Jurnalist-tadqiqotchi Mavlon Shukurzoda vafot etdi

Jamiyat 08:16 / 02.07.2023 19333

Taniqli jurnalist-tadqiqotchi va yozuvchi Mavlon Yo‘ldoshev (Mavlon Shukurzoda) 69 yoshida Toshkentda to‘satdan vafot etdi.

U 1954 yil 31 mayda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Toshkent to‘qimachilik institutini tamomlagan. Sovet davrida u partiya tizimida ishlagan. Keyinchalik Tashqi ishlar vazirligida kadrlar bo‘limiga rahbarlik qildi. «Fidokorlar» partiyasi a’zosi bo‘lgan.

Mavlon Shukurzoda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi ham edi. So‘nggi yillarda u mustaqil jurnalist sifatida ishlagan va kitoblar yozgan. U futbolni juda yaxshi ko‘rardi — ko‘plab asarlarini shu sohaga bag‘ishlagan va futbol bilan bog‘liq tadbirlarda faol ishtirok etgan.

Turli mavzularda 20 dan ortiq kitoblar yozgan, jumladan, «Amerikalik o‘zbeklar», «O‘zbek futboli: kecha, bugun, ertaga», «Paxtakor-79» («Paxtakor» jamoasi aviahalokatining 35 yilligiga bag‘ishlangan), «Xalq diplomatiyasi: O‘zbekiston — Buxoro yahudiylari — AQSh» (AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan), shuningdek, o‘zbek-amerikan, o‘zbek-turk va o‘zbek-ozar munosabatlari haqidagi kitoblar.

U ayrim kitoblarini chop etishga ulgurmadi. Bu ishni uning oilasi bajarish niyatda. Ana shunday kitoblardan biri afsonaviy «Paxtakor» futbolchisi Gennadiy Krasnitskiy haqida. O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag‘ishlangan yana bir kitob ham nashrga tayyorlanayotgan edi.

«Biz noyob odamni yo‘qotdik. So‘nggi yillarda u bilan deyarli har kuni bog‘da ertalab sayr qilayotib gaplashardik. U bilan deyarli har qaysi mavzuda gaplashish mumkin edi», deydi jurnalist Boris Babayev «Gazeta.uz»ga.

Ko‘proq yangiliklar: