Jahon bankining 2023-2025 yillar uchun Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan bahosiga ko‘ra, 2023 yilda bu mintaqada iqtisodiy o‘sish o‘tgan yilga (4,7 foiz) nisbatan sekinlashib, o‘rtacha 2,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
XVJning 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Global iqtisodiy istiqbollar bo‘yicha hisobotida global iqtisodiy o‘sish kutilmalari yanvar oyidagi prognozlarga nisbatan 0,1 foiz punktga kamaytirilgan. Xususan, XVJ 2023 yilda jahon iqtisodiyoti atigi 2,8 foizga, 2024 yilda esa 3 foizga o‘sishini kutmoqda.
Jahon banki ekspertlarining fikricha, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2023 yilda o‘rtacha 4 foizni tashkil etadi, 2024-2025 yillarda esa O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida 4,3 foizgacha oshadi.
2023 yilning 1-choragi uchun O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi prognozi yuqori aniqlikni ko‘rsatgan. 2023 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 5,5 foizni tashkil etdi. Bu joriy yil boshida markaz ekspertlari tomonidan kutilayotgan 5,47 foizdan bir oz yuqori bo‘lsa-da, markazning 5,31 foiz -5,62 foiz prognoz koridoriga to‘g‘ri keladi.