O‘zbekistonda bolalar adabiyoti «koma»da ekani aytib kelinmoqda. Bolalar yozuvchisi va psixologi Muazzam Ibrohimova Kun.uz bilan suhbatda Turkiya 20 yil oldin bu muammoni qanday hal qilgani haqida gapirdi.
«20 yilcha oldin Turkiyada millat umuman kitob o‘qimay qo‘ygan. Shundan keyin hukumat bolalar noshirlari va adiblarini yig‘ib, ushbu muammoni yechish masalasini o‘rtaga tashlagan. Hukumat vakillari millatning savodsiz bo‘lib ketayotganidan qayg‘urib, buni hal qilish yo‘llarini izlagan. Bu muammolarni hal qilish, bolalar nashrlari, nashriyotlari va bolalar adiblarini rag‘batlantirish uchun Turkiya hukumati juda katta mablag‘ ajratgan. Hozir ham xuddi shunday. Agar bolalar adibi yaxshi kitob yozgan bo‘lsa, albatta, rag‘batlantiriladi. O‘sha kitobni nashr qilgan nashriyotga ham ma’lum darajada mablag‘ beriladi. Shu kitobni sot, sotolmasang bo‘ldi, degan gap yo‘q. Kitobni bola o‘qib hazm qilib, o‘qib yaxshi ko‘rib o‘rgangunigacha nashriyotlar qo‘llab-quvvatlab turiladi, kutiladi», – deydi Ibrohimova.
Uning taqqoslashicha, O‘zbekistonda bu holat teskari ishlaydi — nashriyotlar bitta kitob sotilmaguncha boshqa kitoblarni nashr qilishga qiynaladi.
«Bo‘yog‘iga pul kerak, yana boshqa xarajatlari bor. Tipografiyalarda qog‘oz muammosi bor. Chiqargan kitobini sotib, sarflagan puli o‘ziga qaytguncha nashriyotning hisobida pul bo‘lib turishi kerak», — deydi u.
Muazzam Ibrohimova muammolarni hal qilish uchun nashriyotlarga hech bo‘lmasa, o‘ta past foizlarda imtiyozli mablag‘lar berilishi yoki qaytarib berish sharti bo‘lmagan grantlar ajratilishi kerakligini aytadi.
Yozuvchi Turkiyada bolalar kitoblarini nashrga tayyorlash jarayoni ham uzoq va sinchkovlik bilan davom etishi haqida gapirdi.
“Turkiyada shunaqa nashriyotlarni ko‘rdim, ya’ni yozuvchi kitobni yozadi va uni hali nashrga bermasdan oldin 2ta guruhga tarqatadi. Bittasi bolalar adiblari guruhi, yana bittasi bolalar guruhi. Bolalar guruhida o‘sha kitob mo‘ljallangan bolalar bo‘ladi. Bolalar adiblari guruhi kitobni nashrdan oldin ko‘rib chiqib, hamma kamchiliklari va yutuqlarini aytishadi. Keyin bolalar guruhidan ham fikr olinadi. Masalan, bolalar qaysidir ranglar ularni charchatayotgani yoki men bu ishni qilmagan bo‘lardim desa, yozuvchi buni inobatga oladi. Demak, men bola ruhiyatini tushunmabman deb o‘ylab ko‘radi. Va hamma kamchiliklar tuzatilganidan keyin, o‘sha kitob nashr qilinadi. Shuning uchun ranglari ham chiroyli, mavzulari ham rang-barang. Shu sabab Turkiyaga borsam, ortiqcha yuk bo‘lsa ham, narxlari qancha bo‘lishidan qat’i nazar ko‘zimni chirt yumib sotib olib kelaman”, – deydi Muazzam Ibrohimova.
Psixologning aytishicha, Turkiyada bolalar kitob do‘konlari ham O‘zbekistondagidan juda katta farq qiladi. Kitob do‘konlarining eng chiroyli qavati bolalar uchun ajratilgan. Eshikdan kirgan bola birinchi bo‘lib o‘yinchoqqa ko‘zi tushadi.
“Nimaga bunaqa qilishganini so‘rasam shunday javob berishdi: uzoqdan o‘tib ketayotgan bola kitobga qiziqmasligi mumkin, lekin o‘yinchoqqa qiziqadi. O‘yinchoqqa yaqinlashganidan keyin yonida turgan kitobga ko‘zi tushadi. Sezgir ona o‘yinchoqni emas, kitobni tanlashi uchun bolasini kitobga qiziqtira oladi. Narxlari ham bir-biridan arzon. Bizda esa teskarisi. Kitob nashr qiladi, u nashrdan tushgan pulni kutib o‘tirishadi. Pulni kutmasa, nashriyot kitob chiqarolmaydi. Shaxsan o‘zimning ham nashriyotda qarzim bor. Chunki kitobimni sotolmayman. Kitoblarim asosida 6ta multfilm ishlangan. Hamma joyga buni sovg‘a qilib yuraman. Hamma xursand bo‘ladi, lekin onalarimiz farosatli bo‘lmagani uchun, oilalarimiz kitobxon bo‘lmagani uchun men o‘sha kitobni sotolmayapman”, – deydi bolalar yozuvchisi.
To‘liq videoni shu yerda ko‘rishingiz mumkin.