Jizzaxda 57 kishi ovqatdan zaharlandi

Jamiyat 11:25 / 27.06.2023 33217

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida 44 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 25-26 iyun kunlari 57 nafar fuqarolar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ich ketish va tana harorati ko‘tarilishi shikoyatlari bilan murojaat qilgan.

Dastlabki laboratoriya tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, fuqarolarga “O‘tkir diareya” ovqatdan zaharlanish tashxisi qo‘yilib, tibbiy muolajalarni amalga oshirish uchun barchasi shifoxonaga yotqizilgan.

Bemorlarning 11 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan, 46 nafari qoniqarli ahvolda ekani ma’lum bo‘lgan.

Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida bemorlar Jizzax shahridagi oshxonalarning birida ovqatlanganligi aniqlanib, hodisa joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlarining namunalari bo‘yicha va barcha bemorlarga nisbatan tegishli ekspertizalar tayinlanib, soha mutaxassislari jalb etilgan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan nazorat o‘rnatilgan, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: