Telegram'da stories'lar qo‘yish mumkin bo‘ladi

Fan-texnika 18:33 / 27.06.2023 75863

Durovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillar davomida foydalanuvchilardan kelgan so‘rovlarning yarmidan ko‘pi “Hikoyalar” bilan bog‘liq bo‘lgan.

“Dastlab, biz bunga qarshi edik, chunki “Hikoyalar” – Stories allaqachon hamma joyda bor. Biroq, agar biz foydalanuvchilarni tinglamaganimizda va mavjud formatlarda yangilik kiritmaganimizda, Telegram – Telegram bo‘lmas edi. Shunday qilib, biz tez orada Telegram'da Stories'ni ishga tushiramiz”, – deya e’lon qildi messenjer asoschisi.

Ma’lum bo‘lishicha, yangi funksiya chatlar ro‘yxatining yuqori qismida joylashadi. Shuningdek, hikoyalarning maxfiyligi saqlanadi: siz storisni kim ko‘rishini o‘zingiz hal qilasiz, boshqalarning storislarini ham yashirib qo‘yishingiz mumkin.

Bundan tashqari, storisda mashhur ijtimoiy tarmoqlar kabi foto va videolarni tahrirlash, ular ustiga yozish va boshqalarni belgilash imkoni bo‘ladi. Kameradan foydalanishda esa Telegram videoxabarlari kabi ikkita kamerani qo‘llab-quvvatlash xizmati bo‘ladi.

Hikoyaning profilda qolish muddatini ham foydalanuvchining o‘zi belgilaydi: hikoya 6, 12, 24 yoki 48 soatda tugashini yoki doimiy ravishda qolishini tanlash mumkin.

Ishlab chiqaruvchilarga ko‘ra, bu funksiya guruh va kanallar egalariga bog‘langan, faol foydalanuvchilar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.

Durov bu yangilik Telegram'da yangi davr boshlanganidan xabar berishini aytib, ilova yanada ijtimoiyroq bo‘lishini bildirgan.

Shuningdek, Pavel yana bir bor asosiy raqobatchisi – WhatsApp ularga taqlid qilishda davom etayotganiga ishora qilgan.

“Biz bu taqlidni iltifot sifatida qabul qilamiz – bu bizning yetakchilik qilayotganimizni ko‘rsatadi. Raqobatchilarimiz yetib olishga harakat qilishsa-da, biz yuqori sifatli xususiyatlarni joriy etishda davom etamiz”, – deya izohlagan Pavel Durov ilovadagi yangilanishlarni.

Ko‘proq yangiliklar: