Urushlar qanday boshlanadi? O‘tgan yilning eng shov-shuvli filmi haqida

Jamiyat 18:48 / 25.06.2023 65880

Film kelib chiqishiga ko‘ra irlandiyalik bo‘lgan rejissyor Martin Makdonahning to‘rtinchi badiiy filmi sanaladi. Makdonah asli ssenarist sifatida tanilgan. E’tiborni tortadigan jihat ham filmning puxta ssenariysidir.

Film nega bu qadar shov-shuv qo‘zg‘adi?

Film shu kungacha siz ko‘rgan kinolarning odatiy motividan tubdan farq qiladi: uzoq yil orolda birga do‘st bo‘lib yashagan ikki odamning do‘stligi nogohon tugaydi. Birinchisi (Kolm) do‘stlikka nuqta qo‘yadi. Ikkinchisi esa (Patrik) buning sababini hech tushuna olmaydi va shunchaki do‘sti arazlab olgan deb kechirim so‘rayveradi. Do‘stidan sado chiqavermagach, xira pashshadek yopishadi. Bunga javob sifatida Kolm agar unga sobiq do‘st yana bir og‘iz gapirsa, o‘z barmoqlarini kesib tashlashini aytib tahdid qiladi va film yakunida u 5 barmoqsiz qoladi. Kinodagi asosiy syujyet mana shu. Lekin mana shu bir qarashda zerikarli ko‘rinadigan voqealar ortida nima yotibdi? Buning uchun kinodagi har bir detalni alohida maydalab ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.

Film voqealari Inisherin orolida bo‘lib o‘tadi. Inisherin to‘qima nom bo‘lib, Irlandiyaning bir oroliga nisbatan qo‘llangan. Filmda ko‘rsatilgan davr – 1923 yil. Irlandiyada fuqarolar urushi davom etayotgan palla. Orol kichkina va unda sanoqli odam yashaydi. Banshi so‘zi ham irland (kelt) mifologiyasidan olingan. O‘lim xabarchisi bo‘lgan ayol ma’nosiga ega.

Mana shu kichik orolda Kolm va Patrik uzoq yillar do‘st bo‘lib kelishgan. Ular soatlab suhbat qurishadi, Patrik kunduzlari eshak va sigirlarini o‘tlatadi, kech kirgach butun orol aholisi mahalliy pabga yig‘ilib, vaqtichog‘lik qiladi. Har ikkisi-da uylanmagan, yolg‘iz. Oroldagilarning deyarli barchasi oila qurmagan. Patrikning singlisi ham bor, u ham oilasiz, qolgan qahramonlardan farqli ravishda oroldagi hech kim bilan gaplashmaydi, vaqtini kitob o‘qib o‘tkazadi. Patrik o‘zining eshagiga, Kolm esa itiga g‘amxo‘rlik qiladi. Ular suhbatlashadigan mavzular biri ham eshak go‘ngi haqida.

Film Kolmning Patrik bilan ortiq gaplashishni istamasligidan boshlanadi. Kolm endi bu suhbatlarni ma’nosiz deb topadi va hayotida tayinli, ma’noli ish qilmoqchi. Patrik esa hech vaqoni tushunmaydi. Kolm Patrik bilan ikki soat uning eshagining go‘ngi haqida suhbatlashish ma’nosiz ekanini qanchalik aytmasin, Patrik hayronligicha qolaveradi. «Xo‘p, Kolm, sen ma’noli nima ish qilmoqchisan? Men musiqa yozaman, chunki musiqa abadiydir». Bu Kolmning Patrikka javobi edi.

Patrik endi o‘zidan shubhalana boshlaydi, demak, men bilan suhbatlashib bo‘lmasa, men ahmoqmanmi? Singlisi, oroldagilar uning ahmoq emas, aksincha, samimiy ekanini aytishadi. Ammo Patrikning o‘ziga shubhasi ortaveradi, hatto politsiyachi uni urganda, yig‘lab ham oladi. O‘ziga shubhasi ortganidan badtar g‘azabga minadi. Kolm uning ko‘kragidan itarib, boshqalar bilan quyuq munosabatda ekanini qabul qilolmaydi. Bu «samimiy» qahramon Kolm bilan do‘stlashgan musiqachini oroldan ketkazish uchun «sening otang o‘libdi» deb yolg‘on uyushtiradi. Va buni borib hatto Kolmning o‘ziga aytadi.

Patrik o‘z hayotidan rozi. Unga hayotidagi hamma narsa ma’qul. Kichkina orolda yashash ham, eshak va sigir o‘tlatish ham, hayotining shu zayl o‘tib ketayotgani ham. Hatto o‘zining mana shu ahmoqligi ham. U biror narsa ustida jiddiy bosh qotirib ko‘rmagan. Bo‘shangligi, dovdirligi ustida ham. Hayotida ma’no yo‘qligini hech o‘ylab ko‘rmagan. Do‘sti tomonidan inkor etilish – endi unga ko‘p narsalarni o‘ylab ko‘rishga majburiy turtki beradi. Patrik o‘zgarishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, Kolm «men o‘zim o‘zgardim» deydi. Aynan o‘zgargani uchun ham u Patrik bilan ortiq do‘st bo‘lmoqchi emas. Sababi – o‘z o‘limi haqida o‘ylab ko‘rdi, o‘limi yaqinlashar ekan, hayotda hech bir ish qilmagan deb topdi o‘zini va endi bu holni o‘zgartirmoqchi, hech bo‘lmasa, musiqa yozib qoldirmoqchi. U hamma narsa o‘tkinchiligiga ishonadi, ammo bu hayotda san’at – musiqa va poeziya kabilar mangu deb o‘ylay boshladi.

Kolm bu kechinmalarida qanchalik samimiy edi? O‘zgarishga haqi bor edi, biroq o‘zi ham bu o‘zgarish nimaligini anglab yetmagandi. U hayotidan Patrikni quvishi – hech narsani o‘zgartirmasligini bilardi, tayinli musiqa yarata olmasligini ham. O‘zini bu orolda hammadan ko‘p tushuna oladi deb bilgani Patrikning singlisiga bu haqda aytadi. «Barmoqsiz qanday musiqa chalasan, Kolm?» Muammo ham shunda, barmog‘i bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, u o‘zi istagan musiqani yarata olmasligini biladi. Ammo Kolmga boshqa narsa kerak – progress va jarayon. Bu orolda hayot mutlaqo tinch, kunlar sug‘ur kuni kabi yillar davomida bir xil, zerikarli, nursiz va kulrang, hech qanday yangilik yo voqea sodir bo‘lmaydi, o‘lim xabaridan tashqari albatta. Chunki ba’zida bu orolda ham kuni bitganlar o‘lib turadi. Ikki do‘st orasidagi ziddiyat oroldagi eng katta yangilik bo‘ladi, hamma shu haqida gapirishi mumkin endi. Ikkisining hayotiga ham bu hol o‘zgarish olib keladi. Murod Muhammad Do‘stning «Galatepaga qaytish» qissasida qahramonning ma’nosiz hayotiga aza ma’no bergani kabi, bu konflikt ikki do‘st hayotiga ma’no va o‘zgarish, siljish va progress olib keladi.

Eng qizig‘i, asosiy voqelik film yakunida boshlanadi – urush. Ha, kinoning asosiy mavzusi – urush. Aynan shuning uchun ham bu kino katta shov-shuvlarga sabab bo‘lib turibdi.

Kolm xira pashsha va hech narsani tushunmaydigan ahmoq do‘stidan butunlay va tezroq qutulish uchun unga tahdid qiladi: mabodo bir so‘z aytadigan bo‘lsa, Kolm barmog‘ini kesib tashlaydi. Avvaliga Patrik bunga ishonmaydi. Ammo pabda ikkisi to‘qnash kelgan bir tunda mast Patrik Kolmga kelib ichidagilarni to‘kadi, g‘azabini sochadi. Bunga javoban Kolm «sen hech qachon bu qadar qiziq, jozibali bo‘lmagansan» deb aytadi. Buni aytishga aytadiyu, ertasi kuni bir barmog‘ini kesib, Patrikning eshigiga otib ketadi. Patrik esa barmoqni avaylab, qutiga joylab qo‘yadi. Shunda ham Patrik Kolmni tinch qo‘yishi kerakligini tushunib yetmaydi, gunohini yuvish, munosabatni tiklash uchun yo‘l izlayveradi.

