«Nonni katta tishlasang ham gapni katta gapirma» – noo‘rin gapirib keyin afsuslangan yigit nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 17:16 / 15.06.2023 57684

Dono xalqimizda «Nonni katta tishlasang ham gapni katta gapirma» degan ibratli ibora bor. Bu ibora bekorga tez-tez aytilmaydi. Ko‘pchilikning orasida katta gapirib qo‘ygan insonlar keyinchalik boshlariga mushkul ish tushganda noqulay ahvolga tushib qolishadi. Ba’zilari umrining oxirigacha el-yurt orasida boshi egik holda yurishga majbur bo‘lishi ham mumkin.

Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub ham shu mavzuda bo‘lib, uni ancha yillardan buyon savdo bilan shug‘ullanib kelayotgan inson yuborgan ekan. Maktub muallifi boshidan o‘tgan hodisani hikoya qilar ekan, bir paytlar o‘ziga yaqin bo‘lgan insonlar haqqiga noo‘rin gapirib noqulay vaziyatga tushib qolganini yozgan:

«O‘shanda boshqalar sha’niga gapirgan noo‘rin gaplarim bir kun mening ham hayotimda sodir bo‘lishini yuzimni yerga qaratishini o‘ylamagan ekanman. Barchasi mening ham boshimga tushgach xato qilganimni anglab yetdim».

Maktub muallifi inson ayniqsa puli ko‘paygan vaqtda tiliga ehtiyot bo‘lishi, xatti-harakatlarini qattiqroq nazorat qilishi lozimligini, aks holda bilib-bilmay boshqalarning ko‘ngliga ozor yetkazib qo‘yishi mumkinligini ta’kidlaydi.

«Biz yashaydigan hududda nomus masalasiga juda jiddiy qaraladi. Shu sababli ham yigit va qizlarga yoshlikdan or-nomus masalalarida ehtiyot bo‘lish uqtiriladi.

Men ham ana shunday oilada ulg‘aydim. Oilada yagona o‘g‘il bo‘lganman. Otam har doim ayollarni xo‘rlash, ularga yomon munosabatda bo‘lish yomonligini, yigit kishi har doim ularga himoyachi bo‘lishini ta’kidlardi.

Yoshim ulg‘ayavergach erkak kishi oilaning asosiy ta’minotini gardaniga olishi lozimligini, turmush mashaqqatlarini xotiniga yuklamasligini aytardi.

Shuningdek, otam biron marta onamga yomon gapirganini, uni so‘kkanini yoki urishganini eslay olmayman. Jahli chiqqanda ham o‘zini tuta olardi. Shuningdek, hech qachon boshqalarning ishini muhokama qilmasdi. Ayniqsa birovning xotinini muhokama qilish erkak kishining ishi emas, derdi.

O‘shanda otamning barcha o‘gitlarini oldim deb o‘ylardim. Biroq unday emas ekan. Keyinchalik o‘ylamasdan gapirilgan gap ortidan boshim ancha egildi.

Oila qurganimdan so‘ng ancha yil ota-onam bilan birga yashadik. Shu orada birin-ketin farzandli bo‘ldik. Men shahrimizdagi savdo kompleksidan joy olib savdoga chiqa boshladim. Xotinim uyda bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Uylanganimga ancha yillar bo‘lib, bolalarimning to‘ng‘ichi o‘n yoshdan oshgan kezlarda birin-ketin ota-onam olamdan o‘tishdi. O‘sha paytlarda savdoda ishim yurishib turgan paytlar edi. Tagimda yangi mashina, uy-joyimni chiroyli qilib ta’mirlatdim. Qisqasi, xotinim va bolalarim uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan edi.

Do‘konda savdo qilar ekanman, yon-atrofimdagi savdogarlar bilan aka-ukaday bo‘lib ketdik. Ular bilan haftada bir marta «gap» o‘ynardik. Boshqa sabablar bilan tez-tez yig‘ilib turardik.

O‘sha paytda qo‘limda pul ko‘payib, menda salbiy xislatlar uyg‘ona boshladi. Otamning «Bolam, pul seni yomon tomonga o‘zgartirmasin. Nafsingni qattiq jilovlashni o‘rgan. Pul odamni yomon tomonga o‘zgartirsa eng evval uning og‘zidan chiqayotgan gapi o‘zgaradi. Katta gapirib maqtana boshlaydi. Shundan ehtiyot bo‘l» degan o‘gitlarini unutgan edim.

Puli kamroqlarni nazar pisand qilmay qo‘ydim. Yuklarimni do‘konga tashib beradigan aravakashlarni odam o‘rnida ko‘rmasdim. Pulini berayotganda o‘zimni ularning ish haqini berayotganday emas, go‘yo miskinga sadaqa qilayotganday tutardim.

Shuningdek, «Erkaklik vazifasi»ni qoyillatib bajarayapman, oilamni hech narsaga zoriqtirmayapman, xotinim ro‘zg‘or uchun ishlashga majbur bo‘lmayapti» deb o‘zimdan mag‘rurlanardim.

Bozorlarda, savdo komplekslarda savdo qilayotgan ayollarning erlari «erkaklik vazifasi» bajarmayapti, ro‘zg‘orning yukini xotinining zimmasiga tashlab qo‘yibdi deb o‘ylardim.

Shu orada menga qo‘shni bo‘lgan do‘konda savdo qiluvchi yigit ikki-uch kun do‘konni ochmadi. Biron joyga dam olishga ketgandir deb o‘yladim. Ammo shu orada do‘konga uning xotini chiqib savdo qila boshladi.

O‘sha paytda hech gapdan xabarim yo‘q, qo‘shnimdan nafratlana boshladim. Nahotki o‘zi uyda yotib xotinini savdoga chiqaradi? Erkak emas ekan degan xulosaga keldim.

Ko‘p o‘tmay qo‘shni do‘konda savdo qiladigan yigit kasal bo‘lib yotib qolgani, shunga savdoga xotini chiqayotgani haqida eshitib qoldim. Biroq o‘shanda ham fikrimdan qaytmadim: erkak emas ekan, joni sal og‘riganda savdoga xotinini chiqaribdi.

Keyin bilsam oila tashvishi, qolaversa qimmat dori-darmonlarga pul kerak bo‘lgani uchun qo‘shnim davolanayotgan paytda savdoga uning xotini chiqa boshlagan ekan. Biroq ungacha...

Qo‘shnimning ayoli juda odobli bo‘lib, savdo jarayonlarida uning mijozlarga oshiqcha gapirganini, ovozini balandlatganini ko‘rmadim. Ertalab kelib do‘konni ochadi. Kun bo‘yi savdo qilib, boshqalardan biroz oldin do‘konini yopib ketadi.

Qo‘shni yigitning ayoli yonimdagi do‘konda savdo qilar ekan yig‘inlarda, «gap»da o‘tirganimizda mavzuni undan ochardim. «Faloncha erkak emas ekan. Xotinini savdoga chiqarib qo‘yibdi. Yigit kishi hech qachon xotinining qo‘liga qaramaydi. Unga og‘ir ishlarni yuklamaydi», derdim. Yigitlar bu gapimni eshitmaslikka olib, mavzuni boshqa tomonga burishardi. Ammo bu gapni har gal takrorlayverganimdan so‘ng bittasi menga yomon gapirdi:

«Oshna, anchadan buyon shu gapingni necha marta takrorlading, bo‘ldi-da. Shu yigit kasal bo‘lguncha biz bilan bir safda edi, o‘tirishlarimizga, gapga kelardi. Betob bo‘lib yotib qoldi, biron marta ko‘rgani bordingmi? Ahvolini so‘radingmi? Balki bor puli davolanishga ketayotgandir, uch-to‘rt so‘m yordam qildingmi? Birontasini qilganing yo‘q. Shu ayol ro‘zg‘orini o‘tkazish va betob yotgan erini davolatish uchun majbur bo‘lib savdoga chiqyapti. Nima, buning o‘rniga ko‘chaga chiqib tanasini sotsinmi? Birovni yomonlab katta gapirma, ertaga shu kun o‘zingning ham boshingga tushib qolishi mumkin.

O‘sha paytda bu gaplarni eshitib mulohaza qilish o‘rniga to‘nimni teskari kiydim va jahl bilan o‘rnimdan turib ketdim. Ketishdan avval esa yana katta gapirib qo‘ydim: men kasal bo‘lib o‘lsam ham xotinimni savdoga chiqarmayman.

Shundan so‘ng savdogar yigitlar bilan «gap» o‘ynashni yig‘ishtirdim. Qancha chaqirishsa ham boshqa yig‘inlarga bormadim.

«Hozir qasos qirq yilda emas, qirq kunda qaytyapti» deyishsa ishonmasdim. Lekin qasos qirq kunda qaytdi. Ko‘p o‘tmay o‘zim kasallikka chalindim. Tekshiruvlardan so‘ng tuzalib ketishim uchun uzoq vaqt davolanishim lozimligi oydinlashdi.

Davolanar ekanman, avvaliga do‘konni yopib qo‘yishga majbur bo‘ldim. Dori-darmon va davolanish uchun ko‘p pul sarflardim, bir-ikki oy o‘tar-o‘tmas qo‘limdagi jamg‘arma tugadi. Ko‘p o‘tmay mashinamni sotib, uning pulini ham dori-darmonga ishlatdik. Shundan so‘ng chorasiz qoldim.

O‘sha paytda do‘konimda ancha pulli tovarlar bo‘lib, kimdir chiqib savdo qilsa qo‘lim yana pul ko‘rib, muammolar hal bo‘lardi. Aks holda davolanish oxiriga yetmay kasallik hayotimga xavf tug‘dirishi mumkin edi. Boshqa tomondan esa ro‘zg‘or o‘tkazish uchun ham pul kerak.

Muolajalarni olib yotar ekanman, bu paytda tavbamga tayanib bo‘lgandim. Bir paytlar qo‘shni yigitning xotini savdoga chiqqanini gapirganim uchun afsulanardim. Ikkinchi tomondan xotinimga savdoga chiq deb aytishga xijolat bo‘layotgandim. Keyin bilsam xarakterimni yaxshi bilgan xotinim ham bu haqda menga aytolmay turgan ekan

Kunlarning birida baribir majbur bo‘lib xotinimga savdoga chiqishini aytdim. Unga og‘ir bo‘lmasin deb opasining yozgi ta’tilda yurgan o‘g‘lini chaqirdik. Shu tariqa mening o‘rnimga do‘konda xotinim savdo qila boshladi.

Shundan so‘ng yana qo‘limiz pul ko‘rib, oxirigacha davolanishim uchun imkoniyat bo‘ldi. Ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklar ham barham topdi.

Bemor yotar ekanman do‘kondor yigitlar bir necha marta meni ko‘rgani kelishdi. Oxirgi marta kelishganda ular orasida qo‘shni yigit ham bor edi. U tuzalib ketibdi va do‘konni yana o‘zi yurita boshlabdi.

Yigitlar har gal kelishganda harna yordam bo‘ladi deb baholi qudrat pul berib ketishardi. O‘shanda bir paytlar gapirgan gaplarim uchun juda afsuslanardim va yigitlarning ko‘ziga qaray olmasdim.

Ko‘p o‘tmay men ham sog‘ayib ketdim. Shifokorlar yana bir muddat uyda dam olishim mumkinligini aytishdi.

«Uyda yotarkanman deb batamom yotib olmang. Turib yuravering, ko‘chalarga chiqing. Xohlasangiz sayr qilib keling. Faqat hozircha sizga kuni bilan tik oyoqda qolishga va yuk ko‘tarishga ruxsat yo‘q», deyishdi shifokorlar.

Uyda zerikib aylangani chiqqan vaqtlarimda do‘konga ham borib turdim. Bir paytlar katta gapirganimdan afsuslanib, xijolat bo‘lib yurganimni do‘kondor yigitlar bilishardi. Shu uchun ularning birontasi eski gaplarni yuzimga solmasdi.

Do‘konga borganimdan ular qo‘ymay oldilariga chaqirib olishar va ko‘nglimni ko‘tarishardi. «Aka, sizsiz na o‘tirishlarda, na «gap»da fayz yo‘q. Tezroq safimizga qayting» deyishardi. Shunday paytlarda ular bilan u yoq-bu yoqdan birpas gaplashib o‘tirardik.

Biroz muddatdan so‘ng batamom sog‘ayib do‘konga qaytdim. Xotinimga xohlasa savdoga chiqaverishini aytgandim u rad etdi:

«Dadasi, hamma ishning o‘z qiyinchiliklari bor deyishganda ishonmasdim. Savdoga chiqib yurgan paytlaringizda sizga mazza deb o‘ylardim. Biroq adashgan ekanman. Kuni bilan tik oyoqda bo‘lish, ming xil xarakterdagi odamlar bilan muloqot qilish men o‘ylaganchalik oson ish emas ekan. Siz to‘liq tuzalib oling deb indamagandim. Endi ishingizni o‘zingizga topshiraman».

Ko‘p o‘tmay yana savdoga chiqdim. Yana qo‘shni do‘kondor yigitlar bilan yig‘iladigan, ular bilan «gap» o‘ynaydigan bo‘ldim. Biroq zinhor katta gapirmaydigan bo‘ldim.

Navbatdagi «gap»larning birida qo‘shni yigitdan va boshqalardan uzr so‘radim. Ular uzrimni qabul qilishdi. O‘shandan buyon doim  «Nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma» deb o‘zimga o‘zim takrorlab yuradigan bo‘ldim».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: