“Hayotda mo‘jizalar ko‘p, ularni tushunish uchun ham ilm olish kerak” – Italiyada magistraturada o‘qiyotgan biolog qiz

Jamiyat 19:59 / 04.07.2023 34720

Shohsanam Davlatboyeva 1998 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 2021 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya yo‘nalishini tamomlab, Erasmus Mundus qo‘shma magistratura dasturining to‘liq granti asosida avvaliga Vengriyaning “Hungarian University of Agriculture and life” ( Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlari) universiteti, hozirda esa Italiyaning “University of Milan” universitetida magistraturada o‘qib kelmoqda.

– Dastlab xorijga magistraturaga topshirish fikri qayerdan paydo bo‘lgan? Ayni vaqt tahsil olayotgan OTM haqida gapirib berolasizmi?

– Hozirda (Italiyaning Milan universitetida) o‘simlik biotexnologiyasi yo‘nalishida magistraturada o‘qiyman. Bolalikdan tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishim yuqori bo‘lgan. Maktabda kimyo, biologiya fanlaridan turli musobaqalarda qatnashib yurardim. Keyinroq mazkur fanlarni chuqurroq o‘zlashtirishda davom etdim. Avvaliga Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirishni maqsad qilgan bo‘lsam ham, taqdir meni O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetiga olib keldi. Bakalavriatning birinchi bosqichidanoq biotexnologiya yo‘nalishiga qiziqishim yuqori bo‘lgan.

O‘qishim davomida turli ilmiy-tadqiqot markazlarida ishlab yurganman. Bittasi Ilg‘or texnologiyalar markazi bo‘lgan. Shu kabi markazlarda ishlayotgan olimlarni, ular qilayotgan ishlarni ko‘rib menda sohaga bo‘lgan qiziqish yanayam ortgan. Ya’ni biologiya sohasidagi olimlar dunyoga haqiqatan ham katta hissa qo‘shishi, umuman dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Mana shulardan keyin to‘rtinchi bosqichda o‘qib yurgan vaqtlarimda Erasmus Mundus dasturiga hujjatlarimni topshirganman va bakalavriatni tamomlamay turib magistraturaga to‘liq grant asosida qabul qilinganman. 2021 yilning kuzidan Vengriya davlatida magistraturani xorijda o‘qishni boshlaganman.

Hozirda o‘qishimni Italiyaning Milan shahrida davom ettiryapman. Magistrlik tezisi (dissertatsiya) yozish bilan bandman.

– Shu o‘rinda Erasmus Mundus granti haqida ham batafsil ma’lumot berib ketolasizmi?

– Erasmus Mundus granti xarajatlari Yevropa Ittifoqi tomonidan qoplanadi. Bu talabalar uchun juda yaxshi imkoniyatlarni taqdim qiluvchi dastur hisoblanadi. Chunki bunda talabgorlar bir qancha ilg‘or universitetlarda o‘qishi, u yerdagi bilimlardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, bunday sharoit talabaga nafaqat ilm tomondan foyda beradi, balki turli davlatlarda yashab, millat va madaniyatlarni ko‘rish insonning shaxsiy rivojlanishi uchun ham juda yaxshi.

Erasmus Mundus dasturida to‘liq grant beriladi. Hattoki, parvoz, viza, yashash, yeb-ichish, kiyinish, sayohat – umuman Yevropadagi barcha xarajatlarni qoplab berishadi.

– Mazkur dasturga qanday qilib hujjat topshirganingiz, grantni yutib olganingiz haqida gapirib berolasizmi?

– Erasmus Mundus granti haqida mendan yuqori kurslarda o‘qib yurgan talabalardan eshitib yurardim. Keyinroq o‘zim shu dasturning katalogini kuzatib, u yerda qanday dastur, loyihalar bo‘layotganini o‘rgandim. Shular orasidan o‘zim qiziqqan yo‘nalishlarni tanladim. Bu o‘simliklar seleksiyasi bo‘lib, bu yo‘nalish biotexnolog, seleksioner, genetik olimlarning zamonning eng yangi bilimlari bilan tarbiyalab boradi.

Grantga hujjat topshirish jarayoni onlayn kechgan. Buning uchun taxminan 10 ta hujjatni tayyorlash talab etiladi. Ya’ni ma’lumotnomadan boshlab bakalavr diplomi, motivatsion xat, talabani o‘qitgan professor, ilmiy rahbarlardan tavsiyanoma kabi bir qancha qog‘ozlarni taqdim etish so‘raladi. Lekin bu jarayonda qo‘shimcha loyihalarda qatnashganlik haqidagi hujjatlar talab qilinmaydi. Men biologiya sohasiga topshirganman, biologiya esa ko‘proq amaliyot bilan bog‘liq. Bunday vaziyatda talabaning laboratoriya eksperimentlarida qatnashgani, turli loyihalarda ishtirok etgani, metodlarni bilishi faqat foydaga ishlaydi.

Menda ham markazlarda ishlaganim juda katta foyda bergan. O‘qishga kirganimizdan keyin bizning qabulimiz bilan shug‘ullangan ustozlarimiz bilan suhbatlashgandik. O‘shanda nima sabab meni qabul qilishganini so‘ragandim, chunki IELTS’dan ham uncha yuqori ball olmagan edim. Baholarim ham o‘rtacha 86 foiz edi, GPA’ga urganda 3,3 ballarga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, talabgorlar orasida mendan ham yaxshi ko‘rsatkichga egalar bo‘lgan. Shular qatorida meni ham qabul qilishgani hayron qoldirgandi. Shunda menga nima qilishni yaxshi bilishimni, olim sifatida qo‘limdan ko‘p ish kelishini aytishgandi. Shuning uchun biologiya talabalarga imkon boricha bakalavr bosqichda o‘zlarini qiziqtirgan turli laboratoriya jarayonlarida ishtirok etishsin.

Shu hujjatlarni topshirishgach talablarga javob beradigan bo‘lishsa, onlayn intervyu bo‘lib o‘tadi. Unda asosan talabaning motivatsiyasini bilishga harakat qilishadi. Yevropada magistraturaga kirishga imtihon yo‘q. Hammasi berilayotgan hujjatlarni to‘g‘ri taqdim qilish va shu sohada o‘qishga loyiq ekanini ko‘rsatib berishga bog‘liq. Masalan, “qo‘limdan shular keladi, sizlarda mana shunday imkoniyatlar bor, men shularni sizlardan o‘rgansam, jamiyatga shunday foydam tegishi mumkin”, qabilida tushuntirib berish lozim bo‘ladi.

Onlayn intervyudan so‘ng bir oy vaqt o‘tgach qabul qilinganimni elektron pochta orqali yozib yuborishgan.

Intervyu davomida Shohsanam Davlatboyeva o‘simlik biotexnologiyasining hozirgi dunyo va undagi muammolarni yechishdagi muhim ahamiyati, kelgusida Nobel mukofotini olishni reja qilgani, magistraturadan so‘ng doktorlik ishi uchun Germaniyadan taklif tushgani haqida gapiradi. Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Boymirza Halilov,
Montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: