O‘zbekiston prezidenti 3 iyul kuni "Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi (monopoliyaga qarshi organ) hisoblanadi.
Qonunga monopoliyaga qarshi komplayens tushunchasi kiritildi. Monopoliyaga qarshi komplayens faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish bo‘yicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimidan iborat.
Monopoliyaga qarshi komplayens quyidagilarda majburiy tartibda joriy etiladi:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda;
- tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda;
- oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
- oxirgi 3 yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori BHMning 100 ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi 50 foizni va undan ortiqni tashkil etadigan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;
- yuridik shaxslarning birlashmalarida.
Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritildi. Unga ko‘ra, muayyan bozordagi ulushi 40 foizdan kam bo‘lmagan va yillik daromadi 30 BHM (9,9 mlrd so‘m)dan yuqori bo‘lgan korxonalar, shuningdek, tabiiy monopoliya sub’yektlari ustun mavqega ega sub’yektlar qatoriga qo‘shildi.
Shu bilan birga, ustun muzokara kuchi instituti ham kiritilib, unga muvofiq, ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi.
Raqobatga qarshi bitim (kartel kelishuvi) ishtirokchisi kelishuv yoki til biriktirish fakti haqida monopoliyaga qarshi organni ixtiyoriy ravishda birinchi bo‘lib xabardor qilsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.
Savdolarga doir raqobatni cheklashga qarshi talablar va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ishtirokchilarning bir vaqtda savdo jarayonlarida ishtirok etishiga taqiqlar belgilandi.
Qonunga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni baholash tizimi joriy qilinishi zarur.
Shu bilan birga, davlat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Yangi qonun bilan raqamli platformalarni ham monopoliyaga qarshi tartibga solish imkoniyati yuzaga keldi.
Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritilib, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi.
Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organiga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud unga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik:
- fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha (990 ming so‘mdan 3 mln 300 ming so‘mgacha);
- mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 6 mln 600 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ilgari: fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravarigacha jarima qo‘llanilgan.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxsi tomonidan xomashyo, tovarlarning erkin harakatlanishini va realizatsiya qilinishini hamda xizmatlar ko‘rsatilishini qonunga xilof ravishda cheklash:
- BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9 mln 900 ming so‘mdan 16 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish vakolatlari yoki ro‘yxatga olish yoxud akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolatlari berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari yoxud yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish:
- BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9 mln 900 ming so‘mdan 16 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ilgari bunday normalar mavjud emas edi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, qonun Senat tomonidan 4 oy oldin – 2 mart kuni ma’qullangan edi.