Yunusobod tumanidagi “Turkiston” metro bekati ustidan o‘tgan ko‘cha ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi, yo‘ldan avtomobillar qatnamoqda. Bu haqda Gazeta.uz xabar qildi.
2021 yil may oyida Ahmad Donish ko‘chasidagi avtomobil yo‘lining 500 metr qismi 40-50 smgacha cho‘kkandi. Natijada yo‘lning bu qismida transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan, prezident tashrifidan ko‘p o‘tmay yangi foydalanishga topshirilgan yo‘lda bu holat yuzaga kelgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, 2020 yil noyabr oyida Toshkent shahrining janubiy va shimoliy qismlarini bog‘lab turuvchi asosiy trassa – Ahmad Donish ko‘chasining bir qismi ta’mirtalabligi sabab yopilgandi.
Keyinroq, 2021 yil iyun oyida Toshkent shahrining sobiq bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov (Sayyid Rahmatulloh Termiziy) ma’ruzalaridan birida yo‘l qurilishiga ajratiladigan mablag‘lar talon-toroj qilinishi haqida gapirgandi. Imom nazarda tutgan, 10 oyda 7-marta ta’mirlanayotgan yo‘l Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasining 556 metrlik qismi bo‘lib chiqqandi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’ruzasiga raddiya berilishini so‘ragandi.
2021 yil dekabr oyida esa Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdorlari Ahmad Donish ko‘chasida avtomobil yo‘lining cho‘kishida aybdor deb topilib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi, “Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.