Farzand dunyoga kelganidagi xursandchilik hamisha xarajatlarga ulanib ketadi. Tug‘uruqxonadan chiqish paytida bola tug‘ilishida ishtirok etgan shifokor-u hamshiralar qator turib olishadi va qo‘lingizga qarashadi. Albatta, o‘zbek – bolajon xalq, suyunchi pulini ham tabiiy hisoblaydi.
Biroq vaqti-vaqti bilan noroziliklar ham tug‘iladi. Hatto davlat rahbari ham bu borada alohida to‘xtalgan va “Eng katta poraxo‘rlik tug‘uruqxonalarda” deya ta’kidlagan. Vaqti-vaqti bilan internetda turli lavhalar tarqaladi, shifokorlarning go‘riga g‘isht qalanadi. Bahslarda bir umumiylikni sezish mumkin: ko‘ngildan chiqarib berilsa mayli, lekin so‘rab olishi yoki tama qilishlari to‘g‘ri emas.
Lekin ko‘ngildan chiqarib berish bilan tikilib turgan ko‘zlarni rozi qilish uchun berish chegarasi qayerda? Bugun ana shu haqda gaplashamiz.
Suhbatdoshlarimiz – shifokorlar, ota-onalar va umuman jamoatchilik faollari. Biz ularga quyidagi savollar bilan murojaat qildik:
1. Tug‘uruqxonada suyunchi puli berilishiga qanday qaraysiz? O‘zingiz ham berganmisiz/olganmisiz?
2. Bugungi kunda qancha miqdorda suyunchi berilishini normal qabul qilasiz va buni pora deb hisoblamaysiz?
- jami 200 ming so‘mgacha;
- jami 500 ming so‘mgacha;
- jami 500 mingdan 1 mln so‘mgacha;
- 1 mln so‘mdan ortiq.
3. Siz suyunchi berishni istamagan vaziyatda shifokor norozi bo‘lsa, tegishli tashkilotga murojaat qilishni qanday baholaysiz?
4. Mavzuga oid erkin fikrlaringiz...
Endi javoblarga e’tibor qaratsak.
Shaxsini sir tutgan shifokor:
— Suyunchini biz o‘ylab topmaganmiz. Bizgacha ham bo‘lgan, bizdan keyin ham bo‘ladi. Ayol farzandini qo‘liga olgunicha ikki dunyo o‘rtasida bo‘ladi, deyishadi. Shunday vaziyatda unga yordam berganlarga ataganini berish qachondan minnat bo‘lib qoldi, hayronman?
So‘nggi paytlarda bir toifa paydo bo‘lgan: darrov telefonga yopishadi. Mayli, bermasang berma. Lekin indamay ket! Oldiga chiqqan shifokor-hamshiralarga bir so‘m bermagani kamdek, zahrini sochadi. “Davlatdan oylik olyapsanlar!” deb minnat qiladi. Eng qizig‘i – ortidan kuzatib tursang, ko‘chada ketini likillatgan ayiqqa, karnaychi-surnaychiga pul sochadi. Har qadamini videoga oldirib, hashamatli mashinalarda bolasini olib ketadi. Koshki bola buni bilsa...
Lobar Xayrullayeva:
1. Bunga salbiy munosabatda qarayman. Ha, afsuski, xo‘jayinim, qaynonam bergan.
2. Jami 200 ming so‘mdan oshmasligi kerak, deb hisoblayman.
3. To‘g‘ri baholayman. Chunki hayotimda shunaqa voqea bo‘lganki, bergan pulimizga shifokor norozi bo‘lib, qayta-qayta kelib ishini minnat qilgan. O‘sha payti mening ahvolim yaxshi emas edi. Shifokorlarning bu gapi sog‘ligimga yomon ta’sir qilgan.
4. “Roddom”da ota-onalardan umidvor bo‘lib, tamagirlik qilib, ularning qo‘liga termilib, shunga yarasha muomala qiladigan doktorlardan nafratlanaman. Bunga chek qo‘yilishi kerak.
Dilfuza Zaripova, jurnalist:
— Bolaning dunyoga kelishi oson emas. Bu ishda onaga yordam berganlarga albatta ko‘ngildan chiqarib suyunchi puli berish kerak. Ayniqsa, sanitarkalarni astoydil rozi qilish kerak. Tug‘uruq jarayonidagi nopokliklarni ular tozalaydi.
O‘rtacha 300 ming yetarli bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Lekin nafsi hakalak otganlar ham bor, afsuski. Ilgari doyani rozi qilish uchun bir qo‘yni so‘yib, qo‘yning qo‘l go‘shti va ko‘ngildan chiqarib ko‘ylaklik mato yoki pul berilgan. Chekka qishloqlarda bu udum hali ham saqlanib qolgan.
Dilbar Aralova, jurnalist:
1. Normal qarayman. Berganmiz, ammo juda ham kam. Uch nafar farzandim bor. Kattasida rozi bo‘lib berganmiz. O‘rtanchasida talaba deb so‘rashmagan, baribir berganmiz. Qizimda so‘rab olishgan.
2. 200 ming so‘mgacha bo‘lsa pora emas, deb hisoblayman. Tug‘uruq jarayoni qanday kechishiga ham bog‘liq.
3. Shifokorlar erlarni aldab, vahima qilib pul so‘rashi mumkin. Ayollardan so‘ray olishmasa kerak. Vaziyatga qarab ish tutish kerak. Ular ustidan shikoyat qilish bo‘yicha aniq fikrim yo‘q.
4. Tug‘uruq vaqtidagi holat insonni shifokorga rahmat aytishga undaydi. Shifokorini xursand qilgisi keladi, yonida turgani uchun. Bu kabi suyunchi berish holati to‘xtamasa kerak deb o‘ylayman.
Shaxsini sir tutgan mushtariy:
— Birinchi farzandimda qaynona-qaynotam olib chiqqani uchun nimalar bo‘lganini bilmayman, ammo ikkinchi farzandimni 2013 yilda dunyoga keltirganman. Buxoro shahridagi perinatal markazda tug‘ilgan. Markaz eshigiga “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi, agar shunday holatga duch kelsangiz, ushbu ishonch raqamlariga murojaat qiling” deb ochiqchasiga yozib qo‘yilgan.
Men onamnikida mehmonda edim, xo‘jayinim uzoqroq tumanda smena bilan ishlardi. Meni “roddom”ga onam olib keldi. Yengil bo‘ldim. Onam imkon darajasida yuz mingmi, qanchadir berganlar doyaga. Bu ular istagan summa emas. Onamga gapirolmay, mendan turmush o‘rtog‘im kelib vrachga uchrashini, uni rozi qilishini so‘rashdi.
Turmush o‘rtog‘im ikki kun kelolmadi, meni holi-jonimga qo‘ymay, qachon keladi, deb bezor qilib yuborishdi. Jahlim chiqdi. Palatamdagi ayolga, bular buncha noshukur bo‘lmasa, onamdan olgani yetmagandek so‘rayveradi, deb jahl ustida nimalardir deganman. Shu gap orasida jurnalistligimni ham aytgan bo‘lsam kerak. Birdan jim bo‘lishdi.
Ismi sir qolishini so‘ragan erkak ginekolog:
— To‘g‘risi, erkak kishi bo‘lganim uchun suyunchi pulini olish erish tuyulardi. Oldinlari olmayman, deb qaytarishga harakat qilardim. Lekin 99 foiz odam baribir tashlab chiqib ketadi. Keyin bir ustoz “bersa olmayman demay olgin, ursa qoch”, degan. Shundan so‘ng summa aytmasdim, yonimga kirishsa rozi bo‘lganingizcha beravering, derdim.
O‘ktam Qo‘ldoshev, infeksionist-shifokor:
1. Suyunchi berish hammaning shaxsiy ishi, deb bilaman, majburiy emas. O‘zim berganman ota sifatida.
2. Summa individual, ota-onaning moliyaviy ahvoliga karab bo‘lsa kerak. Men uchun, masalan, 500 ming so‘mgacha berilsa, normal deb o‘ylayman. Lekin, albatta, o‘zi xohlagan holda, majburiy emas.
3. Men ham shifokorman, lekin arzimagan vaziyatda norozi bo‘lishni noto‘g‘ri deb bilaman. Tegishli tashkilotlarga murojaat qilish hammaning o‘zining xohishi. Lekin shifokor tamagirlikni oshirib yuborsa, balkim murojaat qilish to‘g‘ridir.
Olimbek Qosimov:
— Suyunchi so‘rab olinmaydi, ko‘ngildan chiqarib beriladi. Shifokor xuddi o‘t o‘chiruvchi, militsiya xodimi, o‘qituvchi kabi bir kasb egasi. U o‘z ishini bajaradi, bemor qanchalik og‘ir ahvolda bo‘lmasin vazifasini ado etadi va bu qahramonlik emas, shunchaki kasb taqozosi. Shifokor shu kasbni tanlagan va har qanday ko‘rinishda minnatdorlik talab qilish – tamagirlik. Kelinglar, bo‘lmasa o‘t o‘chiruvchilarga ham suyunchi beraylik, ha, nima, hayotini xatarga qo‘yib alangani o‘chiryapti-ku!
Tug‘uruqxonada suyunchini oqlagan har qanday shifokorni ishdan haydash kerak. Chaqaloq eson-omon tug‘ilgani ota-onani shifokor oldida qarzdor qilib qo‘ymasligi kerak. shifokor o‘z vazifasini, kasbini ado etyapti, tamom!
Ko‘ngildan chiqarib 100 ming bersa olsin, 1 mln bersa olsin, ammo “stavka” qo‘ymasin. Shaxsan o‘zim ham berganman, o‘rtada tanish shifokor bo‘lgani uchun menga “arzonroq” tushgan. Bergan pulimni tug‘uruqda qatnashganlar bo‘lib olishgan.
Tan olish kerak, hozir bu juda yomon “trend”ga aylangan. “Pul bermasang ona va bolaga yaxshi qaramaydi” degan gap bor va bu gapda jon ham bor. Bu o‘ta nomaqbul holat.
Nurulloh Hojimuhammad:
— Tibbiyot tizimida maoshlarning past ekani hadya ko‘rinishidagi korrupsiyani oqlab bermasligi kerak.
Va odamlarning ayiqqa pul berishi kabi soxta dabdabaga o‘chligi ham o‘z yo‘liga, u boshqa masala, lekin shifokor faqat va faqat davlatdan normal oyligini olishi kerak. Har qanday suyunchi, hadya tizimi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bo‘lmasa, tizim umuman o‘nglanmaydi.
Akrom Malik, adabiyotshunos:
— Shifokorlar belgilagan “stavka”siz, xursandchilikdan shukrona qilib berish mumkin deb o‘ylayman. Suyunchi – quvonchli kunda beriladigan hadyaning nomi. Hadya esa halol, albatta.
Sherali Bo‘riboyev:
— Aslida bermaslikni to‘g‘ri deb hisoblayman va bu uyat ham emas. Chunki kimdir ko‘p beradi, kimdir kam. Bunda shifokorlarning reaksiyasi turlicha bo‘ladi va bu yosh ota-onaga ta’sir qilishi mumkin. Hali uylanmaganman. Bunday tashvishlar oldinda. Balki o‘shanda xursandchilikdan fikrim o‘zgarar. O‘sha paytda ham bersam tort yoki gul berishim mumkin. Ammo pul emas.
Yulduz Ismoilova:
— Suyunchini aslida eri xotiniga berishi kerak, bechora ayol qancha azobni boshidan o‘tkazib bolani dunyoga keltiradi. Vrachlarning esa ishi, vazifasi, oyligini olyapti, suyunchi so‘rashga haqqi yo‘q. Shunchaki agar xohlashsa, odamlarning o‘zlari (sharoiti o‘rtacha bo‘lsa) bersa bo‘ladi, u ham qo‘l haqi beryapman deyishi kerak, suyunchini ayoliga bersin.
Shavkat Hamidjonov:
1. Salbiy ham, ijobiy ham qaramayman, neytral, suyunchi ixtiyoriy bo‘lishi kerak. O‘zim 3 nafar farzandimda ham berganman.
2. Ixtiyoriy va individual holat bo‘lgani uchun uning miqdori hamma uchun har xil bo‘lishi mumkin.
3. Murojaat qilinishi kerak, sababi bu ixtiyoriy, imkoniyati yoki xohishi bo‘lmasa, tamagirlik bo‘lishi kerak emas.
Lekin shu o‘rinda “roddom”ga qabul qilish va tug‘dirish uchun norasmiy to‘lov bilan ixtiyoriy beriladigan suyunchi pulini adashtirmaslik kerak. “Roddom”ga ishi tushgan inson bilsa kerak: hozir avvaldan vrach bilan gaplashib stavkasini aniqlab, oldi-berdi bo‘yicha kelishuvlarni joy-joyiga qo‘ymasa, tug‘ishga borgan ayol sansolarlik va sargardonlik girdobida qoladi. Masalan, men bepul tibbiyotni pesh qilib, ayolim va farzandim sog‘ligini tavakkal xavf ostiga qo‘yib, vrach bilan tortishmayman.
Uchinchi farzandimda barcha kelishuvlarni avvaldan hal qilib, xotirjam “roddom”ga borganmiz va tug‘uruq tez, sifatli o‘tgan. Sifatli tibbiy xizmatni bepul tasavvur etish qiyin hozirda, ayniqsa vazir “barakasini berib ketadi” deb turgan zamonda. Ikkinchi farzandimda avvaldan kelishuv bo‘lmagani uchun rosa sarson bo‘lganmiz. Shu o‘rinda shifokorni ham ayblash qiyin. Ayniqsa, Toshkent shahrida yashab ishlayotgan shifokor davlat maoshiga kun ko‘rishi qiyinligi ma’lum.
Nafosat Mahmudxonova:
— Katta farzandim 7 oylik, chala, juda og‘ir ahvolda tug‘ilgan. Qo‘rqqanimizdan varchlar yaxshi qarasin deb bor-budimizni berganmiz, 10 kunlar tug‘uruqxonada yotganmiz. Chiqayotganimizda 100 ming so‘ragan neanotolog vrach 80 ming berganimiz uchun rosa jahl qilgan, bolaga umuman yaxshi qaramagan. Hozir shu bolam 7 ga kirdi, yurolmaydi, nogiron. Har safar shularni eslasam asablarim qaqshaydi...
Saidolimxon Aslamov:
— Masalan men har uchala farzandim tug‘ilganda onam orqali chin ko‘ngildan rozi bo‘lib suyunchi puli berganman. Menimcha, bu normal holat, aslo pora emas!
Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Ba’zi nafsiga qul shifokorlar o‘ziga stavka qo‘yib olgan, o‘g‘ilga buncha, qiz tug‘ilsa buncha. Mabodo egizakli bo‘lsangiz baloga qolasiz, ikki qo‘liga qo‘shib ikki oyog‘ini og‘ziga tiqadiganlar ham yo‘q emas, afsuski...
Sherali Bobojonov:
— Samolyotni qo‘ndirgan uchuvchiga ham suyunchi beraylik. Yo uchuvchining oyligini akusherlarga beraylik. Shunda bu mavzu o‘z-o‘zidan yopiladi!
Po‘lat Ismoilov:
— O‘g‘illi bo‘ldim, suyunchi so‘rashdi, xo‘p dedim-da, 200 ming berdim. Kam deydi, ha, qancha beray, desam kami 500 ming bering, deydi. Uncha pul yo‘q, bolamni olib qolaveringlar, men xotinimni olib ketaveraman, desam o‘dag‘aylab javob bervorishdi.
Nozima Xoliqova:
— Farzandim muddatidan oldin, 7 oygayam to‘lar-to‘lmas tug‘ilgan, mehnatlari halol shifokorlarning. Holatimni juda yaxshi bilardim, ko‘zimga hech nima ko‘rinmagan. Berganimga mingdan-ming roziman.
Muhammad Sohib:
1. Suyunchi berish normal holat. O‘zim ham berganman.
2. Bugungi kunda aniq miqdor belgilamagan holda har kimning o‘z imkoniyati va asosiysi ko‘nglidan chiqarib berishi to‘g‘ri.
3. Suyunchi berishni istamagan holda, tegishli tashkilotga murojaat qilishni to‘g‘ri deb bilmayman. Sababi, dunyoga kelgan farzandi ustida harakat qilganlarga bu tarzda munosabat qilish ma’qul emas. Garchi, ular norozi bo‘lsa-da.
Suyunchi berishga imkoni yo‘q yoki ko‘nglidan chiqarmagan kishiga shifokorlarning toki uyga ruxsat beriladigan davrgacha tug‘uruqni boshdan kechirgan ayol va go‘dakka yaxshi qaramasligi masalasi bor. Ana shu narsa ko‘pchilikning xavotiriga sabab bo‘lib, imkoni bo‘lmasa ham qarz olib beradi. Shunisi mulohazaga undaydigan holat.
Mehriniso Qurbonova, jurnalist:
— 99 foizimiz qizimizga, kelinimizga biron zarar yetkazib qo‘yishmasin, deb ham pul beramiz. Kelinim to‘rtinchi bolasini tug‘ganida chin ko‘ngildan 400 ming so‘m berdim. Tug‘dirgan shifokor yana 200 ming so‘m bering, bolalar shifokori uchun, dedi. O‘zim beraman, dedim va 100 ming so‘m berdim. Nega so‘rab olishadi suyunchini? Chunki ular ham tepaga uzatib turishadi.
Dildora Rahimova:
— Suyunchi berish hammaning o‘z xohishi, menimcha, hamma beradi, lekin berganini kam deb, ering yana bersin deb, tug‘gan onadan tama qilish pastkashlik deb bilaman. Ayrim vrachlarning stavkasi bor, oldindan boshqa hamshiralar gaplashib berisharkan.
Zafar Jo‘raboyev:
— To‘g‘ri, davlat oylik beradi, lekin shifokor qilgan ishi uchun emas, ish vaqti uchun oylik oladi. Bu juda jiddiy masala, sababi tug‘uruq jarayoni paytida vrach ham jismoniy, ham emotsional yuklama oladi. Qachonki davlatimizda ish yuklamasi bo‘yicha oylik to‘lanmas ekan, odamlar oylik miqdoriga qarab ishlaydi. Ilova qilib aytmoqchimanki, vijdonini yeb qo‘ygan odam jazolanishiga to‘g‘ri qarayman.
Malohat Mirzayeva:
— Xursandchiligidan rozi bo‘lib, o‘sha vrach va hamshiralarning mehnatidan ko‘ngli to‘lib, imkoniyati qadar berilgan pul menimcha halol. Lekin berishga imkonsiz bo‘lsa, undan shuncha berasan, deb talab qilish esa umuman xunuk holat.
Bobur Rasulev, deputat:
— Oqlamayman! O‘zbekona odatni, bola dunyoga kelgani haqida xabar bergan yosh bolalarga beriladigan choychaqa puli – suyunchini, akusher ginekologlar o‘zlariga moslashtirib dollarda oladilar va bu g‘irt korrupsiyaning o‘zidir!
Umidjon Mamarasulov:
— Men “roddom”dagilarga suyunchi puli berishga qarshiman. Chunki ular o‘z vazifasini bajaryapti, degandim ikki yil avval o‘g‘lim tug‘ilganda. Ammo onam berasan deb turib oldi. Bermayman deb qat’iy tursam ham “o‘zbekchilik”da berish majburiy emish. Unaqada o‘zingiz bering, deb cho‘ntagimdagi bor pulni berdim. Onam tarqatdi. Achinarlisi, tug‘ish jarayonida qatnashmagan, tuni bilan uxlaganlar o‘sha paytda uyqulari qochib, joylarida o‘tirishgan ekan. Xullas tushundimki, odamlarimiz o‘zi o‘rgatib qo‘ygan olishga.
Sayyora Tursunova, akusher-ginekolog:
— Suyunchi o‘z nomi bilan suyunchi! Insonlar uni suyunganidan beradi. Buni pora demanglar! Albatta, so‘rab olish noto‘g‘ri. O‘zim akusher-ginekologman. Ko‘ngildan chiqarib suyunchi berishganida olganman ham, farzandlarim, nabiram tug‘ilganda hamkasblarimga berganman ham. Olganimda ham oz-ko‘piga qaramaganman, rozi bo‘ling, deganman. Berganimda ham oz-ko‘piga qaramasdan, xursand bo‘lib tarqatdim.
Menda bir savol bor: uyingizga santexnik yoki elektrik chakirsangiz, bitta nuqtaga qancha so‘raydi? Xizmatiga indamay berasizlar-ku! Ular 1-2 oy shogird bo‘lib yurib, hunarni o‘zlashtirib olishgan. Biz kabi 6-7 yillab kechalari uyqusiz dars tayyorlamagan, stresslar bilan imtihonlar topshirmagan, kechalari navbatchiliklarda turmagan. Davlat o‘qitgan, deydi kimdir. Shaxsan men kontrakt asosida o‘qiganman, o‘qishimga ota-onam pul to‘lashgan. O‘zim ham farzandlarimga kontrakt to‘lab, ya’ni o‘z pulimga o‘qityapman. Oylikning nimaga yetishini hisoblab berishim shart bo‘lmasa kerak.
Qaytaraman, qandaydir “stavka” qo‘yilishini, tamagirlik bilan olinishini qoralayman. Ammo ko‘ngildan chiqarib berilganini to‘g‘ri qabul qilaman.
***
Ko‘rinadiki, har qancha bahslashilmasin, bu borada yakdil fikr yo‘q, har ikki tomon o‘z argumentlarini keltiraveradi. Shu bilan birga, vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan, samarasi haminqadar tadbirlarga qaramasdan tug‘uruqxonalardagi norasmiy to‘lovlar turli shaklda davom etyapti.
Abror Zohidov,
Munira Toshniyozova,
Kun.uz.