Uchar elektrokar
Xitoyning Guangzhou Automobile Group (GAC) kompaniyasi ham yo‘lda yuradigan, ham ucha oladigan elektromobil prototipini taqdim qildi. Bu haqda Nikkei xabar bermoqda.
GOVE deb nomlangan elektromobil istalgan vaqtda uchish rejimiga o‘tish uchun dron va qo‘nish moslamasi bilan jihozlanadi.
Loyiha mualliflari hozircha GOVE narxi va ishlab chiqarish vaqtini oshkor etmagan. Kompaniya faqatgina yangilikning tijorat maqsadlarida chiqarilishi “uzoq vaqt olishini” ta’kidlagan.
Telegram'da stories'lar
Telegram messenjerida yangi funksiya – Stories'lar (hikoyalar) paydo bo‘ladi. Ilova asoschisi Pavel Durovning aytishicha, bu bilan tarmoq yanada ijtimoiylashadi.
Ma’lum bo‘lishicha, yangi funksiya chatlar ro‘yxatining yuqori qismida joylashadi. Shuningdek, hikoyalarning maxfiyligi saqlanadi: siz storisni kim ko‘rishini o‘zingiz hal qilasiz, boshqalarning storislarini ham yashirib qo‘yishingiz mumkin.
Bundan tashqari, storisda mashhur ijtimoiy tarmoqlar kabi foto va videolarni tahrirlash, ular ustiga yozish va boshqalarni belgilash imkoni bo‘ladi. Kameradan foydalanishda esa Telegram videoxabarlari kabi ikkita kamerani qo‘llab-quvvatlash xizmati bo‘ladi.
Hikoyaning profilda qolish muddatini ham foydalanuvchining o‘zi belgilaydi: hikoya 6, 12, 24 yoki 48 soatda tugashini yoki doimiy ravishda qolishini tanlash mumkin.
Ishlab chiqaruvchilarga ko‘ra, bu funksiya guruh va kanallar egalariga bog‘langan, faol foydalanuvchilar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.
Yog‘och shahar
Shvetsiyaning Atrium Ljungberg kompaniyasi mamlakat poytaxti Stokgolmda dunyodagi eng katta yog‘och shahar qurish rejalarini e’lon qildi. Qurilish ishlari 2025 yilda boshlanishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, eng katta "yog‘och shahar" 250 000 kvadrat metr maydonni egallaydi, 7000 ta ofis maydoni, shuningdek, 2000ta uy, restoran va do‘konlarga ega bo‘ladi.
Ba’zi ekspertlar yong‘in xavfsizligi bo‘yicha xavotir bildirishsa-da, ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, maxsus ishlab chiqarilgan yog‘och nisbatan sekin yonadi, bu ko‘plab an’anaviy po‘lat konstruksiyalarga qaraganda xavfsizroqdir.
Yog‘och, shuningdek, "uglerod qudug‘i" dir, ya’ni havodan chiqarilgan karbonat angidrid atmosferaga qaytarilmasdan, materialda saqlanadi. Shuningdek, yog‘ochdan yasalgan binolar yaxshi havo sifatiga ega va an’anaviy materiallardan tayyorlangan binolarga qaraganda ancha past uglerod chiqindilari bilan qurilishi mumkin.
Loyiha o‘zini o‘zi ta’minlaydigan energiya ishlab chiqarish, saqlash va almashishga qaratilgan bo‘lib, ilk binolarni 2027 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Olma teradigan dronlar
Isroilning Tevel startapi dronlar yordamida olma teruvchi kombayn yaratdi. Dronlar olma sonini sanab, yig‘ib olish funksiyasiga ega. Har bir dronda maxsus kosa va “ko‘zlar” bor, ular olmalarni nishon sifatida ko‘radi.
Dron sun’iy intellektga ega va olmalar orasidan eng pishganini tanlay oladi. Fermerlarning ta’kidlashicha, dronlar olma terishni odamlarga qaraganda ancha yaxshiroq bajarmoqda.
Twitterʼda cheklovlar
Twitter ijtimoiy tarmog‘ida cheklovlar o‘rnatildi. Bu haqda tarmoq rahbari Ilon Mask ma’lum qildi.
“Tizimni manipulyatsiya qilishga qarshi kurashish uchun biz quyidagi vaqtinchalik cheklovlarni qo‘lladik: Twitter Blue foydalanuvchilari kuniga 6000ta xabar, “ko‘k belgi”siz foydalanuvchilar kuniga 600ta xabar, yangi verifikatsiya belgisiga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar esa kuniga 300 tagacha xabar o‘qishlari mumkin bo‘ladi”, deb yozgan u.
Rossiyada Google jarimaga tortildi
Google brendiga egalik qiluvchi Alphabet Inc Rossiyada 4 milliard rubl (47 million dollar) miqdorida jarima to‘lashi kerak. Ta’kidlanishicha, jarimani undirish to‘g‘risidagi qaror Federal monopoliyaga qarshi xizmat tomonidan Amerika kompaniyasiga ilgari tayinlangan jarimani o‘z vaqtida to‘lamagani munosabati bilan qabul qilingan.
2022 yil fevral oyida “FAS” Rossiyada Internet texnologiyalari bo‘yicha mintaqaviy jamoat markazi (“ROTsIT”) shikoyatidan so‘ng Google LLC’ga nisbatan qo‘zg‘atilgan monopoliyaga qarshi ishni ko‘rib chiqishni yakunladi. Shundan so‘ng idora YouTube’da (Google LLC’ga tegishli videoxosting xizmati) akkauntlarni shakllantirish, to‘xtatib turish, bloklash va foydalanuvchi kontenti bilan bog‘liq qoidalar shaffof emas va noxolis, degan xulosaga keladi.
Shunga asoslanib, “FAS” komissiyasi Google LLC’ni “YouTube videoxosting xizmatlari bozoridagi ustun mavqeyini suiiste’mol qilish”da aybdor deb topdi va 2022 yil iyul oyida kompaniyaga 2 milliard rubldan ortiq miqdorda (daromadga qarab) jarima soldi.