May oyida benzin ishlab chiqarish keskin qisqardi. Bu vaqtinchalik ekani aytildi

Iqtisodiyot 15:20 / 03.07.2023 22781

O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish yil boshidan buyon oyma-oy kamayib borishda davom etyapti. May oyida ishlab chiqarish sur’atining pasayishi yanada tezlashib ketgan.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yanvar-may oylarida mamlakatda 550,8 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga taqqoslaganda 16 foizga ko‘p, lekin oylar kesimida olganda, ishlab chiqarish kamaymoqda. May oyida yanvarga nisbatan 3 baravarga kam, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 2 baravarga kam benzin ishlab chiqarilgan.

Agentlikning avvalgi hisobotlaridan kelib chiqilsa, yanvarda 139,6 ming, fevralda 124,3 ming, martda 121,4 ming, aprelda 119,3 ming, may oyida esa 46,2 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan.

Ayni paytda, neft qazib olish sur’atida jiddiy o‘zgarish ko‘zga tashlanmaydi. 2023 yil yanvar-may oylarida 327,6 ming tonna – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 foizga ko‘proq neft qazib olingan. Shundan 69,1 ming tonnasi may oyiga to‘g‘ri keladi; bu 2022 yilning may oyi ko‘rsatkichi (70 ming tonna) bilan deyarli teng.

Shu bilan birga, dizel ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshgan. Yilning birinchi besh oyida 504,3 ming tonna dizel ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning mos davri ko‘rsatkichidan 2,2 baravarga ko‘p. Xususan, ishlab chiqarish hajmi 2023 yil yanvar oyida 50,5 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, may oyiga kelib bu ko‘rsatkich 173,9 ming tonnaga yetgan.

Rasmiy statistika, shuningdek, O‘zbekiston neft va neft mahsulotlari eksportini oshirganini ham ko‘rsatmoqda. 2023 yilning dastlabki besh oyida neft va neft mahsulotlarining xorijga eksporti qiymati 2,1 baravarga ortib, 91,5 mln dollarni tashkil etgan.

Neft eksporti oshayotgani fonida, neft importi ham ko‘paygani e’tiborga molik. O‘zbekiston 2023 yil yanvar-may oylarida neft va neft mahsulotlari importi 76,2 foizga o‘sib, 852,4 mln dollarga yetgan. Shundan 230,7 mln dollarlik qismi benzin ishlab chiqarish keskin kamaygan may oyiga to‘g‘ri keladi.

“O‘zbekneftgaz” izohi

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmatining izohlashicha, may oyida benzin ishlab chiqarishning kamayishi Buxoro neftni qayta ishlash zavodidagi rejali ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yilning may oyida avtobenzin ishlab chiqarish “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalarda 23,2 ming tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yil may oyiga nisbatan 51,2 ming tonnaga kam. Bunga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2023 yilning 10 may – 10 iyun davrida rejali ta’mirlash ishlari olib borilganligi sabab bo‘ldi, deyiladi kompaniya axborotida.

Ta’kidlanishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida mukammal ta’mirlash ishlari so‘nggi bor 2018 yilda amalga oshirilgan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazish va ekspertiza xulosasini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq, xavfli ishlab chiqarish obektlarida xizmat muddati 20 yildan oshgan texnologik qurilmalarning sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, litsenziyalar tomonidan amaldagi texnologik qurilmalarda bir yilda 1 marotaba joriy ta’mirlash va 5 yilda bir marotaba mukammal ta’mirlash ishlarini o‘tkazish tavsiya etilgan.

“Qonunchilikda belgilangan talablar ijrosini ta’minlash maqsadida zavodning bosim ostida ishlovchi sig‘imlari sanoat xavfsizligi ekspertizasidan to‘liq o‘tkazildi hamda texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimi modernizatsiya qilindi.

Zavodning ta’mirlash davrida iste’molchilarni avtobenzin bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan respublikaning barcha hududlarida zarur miqdorlarda zaxira yaratildi va uzilishlarsiz yetkazib berilishi ta’minlandi.

Shuni ta’kidlash lozimki, respublika iste’molchilariga neft mahsulotlarini yetkazib berishda uzilishlarning oldini olish hamda ichki bozorda ajiotaj talabning vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, zavod belgilangan muddatdan 10 kun oldin ishga tushirildi va avtobenzin mahsuloti ishlab chiqarish quvvatlari 140 foizga qadar oshirildi.

2023 yilning yanvar-may oylarida “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalarda jami 659,6 ming tonna suyuq uglevodorod xomashyolari qayta ishlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga nisbatan 103 foizni tashkil etgan.

Ushbu davrda 410,5 ming tonna avtobenzin mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lib (shundan yanvar 105,9 ming tonna, fevral 92,6 ming tonna, mart 94,7 ming tonna, aprel 94,1 ming tonna, may 23,2 ming tonna), belgilangan reja 103 foizga bajarilgan yoki 10,6 ming tonnaga ko‘p.

Tahliliy hisob-kitoblardan kelib chiqib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida avtobenzin mahsulotini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Buning natijasida bugungi kunda, avtobenzin ishlab chiqarishning kunlik xajmi 2 500 tonnadan 3 000 tonnaga oshirildi”, – deyiladi “O‘zbekneftgaz” press-relizida.

Qayd etilishicha, BNQZda mukammal ta’mirlash ishlari o‘tkazilganiga qaramay, joriy yil yakuniga qadar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan jami 995,8 ming tonna avtobenzin (2022 yil ko‘rsatkichiga nisbatan 100 foiz) ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: