Markaziy bank denominatsiya haqidagi mish-mishlarni rad etdi

Iqtisodiyot 15:30 / 12.06.2023 36671

Internetda tarqalgan va rasman rad etilgan mish-mishda milliy valutaning 10000:1 nisbatda yangi pul belgilariga almashtirilishi hamda eski va yangi pul belgilari 2025 yilgacha parallel ravishda muomalada bo‘lishi iddao qilingan.

“Ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas, bugungi kunda pul birligini denominatsiya qilish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Markaziy banki tomonidan ko‘zda tutilmagan”, – deyiladi MB rasmiy axborotida.

O‘zbekistonda denominatsiya haqidagi mish-mishlar va rasmiylar munosabati

Ma’lumot uchun, denominatsiya – hisob-kitoblarni ixchamlashtirish maqsadida qog‘oz pul nominali (yozib qo‘yilgan qiymati)ni pasaytirish hisoblanadi. Bunda katta nominaldagi kupyuralar yangi, kichik nominaldagi kupyuralarga almashtiriladi.

O‘zbekistonda 1994 yilda so‘m-kupon 1000:1 nisbatda so‘mga denominatsiya qilingan.

Oxirgi marta 2019 yilda pul birligini yangi pul birligiga almashtirish masalasi muhokama qilingan. O‘shanda ham ijtimoiy tarmoqlarda yangi pul birligi 10000:1 nisbatda muomalaga kiritilishi, plastik kartadagi pullar 2020 yil 1 yanvardan avtomatik ravishda to‘rtta nolni yo‘qotishi haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq Markaziy bank bu xabarlarni rad qilib chiqqandi.

2019 yil boshida qator OAVda prezident Shavkat Mirziyoyev 100 000 so‘mlik yangi kupyurani valutaning keyinchalik denominatsiyasi bilan chop etish to‘g‘risida ko‘rsatma bergani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, Markaziy banki denominatsiya bo‘lmasligini ma’lum qilgandi.

2019 yil mart oyi boshlarida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov O‘zbekistonda milliy valutaning denominatsiyasini o‘tkazish vazifasi qo‘yilmaganini bildirdi.

Ammo shundan keyin 2019 yil iyun oyida Markaziy bank mas’ullari denominatsiya ehtimolini rad qilmadi.

“Denominatsiyani amalga oshirishdan maqsad nollar sonini kamaytirish. Denominatsiya rejalashtirilmagan deya olmaymiz. Bu haqda o‘ylaganmiz. Qachondir denominatsiya bo‘ladi. Balki 5 yil, balki 10 yildan so‘ng bo‘lishi mumkin”, – degandi MB raisining o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.

Ko‘proq yangiliklar: