Islom moliyasi – sog‘lom iqtisodiyotga qadam

Iqtisodiyot 21:09 / 13.06.2023 39935

Foizsiz iqtisodiyot modelining global iqtisodiy jarayonlarda faolligi ortib bormoqda. Qarzga asoslangan an’anaviy iqtisodiyot moddiy aktivlar bilan yoki ularni yaratish amaliyotlari bilan to‘liq ta’minlanmagani bois, iqtisodiyotda haddan tashqari pul massasining ko‘payishi, inflatsiyaning ortishi hamda ishsizlik darajasi ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Bular esa global iqtisodiy inqirozga olib keluvchi asosiy omillardan.

Xalqaro valuta fondining o‘rganishlariga ko‘ra, 2008 yildagi global iqtisodiy inqiroz natijasida eng kam talofat ko‘rgan va chidamli moliyaviy tizim bu islomiy banklar bo‘lgan. Shu bois, so‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlarda islom moliyasi bozori rivojlantirilmoqda.

Islom moliyasining asosiy jihati – har bir moliyalashtirish amaliyotining aktivlar bilan ta’minlanganidir. Bu yerda mablag‘lar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish kabi faoliyatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘naltiriladi. Islom moliyasi ortiqcha, bo‘sh pul massasining paydo bo‘lishida ishtirok etmaydi hamda foizga asoslangan qarz munosabatlarini amalga oshirmaydi.

Islom moliyasining rivojlanish ko‘rsatkichi (IFDI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda islom moliya sanoatining jami aktivlari hajmi qariyb 4,0 trillion AQSh dollariga yetgan va 2020 yilga nisbatan 17 foizga o‘sgan. Hisobotga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2026 yilga borib 6 trillion dollargacha ko‘tarilishi kutilmoqda. 2021 yil holatiga, 76 davlatda 566 ta islomiy bank, 50 ga yaqin davlatda 335 ta takaful (islomiy sug‘urta) islomiy moliya institutlari faoliyat yuritmoqda.

Islom moliyasiga bo‘lgan talabning oshishi sabab geografik joylashuvi qulay bo‘lgan shaharlar o‘zlarini islom moliyasi habi o‘laroq tanitishga harakat qilishmoqda. Bu borada Dubay, London, Kuala-Lumpur va Manama peshqadam.

Dubay, Birlashgan Arab Amirliklari

Dubay – global islom moliya sanoatidagi eng muhim markazlardan biri. Amirlikning Afrika, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik joylashuvi, kuchli islomiy moliya tizimi va innovatsiyalar bo‘yicha obro‘si unga musulmon va musulmon bo‘lmagan mamlakatlardan investorlar va moliyaviy institutlarni jalb qilish imkonini bermoqda.

BAA Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 6 ta to‘liq islom banki, 2 ta xorijiy islom banki va islomiy bank xizmatlari darchalariga ega 15 ta an’anaviy bank mavjud. Mamlakatning islomiy moliya bozorini standartlashtirish maqsadida 2018 yilda Markaziy bank Oliy shariat boshqaruvini (HSA) tashkil etdi. HSA islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari bilan bog‘liq fatvolar (diniy hukmlar) chiqarish, shuningdek, shariatga mos keladigan yangi moliyaviy mahsulotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun javobgardir.

Kuala-Lumpur, Malayziya

IFDI 2022 hisobotiga ko‘ra, Malayziya 650 milliard AQSh dollari miqdorida (2,95 trillion malayziya ringiti) islomiy bank aktivlariga ega. Mamlakatda to‘liq islomiy yoki islomiy moliyaviy mahsulotlarni taklif qiluvchi islomiy bank darchalari bo‘lgan 38 ta bank mavjud. Fitch Rating ma’lumotlariga ko‘ra, islomiy moliyalashtirish Malayziyaning 2022 yilda jami bank kreditlarining 41 foizini tashkil qilgan.

Malayziya Markaziy banki o‘zining islomiy moliyaviy xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (2013) orqali islom moliya muassasalari uchun mustahkam islomiy moliya qoidalarini joriy qilgan. Qonun islomiy moliya muassasalarini litsenziyalash va nazorat qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozor xatti-harakatlarini o‘z ichiga olgan masalalarni qamrab oladi. Markaziy bank shuningdek islomiy moliya bilan bog‘liq shariat masalalari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq va qarorlar taqdim etadigan Shariat maslahat kengashiga (SAC) ega. SAC islom huquqshunosligi va moliyasi bo‘yicha olimlar va ekspertlardan iborat.

London, Buyuk Britaniya

London – kuchli me’yoriy-huquqiy bazasi, yirik va likvid fond birjasi hamda ixtisoslashgan yuridik, sarmoyaviy va maslahat xizmatlari tufayli Yevropada islomiy moliya bo‘yicha yetakchi markaz hisoblanadi.

Britaniyada to‘rtta islom banki mavjud: Bank of London and Middle East, Gatehouse Bank, Al Rayan Bank, Qatar Islamic Bank UK banklaridir. TheCityUK'ning 2022 yil hisobotga ko‘ra, Buyuk Britaniyada joylashgan islom banklarining aktivlari 2021 yilda qariyb 7,5 milliard AQSh dollarni tashkil etdi, bu global islom banki aktivlarining taxminan 0,3 foizini tashkil qilsa-da, Buyuk Britaniya hissasiga Yevropa islom banklari aktivlarining (Turkiyadan tashqari) 85 foizi to‘g‘ri keladi.

Manama, Baxrayn

Mamlakatda oltita islom chakana banki, 13 ta ulgurji bank hamda an’anaviy banklarda to‘qqizta islomiy bank darchalari mavjud. Bahrayn Markaziy banki (BMB) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda shuningdek oltita takaful va ikkita re-takaful kompaniyalari mavjud. BMB o‘zining islomiy moliya sanoati uchun kuchli tartibga soluvchi muhitni ishlab chiqdi va bu sohaning barcha ishtirokchilari shariatga rioya qilishlarini ta’minlaydigan nazorat shariat kengashini o‘z ichiga oladi.

Islom moliya muassasalari va sohaning boshqa ishtirokchilari uchun shariat standartlarini (qoidalarini) ishlab chiqish, ularni targ‘ib qilish, ushbu soha doirasida mutaxassislar yetishtirish, ularni imtihon qilish va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro mustaqil tashkilot (AAOIFI) Manamada joylashgan. U islomiy moliya institutlari uchun shariat, buxgalteriya hisobi, audit, axloq va boshqaruv sohalarida 100 ta standart ishlab chiqqan. AAOIFI standartlariga 45 mamlakatda amal qilinadi.

Turkiya

Turkiya islom moliyasi habi maqomini qo‘lga kiritish uchun yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. 2021 yilda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulning islom moliyasi markazi bo‘lishi uchun jiddiy qadamlar tashlanganini ta’kidladi. Bugungi kunda Turkiyada 6 ta islom banki mavjud bo‘lib, ularning Turkiya bank bozoridagi ulushi 10 foizga yetgan. Hukumat ushbu ko‘rsatkichni 2025 yilgacha 15 foizdan oshirishni maqsad qilib qo‘ygan. Shu yili (2021) Moody’s global reyting agentligi Turkiyaning islomiy bank aktivlari keyingi 5 yil ichida kamida 2 baravar ko‘payishini taxmin qildi, bunday tez o‘sishga Turkiya hukumati tomonidan yaratilayotgan huquqiy asoslar hamda shart-sharoit sabab ekani ko‘rsatilgan.

Islom moliyasining rivojlanish ko‘rsatkichlari hisobotiga ko‘ra, 2021 yilda Qozog‘iston va Qirg‘istonda islom moliyasida o‘sishlar kuzatilgan.

Joriy yilning 29 may kuni Pokistonda islom kapital bozori bo‘yicha bo‘lib o‘tgan konferensiyada Pokiston Markaziy banki rahbari Jamil Ahmad Pokiston iqtisodiyoti 2027 yilga kelib foizsiz bo‘lishini va bu borada kerakli tadbirlar amalga oshirilayotganini aytgan.

2023 yil 29 may kuni Indoneziya moliya vaziri Shri Mulyani Indravati mamlakatda islom iqtisodiyoti rivojlantirilishini, bu borada kichik va o‘rta biznes qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.

O‘zbekiston

O‘zbekiston islom moliyasini rivojlantirish potensiali yuqoriligiga qaramasdan, bu borada qilingan ishlarni halqaro ekspertlar “qilinishi kerak bo‘lgan ishlardan ancha kam” deb baholamoqda. Xususiy sektor vakillari tomonidan islom moliyasi mahsulotlarining ba’zi turlari taklif etilayotgan bo‘lsa-da, davlat tomonidan islom moliyasini joriy qilish bo‘yicha huquqiy asoslarning yaratilishi oqsayapti.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2030 yilga qadar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotni ikki baravarga ko‘paytirish maqsadi e’lon qilindi. Bu ko‘rsatkichlarga erishishda investitsiyalarning o‘rni katta.

So‘nggi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, aholining ma’lum qismi an’anaviy bank hizmatlaridan diniy e’tiqod nuqtayi nazaridan foydalanmaydi. Bu o‘z navbatida aholi qo‘lidagi bo‘sh pul mablag‘lari, jamg‘armalarining iqtisodiyotda faol harakatsiz, qo‘shilgan qiymat yaratmasdan turganini bildiradi. Islom moliyasi bu mablag‘larning aktiv harakatini ta’minlash evaziga faol iqtisodiy investitsiyalarning paydo bo‘lishiga zamin yaratishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Jahon banki hisobotiga ko‘ra, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YaIM) 2021 yilda:

·       past daromadli mamlakatlar – 1085 AQSh dollari yoki undan kam;

·       past o‘rta daromadli mamlakatlar – aholi jon boshiga YaIM 1086 AQSh dollardan 4255 dollargacha,

·       yuqori o‘rta daromadli mamlakatlar – aholi jon boshiga YaIM 4256 AQSh dollardan 13205 AQSh dollargacha,

·       yuqori daromadli davlatlar – aholi jon boshiga YaIM 13205 AQSh dollar va undan yuqoriligi belgilangan (hisoblangan).

O‘zbekiston 2030 yilgacha yuqori o‘rta daromadli davlatlar safiga qo‘shilishi uchun boshqa sohalar qatori bank moliya sohasida ham jiddiy islohotlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, 2030 yilgacha O‘zbekistonning mintaqada islom moliyasi bo‘yicha markaz bo‘la olish istiqbolini yaratish, rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish muhim.

Kambag‘allikni kamaytirishga qarshi kurashishda, tashqi qarzga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli darajada kamaytirishda islom ijtimoiy moliyasi instrumentlari bo‘lmish zakot va vaqf tizimini xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda institutsional tizimga solish ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan samarali bo‘ladi.

Sharsiz yordam bo‘lmaydi

Shu o‘rinda aytilishi kerak bo‘lgan narsa shuki, ba’zi xalqaro moliya institutlari tomonidan qarzlar shunchaki berilmaydi, ustama bilan qaytarish yoki jiddiy shartlar bilan beriladi. Kezi kelganda esa, ular davlatning ichki ishlariga jiddiy aralashib boshlashadi.

Mashhur turk iqtisodchisi va yozuvchisi Shavkat Pamuq interyularidan birida quyidagi mazmundagi iborani ishlatgan edi: “Qarz beruvchi tashkilotlar qo‘ltiq tayoqqa o‘xshaydi, unga suyanishga odatlanganlar, ertaga yana o‘sha tayoqqa ehtiyoj sezadi, bundan qutilish uchun, davlat o‘zi oyoqqa turishni o‘rganishi va o‘zining tarkibiy muammolarini o‘zi hal qilishi lozim”.

Demak, surunkali fiskal muammolar vaqtinchalik vositalar orqali yechilmasligi, balki muammo ildizlari davolanishi zarur. Moliya bozorini innovatsion va inklyuziv rivojlantirish, ichki mavjud potensialni rag‘batlantirish orqali tizimli ishlash lozim. Moliya bozorining ko‘p qirrali rivojlanishi investorlarning geografik qamrovining ortishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidentining diplomatik uchrashuvlari va ishonchli hamkorlik kelishuvlari mamlakatga investitsiya oqimining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Misol, Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi. Fors ko‘rfazi davlatlari eng yirik sarmoyadorlardan hisoblanadi, islom moliyasining rivojlanishi nafaqat mahalliy investorlar tomonidan, balki mazkur davlatlardan xususiy sektorga sog‘lom investitsiyalarning kirib kelishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Islomiy moliya bu – sheriklikka, aktivlar bilan ta’minlanganlikka asoslangan, axloqiy, barqaror, ekologik va ijtimoiy mas’uliyatli moliya bo‘lgani bois, uning iqtisodiyot, jamiyat, atrof-muhit uchun hech qanday tahdidiy alomatlari yo‘q, aksincha, an’anaviy moliya tizimidan ko‘ra shaffof va moliyalashtirish obekti aniq va ravshan bo‘lgan moliya tizimidir. Uni rivojlantirishimiz kerak.

Iskandar Tursunov,
islom iqtisodiyoti va moliyasi mutaxassisi

Ko‘proq yangiliklar: