Kaliforniyaning Varda startapi dunyodagi birinchi kosmik farmatsevtika zavodining muvaffaqiyatli ishga tushirilganini e’lon qildi. Uning o‘lchami yoga to‘pidek (75 sm) bo‘lib, hozir Yer yuzasidan 1 ming km balandlikda uchmoqda. Parvoz 12 iyun kuni Falcon 9 raketasida amalga oshirilgan.
Hafta davomida mini-zavod funksionalligini tekshirish uchun sinovdan o‘tkaziladi. Agar hammasi rejadagidek bo‘lsa, mashina 1960 yillardan beri qo‘llanilayotgan OIV/OITS kasalligiga qarshi ritonavir dorisi bilan tajriba o‘tkazishni boshlaydi. Mini-zavod sinov namunalarini ishlab chiqaradi va fazoda o‘stirilgan kristallar tarkibini tahlil qiladi.
Varda fikriga ko‘ra, mikrogravitatsiya sharoitida Yerda imkonsiz bo‘lgan kristallanishga erishish va hatto uning yangi turlarni yaratish mumkin. Bu dori vositalarining biologik imkoniyatlarini yaxshilaydi, saqlash muddatini oshiradi, shuningdek, yangi dori vositalari va qo‘llash usullarini ishlab chiqadi.
Bunday dorilarga misol qilib Blinatumomab (Blincyto nomi bilan sotuvga chiqqan) keltirilmoqda. Bu o‘tkir limfoblastik leykemiyani davolash uchun mo‘ljallangan preparat bo‘lib, 1 kilogrammi 114,3 milliard dollar turadi. Bundan tashqari, mRNK-vansin misoli ham o‘rinli. Pfizer tomonidan koronavirus vaksinasi ishlab chiqarish uchun taxminan 7,6 litr mRNK kerak bo‘ldi. Uning qiymati 75 milliard dollarga teng edi.
Shuning uchun koinotdagi laboratoriyalar yangi dori vositalarini ishlab chiqish va mavjud bo‘lgan ba’zilarini ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish uchun qiziqish uyg‘otadi. Kosmik yuk tashish arzonlashib borayotganligi sababli (asosan xususiy kosmik kompaniyalar tufayli), Varda orbital zavodi uzoq vaqt davomida yagona bo‘lib qolishi dargumon.
Birinchi Varda laboratoriyasi orbitada avgustgacha qoladi, keyin pasayadi. Atmosferaning quyi qismida u parashyutlarini ochib, Yuta (AQSh) shahridagi poligonga yumshoq qo‘nishni amalga oshiradi. Olimlarning fikricha, qo‘nish jarayoni uskuna va dori vositalariga zarar yetkazmaydi. Agar birinchi urinish muvaffaqiyatli bo‘lsa, Varda yil oxirigacha ikkinchi sun’iy yo‘ldoshni uchiradi va kelajakda dori bilan materiallarni raketalarda yetkazib berishni tashkil qilishni rejalashtirmoqda.