Noqonuniy notekislik – haydovchilar magistral yo‘ldagi sun’iy do‘nglikdan aziyat chekmoqda 

Jamiyat 18:20 / 19.06.2023 33472

Kun.uz’ga bir nechta haydovchi murojaat yo‘llab, A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lida mumkin bo‘lmagan holda sun’iy notekislik o‘rnatilganini bildirishdi. Haydovchilarga ko‘ra, bu yerdagi sun’iy notekislik xavfning oldini olishga emas, aksincha xavf tug‘dirishga “xizmat qilmoqda”. Sababi, xalqaro ahamiyatdagi yo‘lning ushbu qismida tezlik cheklovi 100 km/soat, katta tezlikda kelgan haydovchilar sun’iy do‘nglikni sezmay qolyapti.

Bu yo‘lda sun’iy notekislik o‘rnatishning o‘zi xato. Katta tezlikda kelib, ko‘rmay qoldim. Oqibatda mashinamning to‘rtta balloniga ham shikast yetdi, bittasi mutlaqo yaroqsiz holga keldi. Zararni kim to‘laydi endi? Menga yordamga kelgan haydovchi ham oldinroq shu do‘nglikdan men kabi holatga tushgan ekan. Hatto ayrim mashinalar katta tezlikda kelib, shu joyda boshqaruvni yo‘qotgan holda yo‘ldan chiqib ketish holatlari ham kuzatilgan”, deydi tahririyatga murojaat yo‘llagan haydovchilardan biri

Sun’iy notekislik yo‘lning Xorazm viloyati hududidan o‘tgan qismida o‘rnatilgan. Yaqin atrofda aholi punkti yo‘q. Nega bu yerga sun’iy notekislik qo‘yilgani biroz tushunarsiz. Qolaversa, notekislikdan yirik temir uchlari chiqib turibdi. Haydovchilarning ta’kidlashicha, bu kuniga o‘nlab mashinalarning g‘ildiragiga zarar yetkazmoqda.

“Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti» unitar korxonasi tomonidan «Sun’iy notekisliklar. Umumiy texnik talablar. Qo‘llash tartibi» nomli O‘zbekiston davlat standarti ishlab chiqilgan. Hujjatga ko‘ra, sun’iy notekislik – yo‘l qismida yo‘l o‘qiga perpendikulyar tarzda joylashgan, tezlikni majburiy pasaytirish uchun mo‘ljallangan maxsus balandlikdir. U transport vositalari tezligini ruxsat berilgan 40 kilometr/sekund ko‘rsatkichigacha pasaytirish uchun yo‘llarning alohida joylarida o‘rnatiladi.

Sun’iy notekisliklarni xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘llar, yo‘laklar soni 4 va undan ortiq bo‘lgan respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘llar (aholi soni 1000 kishidan ortiq bo‘lgan qishloq va shaharlar bo‘ylab o‘tgan yo‘llardan tashqari), jamoat transporti to‘xtash maydonchalari yoki ularga qo‘shni harakat yo‘laklarida, ko‘priklar, ko‘prik yo‘llar, osma ko‘priklar, tunnellar va ko‘prik osti yo‘llarida o‘rnatish mumkin emas.

Haydovchilar e’tiroz bildirayotgan A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘li xalqaro ahamiyatga ega yo‘l hisoblanadi. Sun’iy notekislikdan 150 metrlar chamasi oldinroqda ogohlantiruvchi 1.31 yo‘l belgisi ham o‘rnatilgan.

«Sun’iy yo‘l notekisligi» belgisi yo‘lning sun’iy notekislik o‘rnatilgan qismiga yaqinlashayotganligi to‘g‘risida ogohlantiradi hamda transport vositasining harakatlanish tezligini majburiy tarzda kamaytirish uchun qo‘llaniladi.

Tezlik cheklovi 100 km/soat bo‘lgan, aholi yashash punkti bo‘lmagan, qolaversa xalqaro ahamiyatdagi yo‘lga nima sababli 1.31 yo‘l belgisi o‘rnatilgani va ahvoli bu qadar rasvo holatdagi sun’iy notekislik qo‘yilgani haqida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan izoh kutib qolamiz.

Ko‘proq yangiliklar: