Yoz — ta’lim muassasalari uchun ta’til mavsumi. Yil davomida sohada mehnat qilgan o‘qituvchi va murabbiylar bu davrda hordiq chiqarish imkoniga ega bo‘lishadi. Shuni hisobga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga ko‘ra, joriy yil 1 iyuldan 1 avgustgacha respublika bo‘ylab «O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi» aksiyasi o‘tkaziladi.
Bu davrda mamlakatdagi ta’lim sohasi xodimlari — maktab o‘qituvchilari va bog‘cha tarbiyachilari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkaziladi.
Ayni damda 10 118 ta umumta’lim maktabida 6,3 mln nafardan ziyod o‘quvchiga qariyb 510 ming nafar o‘qituvchi ta’lim beradi.
Shuningdek, 29 420 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularda 2,1 mln nafar bola tarbiyalanadi.
SSV matbuot xizmati xabar berishicha, aksiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘riladi.
Buning uchun dastlab ta’lim sohasi xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent ro‘yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.
Shundan so‘ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘riklar yakunida:
- hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog‘lomlashtiriladi;
- o‘tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
- yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.
O‘z navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan ko‘riklar o‘tkaziladi.