davlatlarining mudofaa imkoniyatlarini kerakli darajada saqlab qolish imkonini beradi.

Shuningdek, NATO rahbariyatidagilarning aytishicha, Ukraina oladigan qurollar va yetkazib berish sur’atlari bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirishga ehtiyoj bor.

Hozirgi vaqtda NATOning har bir mamlakati o‘z yordamini o‘zi belgilagan muddatlarda yubormoqda va Ukraina turli modellardagi zirhli texnikalar, tanklar va boshqa qurollar bilan ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda, bu esa u qadar samarali bo‘lmaydi.

3. Kiyev uchun xavfsizlik kafolati

Ukraina hozircha NATO a’zosi emasligini inobatga olgan holda, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya va Germaniya hozirning o‘zida Kiyevga xavfsizlik kafolati taqdim etadigan «xohlovchilar koalitsiyasi»ni shakllantiradi.

Reja tafsilotlari sammit dasturi doirasida muhokama qilinadi. Uning mualliflari boshqa mamlakatlarni koalitsiyaga qo‘shilishga taklif etadi.

4. Ukraina-NATO kengashi

NATO sammitining ikkinchi kunida yaqinda tuzilgan NATO-Ukraina Kengashi chaqiriladi, bu Kiyev va alyans o‘rtasida yanada yaqindan hamkorlik qilish uchun platforma sifatida ishlab chiqilgan va u orqali Ukraina NATO resurslaridan kengroq foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Agar prezident Zelenskiy baribir sammitga kelmaslikka qaror qilsa, bu punkt bo‘yicha juda noqulay vaziyat yuzaga kelishi mumkin, deya yozadi sammitni yoritish uchun Vilnyusda bo‘lib turgan Katya Adler.

5. Ukraina uchun tezlashtirilgan tartib

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, NATO katta ehtimol bilan Kiyevni alyansga a’zo bo‘lish tartibining odatda har bir nomzod o‘tishi majburiy bo‘lgan bosqichlaridan biridan xalos etishi mumkin. Gap «A’zolik yo‘lidagi harakatlar rejasi» deb nomlangan hujjat tuziladigan va kelishiladigan bosqich haqida bormoqda.

NATOdagi birdamlik

Sammit xavfsizligini ta’minlash uchun NATO a’zolari Litva havo kengliklarini yopishgan
ANADOLU AGENCY

BBC muxbirining so‘zlariga ko‘ra, sammit arafasida NATO doiralarida Ukraina masalasida to‘la birdamlik hukm surmoqda. Vilnyusda muzokaralar stoliga o‘tiradigan har bir kishi Ukrainani qisqa muddat, o‘rta muddat va uzoq istiqbolda qo‘llab-quvvatlash zarurligini yaxshi tushunadi.

Rasmiy ravishda NATO Rossiya bilan muzokaralar stoliga o‘tirish yoki o‘tirmaslik masalasini faqat Kiyev hal qilishi va buning uchun vaqtni mustaqil belgilashi mumkin, deb hisoblamoqda.

Ammo diplomatlar parda ortida, agar bu urushda yengib bo‘lmasligi ayon bo‘lib qolsa, alyans ukrainlar hayoti va g‘arbning milliardlab mablag‘larini saqlab qolish uchun Ukrainani bu yechimga undash kerakligini tan olishmoqda.

Shu bilan birga, Kati Adlerning suhbatdoshlari qayd etishicha, bu masala ayni vaqtda kun tartibida emas.

Ko‘proq yangiliklar: