2017 yil Florida shtati Orlando shahrida o‘zbekistonliklarning Shimoliy Amerikadagi ilk rasmiy masjidiga asos solindi. Al-Buxoriy Islom markazi bugun nafaqat masjid, balki madrasa vazifasini ham o‘tamoqda. Qo‘shma shtatlarga safar qilgan Kun.uz muxbiri masjid imomi Ilyosxon Toshxo‘jayev bilan markaz faoliyati, AQShda farzand tarbiyasi hamda diniy erkinlik mavzularida suhbatlashdi.
— Bu masjidning ochilishi haqida gapirib bersangiz. Kimlar qatnashgan, yordam bergan?
— Masjidga 2017 yil oxirlarida asos solganmiz. Chikago, Nyu-York, Boston kabi shtat, shaharlarda diniy faoliyatimiz bo‘lgan oldin. Hamma joyda masjidlar, islom markazlari bor. U yerlarda vatandoshlarimiz ibodat qilib, diniy ehtiyojlarini qondirishi mumkin. Biror bir masjidga borsak, O‘zbekistondan juda kam kishi bo‘lardi, lekin atrofda ko‘plab o‘zbeklar bo‘lardi.
Orlando shtati o‘zbeklar eng kam bo‘lgan joy. Birinchi ozchilikdan boshlashni niyat qilib shu yerda ochganmiz. 2017 yilda bu yerga ko‘chib kelib, millatdoshlarimizga taklifimni aytganimda g‘aribroq qabul qilishdi. 100-150 tacha o‘zbek oilasi yashardi. Bizning odamlarda juda boy bo‘lib, millioner bo‘lib ketgan odam masjid qiladi degan fikr o‘rnashib qolgan. Yordam berish deganda ham katta miqdordagi nimanidir tushunishadi. Shuning uchun ham ko‘pchilikda ishonch bo‘lmagan, o‘tmishda bunday tajriba ham yo‘q. Uch kishi boshlaganmiz: 2017 yil noyabr oyida joyni ijaraga olib, bir yildan so‘ng sotib olganmiz. 2018 yil Ramazon oyida ochilgan masjid sifatida. Asosiy maqsad masjid emas, madrasa qilish edi. Hozir asosiy faoliyat madrasa bilan. Hozirda 35 tacha talabamiz bor, yotib o‘qishadi.
— AQShda bunday masjid va madrasalarni ochish tartibi qanday?
— Birinchi navbatda nodavlat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tiladi. Ochiladigan bino hududida diniy ta’limga va shunga o‘xshash narsalarga ruxsat bor-yo‘qligi tekshiriladi, atrofda yashovchi aholidan ruxsat beruvchi imzolar olinadi. Shundan so‘ng davlat ruxsat beradi.
— Markazning moddiy ta’minoti qanday amalga oshiriladi?
— Joyni sotib olishda asosiy xarajatni homiylarimiz ko‘targan, qolganini boshqalar yig‘ib bergan. Ramazon oyida xayriya tadbirlari o‘tkazamiz. Homiylarimiz yordam qiladi, yemakxona bor, shundan keladi. Umuman, xalqning yordami bilan faoliyat yuritib kelyapmiz. Masjidimizga 200 nafar atrofida odam sig‘adi. Jamoatning 80 foizi o‘zbeklar, qolgani arablar, pokistonliklar, bangladeshliklar.
Talabalar 4-sinfdan 8-sinfgacha olinadi. Xarajatning bir qismi ota-onalardan olinadi, qolgani homiylar tomonidan qoplab beriladi. Talabalar sonini ko‘paytirish uchun harakat qilyapmiz.
— O‘zbekiston musulmonlar idorasi va umuman o‘zbekistonlik ahli ilmlar bilan aloqalar qanday?
— Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston musulmonlar idorasi bilan aloqalarimiz yaxshi. O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi sababchi bo‘ldi ko‘proq. Hozir Amerika va Kanadadagi masjidlarni birlashtirish to‘g‘risida ham ishlar olib borilyapti, shunda O‘zbekistondagi diniy idora bilan ishlashimiz yanayam qulaylashadi. Har yili Ramazon oyida qori-imomlar kelib turibdi.
— Bu yerdagi ba’zi vatandoshlarimizning xavotirlaridan biri — farzand tarbiyasi. Hatto dinini o‘zgartirish bo‘lyapti yoki axloqsiz bo‘lib ketyapti, deyishyapti. Faoliyatingiz davomida shunday muammolarga duch kelganmisiz? Umuman, oila institutini saqlashda biror bir ishlar qilinadimi?
— Har bir imomning o‘z yo‘nalishi bo‘ladi: kimdir Qur’on ilmida, kimdir farzand tarbiyasi va boshqalar. Mening asosiy faoliyatim farzand tarbiyasi bilan bog‘liq. Amerikaga kelganlar dunyoviy imkoniyatlarni ko‘zlab keladi. Aksar oilalar moddiy tashvishlar bilan bo‘lib, farzand tarbiyasiga bee’tibor bo‘lib qoladi. Bir narsaga erishish uchun boshqa bir narsadan voz kechish kerak. Amerikada nimaga ko‘proq e’tibor berilsa, o‘sha narsa olinadi. Siz aytganday bolalar ham bor, to‘g‘ri, lekin shunday farzandlar borki, Amerikada tarbiya ko‘rganiga ishonmaysiz. Demak, hamma gap ota-onada. Ular dunyo va farzand o‘rtasidagi muvozanatni saqlashi kerak. Bizning maktab mana shu vaziyatni yumshatish, ota-onalarga yordam berish uchun qilingan. Inson Qur’onni yodlab turib axloqli bo‘lib qolmaydi, axloq boshqa yo‘nalish. Shuning uchun biz ko‘proq axloqqa e’tibor beramiz.
— 8-sinfgacha o‘qitilishini aytdingiz. Lekin shu yoshdan boshlab bolalarda dastlabki o‘tish davri boshlanadi, Amerika hukumati ham erkinlik bera boshlaydi. Bunday o‘smirlarning tarbiyasi qanday bo‘ladi?
— O‘zgaradigan bola 70 foiz 8-sinfgacha o‘zgarib bo‘ladi. Undan keyingi o‘zgarishlar o‘ziga ishonch ortishi, erkin hayotga chiqishni istashidan bo‘ladi. O‘sha davrgacha buzilgan bola qaram bo‘lgani uchun isyon qilmay turadi, o‘zida imkoniyat bo‘la boshlagach, o‘zini ko‘rsatadi. Katta bolalar bilan ishlashda biroz qiynalamiz. Faqat ko‘ngliga kirish orqali o‘zgartirish mumkin.
— Diniy erkinlik haqida gaplashsak. Amerikada diniy erkinlikning chegarasi bormi? Hukumat bilan ziddiyatga borib qoladigan holatlar bormi?
— Chegarasi yo‘q. Lekin ba’zilarda Islom dini deyilganda terrorizm tushunchasi xayoliga keladi. Shu tomondan ba’zi paytda ko‘ngilsiz holat bo‘lib qolishi mumkin. Umuman, dunyoning hamma joyida bor bu narsa. Lekin so‘z erkinligi bo‘lgani uchun taqiq yo‘q.
— 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin Islom va musulmonlarga nisbatan qarashlar qanchalik o‘zgardi, hozirda vaziyat qanday?
— 11 sentabr voqealaridan keyin Islom dini yanayam rivojlangan Amerikada. Chunki politsiya tomonidan musulmonlarni tekshirish, kuzatish boshlangan va bir qancha politsiyachilar Islomni qabul qilgan. Bunga o‘xshash misollar ko‘p. Hozirgacha musulmonlarga nisbatan hech qanday taqiqqa uchramadik. Bizning markazda 50 dan oshiq kishi Islomni qabul qildi. Atrofdagi hukumat vakillari, politsiya bilan aloqamiz juda yaxshi. Islomofobiya haqida eshitib qolamiz, lekin hali biror marta duch kelmaganmiz. Amerikaliklarning dinimizga hurmati katta. Agar masjid bo‘lmagan biror joyda namoz o‘qisak, politsiyachi yoki boshqa bir kishi kelib, kimdir xalaqit bermasin deb qarab turadi.
— Darslik adabiyotlari muammosi yo‘qmi? Qayerdan olasizlar?
— Adabiyotlar muammosi yo‘q. O‘zbekistondan olib kelinadi ko‘p kitoblarimiz, Turkiyadan ham keladi. Amerikada o‘zbeklar ko‘paymoqda, shuning uchun ko‘proq imkoniyat yaratishimiz kerak. Bizdan oldin ham shunday markazlar qilinganda, hozirda yanada katta imkoniyatlarimiz bo‘lardi. Islomni yaxshi saqlash uchun faoliyatimiz turlarini kengaytirib borish niyatidamiz. Din shunday narsaki, unga ehtiyoj bo‘ladi doim, lekin o‘ziga kerakli imkoniyatni topolmagach, boshqa dinga o‘tib ketishi ham mumkin. Shuning uchun ham bunday markazlarni ko‘paytirishimiz, farzandlarimiz ehtiyojini qondirishimiz kerak. Bundan tashqari, din bizni birlashtirib turadi. Shuning uchun boshqa shtatlarda ham tashkil etish niyatidamiz.
— Musulmon kishi uchun Amerikada yashashning yaxshi va yomon tomonlari qanday?
— Bu yerda kishi farzandini o‘zi xohlagandek tarbiya qiloladi, kimdir aralashmaydi, hammasi ota-onaga bog‘liq. Ibodatlarda erkinlik bor.
Yomon tomoni shuki, ko‘pchilik moddiyat bilan bo‘lib, farzand tarbiyasini unutib qo‘yishi. Keyin halol mahsulotlar muammosi bor. Halol deb qo‘yilgani bilan ishonch yo‘q baribir. Bundan tashqari, musulmonlar ko‘p hududda yashamagan odam boshqalarga o‘xshab yashay boshlashi ehtimoli katta.
— Amerikada ishonch tushunchasi yuqori degan gaplarni ko‘p eshitdik. Umuman, amerikaliklardan ham o‘rnak oladigan jihatlar bormi?
— Ko‘pchilikning dini yo‘qdir, lekin dindagi xulq bor ularda. Insoniy fazilatlarni jamlashgan. Insonlar bir-biriga tabassum hadya qilish holati ham juda ko‘p, salom beradi. Yordam berish holatlari ham ko‘p. Markazimizga usta ishlatgan paytimizda boshqa din vakili bo‘lsa ham vaziyatimizni tushunib, Allohning uyi deb, arzonroqqa ishlab berishadi. Bunga o‘xshash juda ko‘p fazilatlar bor.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov
28 mart, 2023 yil
Orlando shahri, Florida shtati. AQSh
Ushbu maqola va videomaterial Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.