Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Kasbi tumani IIB xodimlari hamkorligida 14 iyun kuni nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Unda «Kasbi» mahallasida yashovchi M.I. yashash xonadonida O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES Konvensiyasiga kiritilgan bo‘z echkiemarlarni tutqunlikda saqlab, «vahshiylarcha nobud qilayotgani» aniqlandi. Jumladan, 20 ta echkiemar tutqunlikda saqlangan, 43 tasi o‘ldirilib, terisi shilingan.
Holat bo‘yicha «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonun, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning tegishli moddalari, shuningdek, Jinoyat kodeksining 202-moddasi bo‘yicha ish ochilgan.
Huquqbuzarga hayvonot dunyosiga yetkazilgan jami 311,8 mln so‘m zarar hisoblanib, hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Tirik qolgan 20 ta bo‘z echkiemar o‘zining yashash muhiti bo‘lgan Muborak tumanidagi cho‘l hududlariga qo‘yib yuborildi.