Patrik bu orolchada hayotini boshqacha tarzda davom ettirish mumkinligini tushunib yetar darajada ongli emas, anglab yetsa ham, bunga jur’ati yetmaydi. O‘sha tunda pabda bo‘lgan yana bir tanishi unga Kolm aytgan gaplarni takrorlaydi (hech qachon o‘sha tundagidek jozibali bo‘lmagani haqidagi). Patrik mast edi, o‘sha kechadagi suhbatni eslolmasdi, ammo unga bu haqda so‘zlagan Dominik Patrikka maslahat beradi: balki Kolmga nisbatan munosabatda yondashuvni o‘zgartirish kerakdir, ko‘proq unga qiziq narsalarni aytishi kerakdir, masalan, musiqa haqida gaplashishi, o‘zini shalviragan, dovdir emas, mag‘rur tutishi kerakdir.

Patrik darhol shunday qilishga kirishadi, u buning to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida o‘ylab ham o‘tirmaydi. Kolmning uyiga bezbetlarcha bostirib kiradi, yaratayotgan musiqasi haqida gaplashadi, birga pabga borib, pivo ichishni taklif qiladi. Kolm Patrikni pabga yuborib, ortidan borishni va’da qiladi. Ammo amalda boshqa ish qiladi – qolgan to‘rt barmog‘ini ham kesib tashlab, yana Patrikning uyi oldiga tashlab keladi. Bu orada Patrikning singlisi oroldan jo‘nab ketish, yangi hayot boshlashdek jasoratni amalga oshiradi. Singlisini kuzatib qaytgan Patrik eng sevimli eshagi barmoq chaynab nobud bo‘lganini ko‘radi. Bu voqealar endi Patrikka mudhish ta’sir qila boshlaydi. Singlisi ketdi, eshagi o‘ldi, birdan bir suhbatdoshi Dominik ham o‘zini suvga tashlab, halok bo‘ldi. Bularning bari bir kechada sodir bo‘ldi. Ustiga ustak Kolm u bilan hech qachon gaplashmaydi va jahl qilib besh barmog‘ini ham kesib tashladi. Shu paytgacha samimiy niqobidagi Patrik endi keskin o‘zgaradi. U urush boshlaydi. Kolmning oldiga borib, eshagi o‘lganini aytadi. Buning uchun Kolm uzr so‘rab, ana endi hammasi tugagani, u barmoqlaridan, Patrik eshagidan judo bo‘lishi hammasiga nuqta qo‘yganidan gapiradi. Ammo Patrik bunga endi rozi emas, Kolmning uyini yoqmoqchi. Uning urushi endi boshlandi. Kolm uyning ichida bo‘lsa, yanada yaxshi, chunki to tomonlardan biri o‘lmas ekan, bu urushga nuqta qo‘yilmaydi. Yaxshisi, o‘zining banshilar haqidagi noyob musiqasini yozib tugatgan Kolm uyning ichida bo‘lsin va yong‘inda hozir o‘la qolsin.

Patrik uyga o‘t qo‘yadi, uyning ichidagi Kolm shunday o‘lim topishga hali rozi emas, u o‘z uyi yonishini oroldagi suv bo‘yiga kelib tomosha qilib o‘tiradi. Patrik uning oldiga keladi, keraksiz suhbat kechadi, keyin ikkiga ayrilib ketadilar, ammo Patrikning iltijoli nigohida yugurib kelib, Kolmni quchish, undan do‘st bo‘lishni yalinib so‘rashdek o‘tinch bor. U urushni boshladi, ammo endi nima qilishini bilmaydi. Odamlarning hammasi yaxshi aslida, yaxshi odamlar hammaga yaxshi bo‘lishini istashadi, faqat bitta tomoni bor – faqat o‘zlariga yaxshi bo‘lishini, faqat o‘zlari bor joyda yaxshi bo‘lishini xohlaydi. Agar yaqinlariga, jon do‘stlariga ularsiz ham yaxshiligini bilsa, bunga toqat qilolmaydi, ayni shu nuqtada uning yaxshiligi tugaydi. Xuddi Patrik bilan bo‘lgani kabi. U o‘zini yaxshi, samimiy odam deb bilardi, hatto oroldagi eng yaxshi. Va bundan doim faxrlanardi. Ammo do‘stiga va qolganlarga usiz ham yaxshiligini bilgach, singlisi usiz ham yashab keta olishini, do‘sti undan ko‘ra musiqachi tanishlari oldida o‘zini yaxshiroq his qilishi bilgach, bunga chidolmadi. U haqiqatni qabul qilishni istamadi. U bu qadar kuchli, hech kimga bog‘lanmay yashay oladigan darajada ongli va erkin odam emas edi.

Aslida voqealardan boshqacha xulosa chiqarib, hayotini butunlay o‘zgartirishi, bu oroldan ketishi, mutlaq yangi va boshqa hayot qurishi mumkin edi xuddi singlisi kabi, ammo u bunday hayot o‘zi uchun emasligini bilardi. Shu sabab urushni tanladi va urushni boshladi.

Kino urush allegoriyasimi?

Katta bahs qo‘zg‘agan savol ham shu. Chindan bu kino urushni ramzlashtirganmi? Ramzlashtirgan bo‘lsa, aynan qaysi urushni, hozirgi rus-ukrain urushinimi yo 1923 yilgi Irlandiya fuqarolar urushinimi? Birinchisi haqida kinoda aynan aytilmasa ham, ammo rus-ukrain urushi haqida yaxshiroq bilganlar bemalol bunga ham bog‘lash mumkinligini tushunishadi. Ammo Irlandiyadagi fuqarolar urushi kinoda aynan ko‘rsatilmay turib, markaziy o‘ringa olib chiqilgan. Film qahramonlari kunning biror qismida orolning narigi tomonidan o‘q ovozlarini eshitishadi, xavotir olib qarab qo‘yishadi, qachon tugarkan bu urush deb xayol qilishadi. Kinoda oroldagi yagona politsiyachi tilidan orolning narigi qismiga ketish, u yerdagi qatllarda ishtirok etish, o‘layotgan odamni ko‘rish orzusi yangraydi. Yana u urush haqida Kolm bilan gaplasha turib, qiziq gap aytadi. Avvallari odamlar nimaga qarshi urishayotganini bilishgan, hamma bir tomonda bo‘lgan (bunda Irlandiyaning mustaqillik istab Britaniya armiyasiga qarshi urushi nazarda tutilgan), hozir esa kim kimga qarshi urishayotgani va nima uchun urishayotgani noma’lum.

Irlandiyadagi mustaqillik uchun kechgan urushdan keyin Erkinlik shartnomasi imzolanadi. Shartnomada Irlandiya Britaniya tarkibidagi erkin davlat bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Ammo bunga fuqarolarning ko‘p qismi qarshi chiqdi. Ular to‘liq ozodlik uchun kurashgandilar. Qolgan yarmini esa shartnoma qanoatlantirar edi. Ayni shu o‘rinda kelishmovchilik sabab fuqarolar urushi kelib chiqadi. Tomonlar bir-birini eshitishni istamas edi, nima uchun urushayotgani ham noma’lum edi, avvallari bir tomonda turib kurashgan odamlar endi bir-biriga qarshi kurashardi.

Bu xuddi Kolm va Patrikning munosabatiga o‘xshaydi. Oldin ikkalasi birga edi, hayotni bir nuqtadan turib ko‘rardi, birdan biri ikkinchisining yo‘rig‘ini, hayot tarzi va tanlovini ahmoqona deb topdi. Munosabat buzildi. Bu bilan cheklanmadi. Barmog‘ini kesib tashladi. Kolmning agressiyasi sog‘lom odamning ishi emas. Urushni Patrik boshlagan bo‘lsa, u shungacha bo‘lgan sabablarni hozirlab berdi. Endi bu urush kimningdir muqarrar o‘limi bilan yakunlanadi, urush bor joyda shubhasiz o‘lim bo‘lishi kerak.

Shu sababli bu orolda banshi – o‘lim xabarchisi bo‘lgan yoqimsiz kampir izg‘ib yuradi, u o‘lim xabarini yetkazishni intizorlik bilan kutadi. (Kinodagi kampir obrazi, Dominik, politsiyachi, ruhoniy kabi obrazlarga atay to‘xtalmadimki, yangi xulosalar tug‘ilishi uchun tomoshabin hukmiga havola qildim).

Irlandiya mustaqilligi muammosi haligacha hal qilinmagani kinoning dolzarbligini oshiradi. Umuman, kino urushlar qanday boshlanishi haqida hikoya qiladi. U bizga kichkina ko‘rinadigan odamlar fe’lidagi nuqsonlardanmi, yoki hayotdagi o‘zgarishlardan qo‘rqish va boshqalarning tanlovini qabul qilolmaslikdanmi, yoki bu chindan hayotni siljitadigan, unga progress olib keladigan tabiiy jarayon deb qaralishidanmi? Bu haqda o‘ylab ko‘rish, xulosa qilish o‘quvchiga havola.

Tillaniso Nuryog‘di

Ko‘proq yangiliklar: