2023 yil 16 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Uzun tumani sudida 31-sonli maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan o‘qituvchi G.T.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga ko‘ra, 1988 yilda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida tug‘ilgan G.T. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandi bilan aybli deb topildi.
Jinoyat oqibatida ikki nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararlar qoplangani hamda ularning sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligi inobatga olingan holda, unga 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Qayd qilinishicha, sudlanuvchi hukm yuzasidan apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli.
18 aprel kuni Surxondaryodagi maktabda 2 nafar o‘qituvchi ayol bir erkak o‘qituvchi tomonidan do‘pposlangani aks etgan videoyozuvlar tarqalgan edi.
Unda bir guruh xodimlar ishtirokida majlis ketayotgani va suhbat orasida bir erkak ro‘molli ayolga daftar yoki kitobni uloqtirganini, so‘ng urgani aks etgan. Shundan keyin guvohlar tomonidan ajratilgan erkak xonadan chiqib, yana qaytib kirgan va eshik yonida turgan yana bir ayolga, so‘ng yana ro‘molli ayolga musht tushirgan.