SSV: O‘zbekistonda robot-xirurg yordamida bajarilayotgan operatsiyalar AQSh tajribasi asosida ommalashtiriladi

Jamiyat 17:47 / 13.06.2023 15859

2023 yil may oyida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Qo‘shma Shtatlarga xizmat safari chog‘ida xuddi shu yo‘nalishda Amerikaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan edi.

Bu muhim kelishuvlar bugungi kunga kelib o‘z amaliy natijalarini bera boshladi. Xususan, AQShning Pensilvaniya shtati, Filadelfiya shahrida joylashgan Templ universiteti klinikasi hamkorlik uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Yuqori reyting ko‘rsatkichlari, 125 yillik tajriba va 750 o‘rin-joyga ega ushbu yirik hamda nufuzli muassasa onkourologiya yo‘nalishidagi innovatsion muolaja usullari bilan mashhur. Xususan, bu yerda yuqorida so‘z yuritilgan robot-jarrohlardan 8 tasi mavjud. Ular yordamida kuniga 10-15 ta murakkab operatsiya muvaffaqiyatli bajarilmoqda.

«Aslida, mazkur texnologiya O‘zbekiston uchun ham yangilik emas. O‘tgan yili Koreya Respublikasining Meere kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Revo-i rusumli robot-xirurg ilk bor mamlakatimizga olib kelinib, poytaxtimizdagi Shox International Hospital’ga o‘rnatilgan edi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Oradan 9 oyga yaqin vaqt o‘tib, nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda ham noyob bo‘lgan ushbu robot-jarroh orqali 84 nafar bemor innovatsion usulda og‘ir darddan xalos bo‘ldi.

Mamlakat tibbiyoti tarixida ilk bor «temir shifokor» yordamidagi operatsiyalarni boshlab bergan va mazkur texnologiyaga operatorlik qilgan onkoxirurg Zarifxo‘ja Bahodirxonov hozir AQShning Filadelfiya shahrida bo‘lib turibdi. U Templ universiteti klinikasi taklifiga binoan ushbu tibbiyot muassasasida davlat hisobidan malaka oshirmoqda.

Mutaxassis zamonaviy xirurgik texnologiyalar bo‘yicha shu paytgacha Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan. Qolaversa, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida aynan Revo-i robot texnologiyasi bo‘yicha Koreyada ikki marta bilim va mahoratini boyitib qaytgan.

«Robotning jarrohlik asboblari kichik o‘lchamli bo‘lib, inson qo‘liga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi. U orqali bajariladigan onkologik amaliyotlar o‘simta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayoti uchun muhim bo‘lgan boshqa organlarga ta’sir qilmasligi, minimal qon yo‘qotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sog‘ayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega», deydi Zarifxo‘ja Bahodirxonov.

Mutaxassis xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda robotoxirurgiyaning taraqqiy etishi ikki omilga bog‘liq. Birinchisi — texnologiyani boshqara oladigan mutaxassislar tayyorlash bo‘lsa, ikkinchisi — mamlakat tibbiyotida robotlar sonini oshirish.

Bu borada dastlabki qadam tashlangan. Endigi vazifa — robot bilan birga operatsiya qiluvchi ko‘p sonli xirurglar zaxirasini shakllantirish. Shunda bu innovatsion texnologiya onkologiya va onkourologiya yo‘nalishlaridagina emas, milliy tibbiyotning barcha jabhalarida faol qo‘llana boshlaydi.

Bu sohada AQShning Templ universiteti klinikasi — munosib hamkor. Z.Bahodirxonov bunga izoh berar ekan, mazkur muassasadagi deyarli barcha murakkab operatsiyalar robot-xirurg yordamida bajarilishini ma’lum qildi.

Yana bir e’tiborli jihati, universitet klinikasida bunday kam invaziv muolaja usulini boshdan o‘tkazgan bemorlarga operatsiyadan 1 kun o‘tib, uyga javob beriladi. Kam hollarda bu muddat 2-3 kunga cho‘zilishi mumkin.

«Muassasadagi ilg‘or tajribani o‘rganish uchun 87 ta savol tayyorlab kelgan edim, — deydi mutaxassis. — Hozirgacha ulardan 60 tasiga javob topdim. Malaka oshirish kursi yakunigacha qolgan savollar bo‘yicha ham keng ma’lumotlarga ega bo‘lishga ishonchim komil».

«Templ universiteti klinikasi professorlari O‘zbekiston tibbiyotida robot texnologiyasidan foydalanila boshlagani va bu yo‘nalishda bajarilayotgan operatsiyalardan xabardor ekan.

Shu bois yurtimizda qisqa muddatda erishilgan yutuqlar haqida jamoadoshlari uchun taqdimot o‘tkazib berishni so‘rashdi va bu boradagi sa’y-harakatlarimizni yuqori baholashdi.

Safar yakunida Templ universiteti klinikasi bilan robot-xirurg texnologiyasini O‘zbekistonda keng ommalashtirish uchun hamkorlik memorandumini imzolashni rejalashtirganmiz. Bu kelishuv doirasida shifokorlarimiz yiliga 1-2 marta AQShga borib, malaka oshirish imkoniga ega bo‘ladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Qolaversa, shu yil sentabr oyida klinika professorlari O‘zbekistonga kelib, ish tajribasi bilan yaqindan tanishishga, o‘z navbatida o‘zbekistonlik hamkasblari uchun mahorat darslari o‘tkazishga tayyor ekanligini ma’lum qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: