UzAuto Motors kompaniyasi Asakadagi zavodda ishlab chiqarish liniyalari ishini vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
Qayt etilishicha, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan jalb etilgan 170 nafar mutaxassis bilan hamkorlikda zavodning ishlab chiqarish liniyalarini modernizatsiya qilish reja qilinmoqda.
“Ushbu modernizatsiya Chevrolet Cobalt avtomobillarining yillik ishlab chiqarish hajmini qo‘shimcha 30 ming donaga oshirish imkonini beradi”, deyiladi UzAuto Motors xabarida.
Mazkur ishlar oldindan rejalashtirilgani va iste’molchilarga avtomobillarni yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmasligi va’da qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning dekabr oyi boshida budjet modellar – Damas, Labo, Cobalt va Gentra uchun shartnoma tuzish to‘xtatilgandi. Bu modellarga shartnoma berish qachon boshlanishi haligacha noaniq bo‘lib qolmoqda.