Statistika agentligi 2023 yil iyun oyida O‘zbekistonda 0,3 foizlik deflyatsiya kuzatilganini qayd etdi.
Agentlikka ko‘ra, iste’mol narxlari indeksining tushishi oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq – o‘tgan oyda ular o‘rtacha 1,1 foizga arzonlashgan. Ayni paytda, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, xizmatlar esa 0,2 foizga qimmatlashgan.
Shu tariqa, yilning birinchi yarmidagi rasmiy inflatsiya ko‘rsatkichi 3,45 foizgacha pasaydi. Yillik inflatsiya esa 9,03 foizga tushdi, bu – 2016 yil avgust oyidan (8,6 foiz) keyingi davrdagi eng past inflatsiya bo‘ldi.
Yillik hisobda oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 10,5 foizga, nooziq-ovqat tovarlar 7,9 foizga, xizmatlar esa 8 foizga qimmatlashgan.
Iyun oyida oziq-ovqatlardan guruch va guruch oqshog‘i 2,8 foizga (yillik 51,4%), suyakli mol go‘shti 1,2 foizga (13,8%), qo‘y go‘shti 1,1 foizga (13,4%), sut 0,4 foizga (18,3%) qimmatlashgan.
Oy davomida un 2 foizga arzonlashib, yillik 2,8 foizlik deflyatsiyani qayd etgan. Tuxum 3,7 foizga arzonlashgan, bu mahsulotning yillik qimmatlashuvi esa 11 foizni tashkil etgan. O‘simlik yog‘i o‘rtacha narxlari 3 foizga pasayib, yillik narx tushishi 14,7 foizga yetgan. Shakar iyun oyida 1,8 foizga arzonlashgani, yillik nisbatda esa shakar narxi 13,4 foizga oshgani qayd etilgan.
O‘tgan oyda mavsumiylik omili sabab eng ko‘p arzonlashgan meva-sabzavotlar qatorida bulg‘or qalampiri (-47,3%), baqlajon (-46,3%), pomidor (-42,3%) va bodringni (-39,2%) ko‘rish mumkin. Biroq yillik nisbatda olganda pomidor 49,6 foizga, piyoz 34,1 foizga, sabzi 20,9 foizga qimmatlashgan. Iyun oyida eng ko‘p qimmatlashgan sabzavot limon bo‘lgan, uning o‘rtacha narxi 23,5 foizga oshgan.
Inflatsiya so‘nggi 7 yillikdagi eng past ko‘rsatkichga tushgani xabar qilingan bo‘lsa-da, Palov indeksi ko‘tarilishda davom etmoqda. Statistika agentligi yuritadigan indeksga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari 1,1 foizga arzonlagani aytilgan iyun oyida bir porsiya palov narxlari 14 ta hududdan 8 tasi qimmatlashgan, 7 tasida o‘zgarishsiz qolgan.
Xususan, oy davomida Surxondaryo viloyatida o‘rtacha palov narxi 4,2 foizga, Toshkent shahrida 3,9 foizga ko‘tarilgan.
9 foizlik inflatsiya qayd etilgan yillik nisbatda esa palovning o‘rtacha narxlari Sirdaryoda 34 foizga, Namanganda 32 foizga, Surxondaryoda 27 foizga oshgan.
Ta’kidlash lozim, yuqorida oxirgi bir yil ichida pomidor 49,6 foizga, piyoz 34,1 foizga, sabzi 20,9 foizga qimmatlashgani ta’kidlangan edi.