Yevrokomissiya Huawei va ZTE’ni xavfsizlikka tahdid sifatida belgiladi

Fan-texnika 10:26 / 16.06.2023 69557

Bryussel Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini xavfsizlikka tahdid tufayli Xitoyning Huawei va ZTE kompaniyalari mahsulotlaridan foydalanmaslikka chaqirdi

Xitoyning Huawei va ZTE telekommunikatsiya kompaniyalari uskunalaridan 5G tarmoqlarida foydalanish Yevropa Ittifoqi uchun boshqa uskuna yetkazib beruvchilar mahsulotlariga nisbatan «sezilarli darajada yuqori xavf» tug‘dirishi mumkin, deya ma’lum qildi Yevropa komissiyasi. 15 iyun, payshanba kuni Yevrokomissiya veb-saytida Xitoy kompaniyalari uskunalari bilan ishlashda Yevropa Ittifoqining xavfsizlik jihatlariga e’tibor qaratuvchi «5G kiberxavfsizlik qadamlari» haqidagi bayonot e’lon qilindi. 

5G tarmoqlari ichki bozor faoliyatiga, shuningdek, Yevropa Ittifoqidagi ijtimoiy va iqtisodiy funksiyalarga ta’sir qiluvchi muhim infratuzilma hisoblanadi, deb ta’kidlaydi Bryussel. Shularni inobatga olgan holda, hujjatda «mobil aloqa uskunalarining ayrim yetkazib beruvchilari» tomonidan yuzaga keladigan Yevropa Ittifoqi xavfsizligi yuzasidan «jiddiy xavotirlar» qayd etilgan. 

Ayrim Yevropa Ittifoqi davlatlari bundan oldin Huawei va ZTE’dan uskunalar sotib olishdan bosh tortgan. Bunga Yevropa Ittifoqida 5G Toolbox - milliy mobil tarmoqlarni josuslik va diversiya harakatlaridan himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ro‘yxatini yaratish yordam berdi. Bryussel ushbu davlatlarning harakatlarini ijobiy baholadi va Yevrokomissiya «kelajakda ushbu ikki kompaniya uskunalari xizmatidan voz kechishini» bildirdi.

Yevropa Ittifoqining ichki bozor bo‘yicha komissari Terri Breton barcha Yevropa Ittifoqi davlatlarini bir xil choralar ko‘rishga chaqirdi. «Biz o‘z manfaatlarimizga qarshi qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan qaramlikni saqlab qola olmaymiz», dedi Breton. 

Ko‘proq yangiliklar: