Qoraqalpog‘istonda ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi 

Iqtisodiyot 20:44 / 12.06.2023 30525

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritildi. 

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan hamda mazkur hududda faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlar (bundan yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar mustasno) 2028 yil 1 yanvargacha:

- foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi; 

- ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa yiliga BHM bir baravari (330 ming so‘m) miqdorida to‘laydi. 

Agar soliq to‘lovchi mazkur imtiyozlar bilan bir qatorda bir vaqtning o‘zida boshqa asoslar bo‘yicha soliq imtiyozlariga doir huquqqa ega bo‘lsa, bunday soliq to‘lovchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra eng qulay soliq imtiyozini tanlashga haqli bo‘ladi. 

«Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) 2027 yil 1 oktyabrgacha konsullik yig‘imini hamda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: