Prezident qaroriga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1200 sm kubdan yuqori bo‘lmagan yangi yengil avtotransport vositalari uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar quyidagi bojxona boji stavkalari belgilanmoqda:
- 1000 sm kubgacha – 0 foiz (bungacha – 15 foiz + 0,4 AQSh doll/kub sm);
- 1 000-200 sm kub – 5 foiz (bungacha – 15 foiz + 0,6 AQSh doll/kub sm).
Kun.uz bojlarning pasaytirilishi narxlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligini bir nechta misollarda o‘rganib ko‘rdi.
Pokiston bozorida eng arzon komplektatsiyasi 7800 dollardan boshlanuvchi, dvigatel hajmi 658 sm kub bo‘lgan yangi Suzuki Alto 2023 avtomobilini O‘zbekistonga olib kirish narxi (logistika xarajatlari hisobga olinmagan):
Bojxona boji
- Avval: 1433 dollar (15 foiz + 0,4 AQSh doll/kub sm);
- Hozir: 0 dollar (0 foizga tushirildi);
- Farq: 1433 dollar.
QQS (12 foiz)
- Avval: 1108 dollar (bojxona boji qo‘shilib hisoblanardi);
- Hozir: 936 dollar;
- Farq: 172 dollar.
Utilizatsiya yig‘imi (bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari)
- Taxminan 864 dollar (9 mln 900 ming so‘m).
Bojxona yig‘imi (0,2 foiz)
- Taxminan 16 dollar.
Yakuniy narx:
- Avval: 11 221 dollar;
- Hozir: 9 616 dollar;
- Farq: 1 605 dollar.
Yuqorida va quyida ko‘rsatilgan yakuniy narxlarga logistika xarajati va dilerlarning xizmat narxi kiritilmagan.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayni paytdagi avtomobil bozorida dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan yangi avtomobillarni topish deyarli imkonsiz.
BAA bozorida o‘rtacha narxi 13 500 dollar, dvigatel hajmi 1197 sm kub bo‘lgan Hyundai Grand i10 2023 avtomashinasi narxlarining o‘zgarishi:
Bojxona boji
- Avval: 2743 dollar (15 foiz + 0,6 AQSh doll/kub sm);
- Hozir: 675 dollar (5 foiz);
- Farq: 2068 dollar.
QQS (12 foiz)
- Avval: 1950 dollar;
- Hozir: 1700 dollar;
- Farq: 250 dollar;
Utilizatsiya yig‘imi (BHMning 120 baravari)
- Taxminan 3454 dollar (39 mln 600 ming so‘m).
Bojxona yig‘imi (0,2 foiz)
- Taxminan 27 dollar.
Yakuniy narx:
- Avval: 21 674 dollar;
- Hozir: 19 356 dollar;
- Farq: 2 ming 318 dollar.
Bahosi 20 ming dollar bo‘lgan Opel Corsa avtomobilini O‘zbekistonga olib kirish narxlarining o‘zgarishi:
Bojxona boji
- Avval: 3 719 dollar (15 foiz + 0,6 AQSh doll/kub sm);
- Hozir: 1 000 dollar;
- Farq: 2 719 dollar.
QQS (12 foiz)
- Avval: 2 846 dollar;
- Hozir: 2 520 dollar;
- Farq: 326 dollar.
Utilizatsiya yig‘imi (BHMning 120 baravari)
- Taxminan 3454 dollar (39 mln 600 ming so‘m).
Bojxona yig‘imi (0,2 foiz)
- Taxminan 40 dollar.
Yakuniy narx:
- Avval: 29 990 dollar;
- Hozir: 26 945 dollar;
- Farq: 3044 dollar.
Kecha rasmiylar e’lon qilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, dvigatel hajmi 1 000–1 200 sm kub bo‘lgan avtomobillar uchun “rastamojka” xarajatlari 44–52 foizdan 30–36 foizgacha kamaymoqda. 30-36 foizlik bojxona to‘lovlariga logistika va dilerlar xizmat haqini qo‘shganda, jami ustama 50 foizga borib qolishini taxmin qilish mumkin. Bu esa jahon bozorida 20 ming dollarlik avtomobilning O‘zbekistonda 30 ming dollar atrofida sotilishini anglatadi..
Yuqoridagi hisob-kitoblar AQSh dollarining O‘zbekiston Markaziy banki 17 iyun kuni belgilagan rasmiy kursda (11 463 so‘mdan) amalga oshirilgan.
Yangi tartib ishlab chiqarilgan sanasidan O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tgan kungacha 1 yildan ortiq vaqt o‘tmagan avtotransport vositalarigagina taalluqli. Ishlab chiqarilganiga 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan avtomobillar importi uchun avvalgidek 30 foizli bojxona boji va qo‘shimcha koeffitsiyentlar, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan avtomobillar uchun esa 40 foizli boj va qo‘shimcha koeffitsiyentlar saqlab qolinadi.
Shuningdek, dvigatel hajmi 1 200 sm kubdan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalari uchun ham amaldagi tartib o‘zgarishsiz qoladi.
Yuqoridagi hisob-kitoblardan ko‘rinib turganidek, bugungi kunda O‘zbekistonga xorijdan avtomobil import qilishda to‘lanadigan to‘lovlar bir qancha omillarga bog‘liq: avtomobilning yangi yoki eskiligi (ishlab chiqarilgan yili ham inobatga olinadi), xarid narxi, avtomobil ishlab chiqarilgan hamda import qilinayotgan mamlakat, dvigatel turi va hajmi. To‘g‘ridan to‘g‘ri bojxona to‘lovlari va yig‘imlaridan tashqari, import qiluvchi shaxs 12 foiz QQS, shuningdek, utilizatsiya uchun to‘lov ham to‘laydi.
2020 yilning 1 avgustidan O‘zbekistonga transport vositalarini import qilishda utilizatsiya yig‘imi joriy qilingan bo‘lib, uning miqdori quyidagicha:
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lmagan transport vositalari uchun:
- dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 30 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 1000-2000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 120 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 2000-3000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3000-3500 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3500 sm kubdan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 300 barobari miqdorida.
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositalari uchun:
- dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 90 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 1000-2000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 210 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 2000-3000 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 330 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3000-3500 sm kubgacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 390 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3500 sm kubdan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 480 barobari miqdorida.
Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistondagi bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 330 ming so‘mni tashkil etadi.
Doston Ahrorov tayyorladi.