Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Nurafshon shahrida 127 ta to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmalarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, davlatga 1,5 mlrd so‘m zarar yetkazgan shaxslar ushlangani haqida xabar bergandi.
Rasmiy xabarda mayning qurilmalari Nurafshon shahri “Oybek” MFYdagi fuqaro A.U.ga tegishli noturar binoga o‘rnatilgani, xorijiy davlat fuqarosi Y.S. va fuqaro B.R. elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani ta’kidlanadi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) va 185-2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ammo negadir tergov organi tomonidan Nurafshonda firma ochgan Janubiy Koreya fuqarosi va unga noturar joyini ijaraga bergan shaxs qolib, ularga tilmochlik qilgan tarjimon ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Xorijlik tadbirkorga tarjimonlik qilgan Botirjon Rahimovning rafiqasi Guliniso Solijonova Kun.uz’ga murojaat qilib, eriga nisbatan qo‘llangan ehtiyot chorasi asossiz ekani, tergov davomida protsessual normalar qo‘pol ravishda buzib kelinayotgani, bu borada yuqori instansiyalarga qilgan murojaatlaridan foyda bo‘lmayotganini bildirdi.
Ayol umr yo‘ldoshi 2021 yilning 16 martidan buyon “EMKOREA” MChJ QKda tarjimon sifatida ishlab kelayotgani, korxona uy-joy oldi-sotdi va ijarasi bo‘yicha reeltorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelganini aytmoqda. Korxona ta’sischisi va rahbari Yang Sing Min, jamiyat ish boshqaruvchisi esa Cho Hyun Tay bo‘lib, har ikki shaxs Koreya Respublikasi fuqarolari hisoblanadi. Botirjon Rahimov ushbu ikki shaxsga tarjimonlik xizmatini ko‘rsatib kelgan.
Korxona Nurafshon shahar Oybek mahallasida joylashgan Akmal Usmonovga tegishli noturar binoda tashkil etilgan. Korxona parranda tuxumini dudlab pishirish, so‘ngra ularni qadoqlab sotuvga chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan.
Guliniso Solijonova Kun.uz’ga taqdim etgan suratlar ayni maqsadda Janubiy Koreyadan tegishli uskunalar olib kelib, korxona tomonidan ijaraga olingan joyga o‘rnatilganini tasdiqlaydi.
“Koreyaliklar bu yerga tuxumni dudlab pishiradigan texnika olib kelib o‘rnatishgan. Erim 3 mln so‘m oylikka ishlagan. Uning vazifasi Janubiy Koreya fuqarolarining mahalliy aholi bilan, shuningdek, korxona faoliyatiga daxldor masalalarda davlat idoralari xodimlari bilan muloqotida tarjimonlik qilish, ya’ni har ikki tarafning so‘zlarini qarshi tomonga tushunarli tilda yetkazish bo‘lgan.
Korxona Akmal Usmonovga tegishli noturar binoda tashkil etilgan, Usmonov ijara haqi sifatida har oy 6000 dollardan olib kelgan. Kelishuvga ko‘ra, elektr energiyasi va boshqa xarajatlarning pulini ijaraga beruvchi to‘lashi kerak bo‘lgan.
Korxonada erimdan tashqari yana bir qancha ishchilar bor. Qolaversa, ikkita koreyalik rahbar bor. Ularning birortasi tergovga jalb qilinmagan”, deydi Guliniso Solijonova.
Murojaatchining ta’kidlashicha, turmush o‘rtog‘i 2023 yilning 23 martida IIB binosiga olib ketilgan. U yerda ikki kun ushlab turilgach, 25 mart kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
“Ramazonning birinchi kuni edi. Og‘iz ochishlari bilan IIB xodimlari kelib ushlab ketishgandi. Shundan beri uyga qaytganlari yo‘q. Erimga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini asossiz deb hisoblayman. Boisi u Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi bilan ayblanmoqda. Aslida bu ayblov ham asossiz.
Men shu paytgacha bir necha marta yuqori turuvchi idoralarga murojaat qildim. Viloyat va shahar prokuraturasi rahbariyati qabulida bo‘ldim, ulardan adolat istadim. Tergovchilar ushbu murojaatlarimdan keyin erimni tezda qo‘yib yuborishga rahbarlar oldida va’da berib, amalda bu va’dalarini bajarmay kelishmoqda”, deydi Guliniso Solijonova.
Murojaatchining ta’kidlashicha, mazkur jinoyat ishi tergovi bir tomonlama olib borilayotgani, asosiy gumondorlar qolib jinoyat ishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan shaxs – umr yo‘ldoshi qamab qo‘yilgani, bu vaqtda eri ishlagan firmaning rahbarlari va ularga mulkini ijaraga bergan shaxs ochiqda yurgani haqida yuqori instansiyalarga yo‘llagan shikoyatlaridan so‘ng erim qamalganidan 53 kun o‘tibgina 19 may kuni Akmal Usmonov ham protsessual tartibda ushlangan.
Guliniso Solijonova advokatlari bergan ma’lumotga tayanib, Akmal Usmonov Botirjon Rahimov bilan yuzlashtirish chog‘ida uning oddiy tarjimon ekani, bu ishlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini tan olganini aytmoqda.
Toshkent viloyati IIBBning tergov nazoratiga mas’ul boshqarmasi mansabdori tergovchilar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga tayanib, mazkur vaziyat bo‘yicha izoh berarkan, Botirjon Rahimov har oylik elektr energiyasi xarajati va boshqa kommunal to‘lovlarni o‘z ichiga olgan 6000 dollar miqdoridagi ijara pulini Akmal Usmonov bilan tuya qilgani, bu ularning tergov davomidagi ko‘rsatmalarida ham o‘z aksini topganini ta’kidlagandi.
Biroq gumonlanuvchining umr yo‘ldoshi tomonidan tahririyatga taqdim etilgan hujjatlarda oylik ijara haqi sifatida kelishilgan 6000 dollarni “EMKOREA” MChJ QK ta’sischisi va rahbari Yang Sing Min Akmal Usmonovga shaxsan topshirgani, u esa pulni qabul qilib olganini o‘z imzosi bilan tasdiqlagani aks etgan.
Biroq shunga qaramay Nurafshon shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi Botirjon Rahimovga nisbatan qo‘llangan ehtiyot chorasini bekor qilishga shoshilmayapti. Bu ishlar ortida shunchaki tergovchilarning injiqligi turibdimi yoki boshqa gaplar ham bormi? Kun.uz vaziyat yuzasidan mutasaddi organlardan izoh kutib qoladi.
Jamshid Niyozov, jurnalist