Elektron pochtamga yuborilgan navbatdagi maktub sobiq bozor pattachisidan ekan. Poytaxtdagi yirik bozorlardan birida uzoq yillar pattachilik qilganini yozgan bu odam o‘sha paytda juda noinsoflik bilan ishlagani va ko‘pchilikning qarg‘ishini olganini yozadi:
«Endi eslasam o‘sha paytda savob ishlarni qilsa bo‘ladigan holatda o‘z nafsimni o‘ylab juda haddimdan oshgan ekanman. Odamlarga yordam berish o‘rniga ularni qon qaqshatgan ekanman».
Sobiq pattachi menga maktub yo‘llashiga yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir video sabab bo‘lganini yozgan.
«Bir necha kun oldin Toshkentdagi bozorlardan birida direktor yordamchisi sotuvchini so‘kib, uning narsalarini tepib sochayotgani tasvirlangan videoni ko‘rib qoldim. Shunda bundan ancha yillar avval shu bozorda pattachilik qilib yurgan paytim esimga tushdi. O‘sha paytlarda mendan ham insof va diyonat qochgan, sal narsaga sotuvchilarning turli mahsulotlar solingan tog‘oralarni tepib ag‘darar edim», deydi maktub egasi.
Maktub sohibi keyinchalik ko‘zi ochilgani va noto‘g‘ri yo‘ldaligini tushunib yetganini, biroq unda kech bo‘lganini yozadi. Maktubni o‘qirkanman, noinsoflik, o‘g‘rilik, birovning haqini o‘zlashtirishning oxiri baribir voy bo‘lishiga yana bir bor amin bo‘ldim.
«1980-yillar oxirida maktabni bitirgach ikki yil armiya xizmatiga borib keldim. So‘ng ikki-uch yil urinib o‘qishga kira olmagach otam Toshkentdagi eng nomdor bozorlardan birida pattachi bo‘lib ishlaydigan qarindoshimiz bilan gaplashib meni o‘sha yerga supuruvchi qilib ishga joylab qo‘ydi.
Ko‘p o‘tmay SSSR parchalanib ketdi va biz mustaqil bo‘ldik. Shundan so‘ng sovet davridagi qonun-qoidalarning aksariyati bekor bo‘ldi.
Bir paytlar odamlarni olibsotarlikda ayblab jazolagan OBXSS (sovet davrida militsiyaning sotsialistik mulkni talon-toroj qiluvchilarga qarshi kurashuvchi bo‘limini shunday deb atashardi) tugatildi.
Odamlar tomorqalarida yetishtirgan turli mahsulotlarni xohlagan joylarida erkin sotadigan bo‘ldi. Natijada bozorda sotuvchilar bilan to‘lib, sig‘maganlar rasta o‘rtasiga qo‘lbola peshtaxtalar qo‘yib savdo qila boshladi.
Shu tarzda 3-4 yil ishlagach qarindoshimiz nafaqaga chiqdi va o‘rniga men quruq meva rastasiga pattachi bo‘ldim. Bu paytda mustaqillikning uchinchi yoki to‘rtinchi yili o‘tib borayotgandi.
Bozorda sotuvchilar ko‘paygani biz pattachilarning foydamizga edi. Sababi bozordagi barcha joylar raqamlangan, patta puli rejasi asosan shunga qarab belgilanardi. Biz rasta o‘rtasiga qo‘shimcha peshtaxta qo‘yishga ruxsat berardik. Ular hisobga kirmas va patta pulining bir qismi cho‘ntagimizga tushardi.
Pattachi bo‘lib ishlar ekanman, «tushum» ko‘paygan sari negadir insof-diyonatimni yo‘qotib borardim. Biroq xuddi shunday bo‘lishi kerakday bunga parvo qilmasdim.
Har kuni mamlakatning turli burchaklaridan odamlar sotish uchun nimadir olib kelar ekan, aksariyati bizdan joy so‘rardi. Men har doim qo‘limda o‘lchov buyumi (metr) bilan yurardim va joy so‘raganlarga 80 santimetr joy o‘lchab berib, bitta patta to‘lashini tayinlardim.
Kimdir ikkita joy olmoqchi bo‘lsa unga 1 metr 60 santimetr joyni o‘lchab berardim-da, har kun ikkita joyga patta olardim.
Har bir 80 santimetr joy menga salmoqli pul olib kelar ekan, sotuvchilar o‘zlariga ajratilgan joyni imi-jimida kengaytirib olmasliklari uchun juda e’tiborli bo‘lardim.
Qo‘limda o‘lchov buyumi bilan yurar ekanman, joylarni tez-tez o‘lchab turardim. Mabodo kimdir belgilangan chegaradan sal o‘tib ketgan bo‘lsa uni ayamasdim. U jo‘rttaga qilganmi yoki e’tiborsiz bo‘lganmi qiziqib ham o‘tirmasdim. Bisotimdagi bor so‘kishlarni eshitardi.
Shunday paytlarda atrofda ayollar borligi yoki jamoat joyida so‘kinib bo‘lmaydi degan tushuncha menga yot edi. O‘zimni ahmoq qilingan deb o‘ylardim. Viloyatdan kelgan odam menday Toshkentning abjir va puxta yigitini ahmoq qilishga jur’at etyaptimi, buni javobsiz qoldirib bo‘lmaydi deb hisoblardim.
Uzoq joylardan tongda yetib keladiganlar men ishga borgunimcha bozorning gavjum joyida savdoni boshlab yuborishardi.
Shunday paytlarda «Nega rastaning bo‘sh joyiga o‘tmay narsangni yerga qo‘yib sotyapsan?» deb ularni urishib, so‘kib tashlardim.
Umrida meni birinchi marta ko‘rib turganlari bu ishimdan hayron bo‘lar, inson shunchalik ham og‘zi buzuq, so‘kong‘ich bo‘lishi mumkinligidan hayratlanardi.
Keyinroq nafsim hakalak ota boshladi va kunlik tushum ko‘zimga kam ko‘rina boshladi. Biroq tushumni ko‘paytirishning iloji yo‘q edi. Shu sababli meni so‘kong‘ichligim, qo‘rsligim oshib borardi.
Har kuni bozor oralab patta yig‘ardim, tush paytida peshtaxtalar orasidagi yo‘lakni supurib, tozalardim. O‘shanday paytlarda agar kimningdir biron ishidan norozi bo‘lsam, yomon so‘zlar bilan «siylardim».
Bundan tashqari, yana bir yomon ishga odatlandim. Sotuvchilarning joylarini o‘lchab yurar ekanman, endi chegaradan o‘tganlarni so‘kishdan tashqari tog‘oralarga solib qo‘ygan narsalarini sochib yuboradigan bo‘ldim. Shu ishim tufayli ham ko‘p la’natlar olganman. Ayrimlar yuzimga qarab qarg‘agan bo‘lsa, boshqalar ichida so‘kkan.
Hech esimdan chiqmaydi, kunlarning birida sotuvchilardan biri jiyani uchun joy so‘rab iltimos qildi. Qarasam 17-18 yoshlardagi yigitcha ekan, unga chetroqdagi bo‘sh joyni ko‘rsatdim. Yigitga joyni o‘lchab berar ekanman, uni ogohlantirdim:
«Mabodo mayiz solib qo‘ygan tog‘orang men o‘lchab bergan joyidan bir santimetr ham o‘tib ketmasin. Qo‘limdagi metrni (uzunlik o‘lchov buyumi nazarda tutilmoqda) ko‘rdingmi? Istalgan paytda kelib joyingni o‘lchab qolishim mumkin. Agar chegarani buzib bo‘sh joyga ozgina o‘tib ketgan bo‘lsang ham ayamayman. Keyin peshtaxta oldining tozaligiga ham e’tiborli bo‘l. Agar oyoq ostiga u-bu narsa tushib yotganini ko‘rsam ham yomon qilaman».
Kunlarning birida o‘sha yigitning mayiz solingan tog‘oralari joyidan biroz siljiganini ko‘rib qoldim. Kayfiyatim buzildi. U shu tariqa joyini biroz kengaytirib olmoqchi bo‘lgan degan gumonga bordim.
«O‘v ho‘kiz, nima qilganing bu? Nega joyingni kengaytiryapsan? Hozir ikkita joyga patta berasan desam o‘zingni osasan. Nega tog‘oralaring oyoq chiqardi?» deb baqirishni boshladim.
Yigit bu muomalamni ko‘rib shoshilib qoldi va o‘zini oqlay boshladi:
«Uzr aka, joyimni kengaytirib yana bitta tog‘ora qo‘shganim yo‘q-ku! Ertalab tog‘oralarning ostini tozalagandim, xayol bilan bir-biriga jipslab qo‘ymabman. Hozir to‘g‘rilayman», dedi.
Shu paytda uning gap qaytarishi (uning uzrini shunday qabul qildim) meni battar asabiylashtirdi. «Sen hali menga gap qaytaryapsanmi?» dedim-da ikkita tog‘orani chetidan bir-biriga qaratib ko‘tarib yubordim. Zarb kuchliligidan tog‘oralar yarim metr ko‘tarilib, to‘ntarilib tushdi.
Ikkita tog‘orada bo‘lgan sariq va qora mayiz aralashib, ularning bir qismi peshtaxta ustida qoldi, qolgani yerga to‘kilib atrofga sochildi. Ikkita tog‘orada 30 kilodan mayiz bo‘lsa, jami 60 kilo ikki xil mayiz bir-biriga qorishib ketgan edi.
O‘shanda mendan bunday ishni mutlaqo kutmagan yigitning ko‘zidan yosh chiqib ketdi. Qo‘llari musht bo‘lib tugildi. Biroq ro‘parasida shkafday odam turardi. Vajohatimni ko‘rib qo‘rqqanidan uning tili kalimaga kelmasdi.
O‘sha yigit kechgacha savdo qila olmadi va ikki xil mayizni alohida qilib terib o‘tirdi. O‘sha paytda unga rahmim kelganmidi? Yo‘q, zarracha rahmim kelmagan. Chunki ko‘zim ko‘r, qulog‘im kar, vijdonimni yo‘qotib bo‘lgandim.
Keyinchalik bu zo‘ravonligimni boshqalarga ham qila boshladim. Jahl bilan ikkita tog‘orani zarb bilan ko‘tarib yuborar ekanman, uning ichida nima borligiga e’tibor bermasdim. Bu ishimdan so‘ng yer bilan bitta bo‘lib sochilib ketgan mahsulotlarni sotib bo‘ladimi, yo‘qmi, bu meni qiziqtirmasdi.
Ertalab kelib mahsulotlarini gavjum joylarda oyoq ostiga qo‘yib sotadiganlarni avvaliga so‘ksam, keyin ularning ham narsalarini tepib ag‘daradigan bo‘ldim.
Shunday paytlarda sotuvchilarni ogohlantirib o‘tirmasdim. Qopmi, tog‘orami tepib ag‘darardim, ichidagi narsalar sochilib ketardi.
Bunday zo‘ravonligim kunora sodir bo‘lib turar, bechora sotuvchilar qarg‘ardi, so‘kardi. Biroq ular menga ta’sir qilmasdi.
Bir kun ertalab ishga kelsam 2-3 ta qopda yarimdan kamroq qilib solingan ikki xil mayiz, yong‘oq va turshak oyoq ostida turibdi. Egasi ko‘rinmaydi. Jahlim chiqib zarb bilan qoplarni tepdim. Hamma narsa yerga to‘kilib, atrofga sochilib ketdi.
Shu payt yerdan tushdimi, osmondanmi, oldimda yoshi yetmishlarga borgan bir kampir paydo bo‘ldi. U hayron bo‘lib bir menga, bir yerga sochilib yotgan yeguliklarga qaradi.
Odamlar darrov yerga sochilib ketgan mahsulotlarni yig‘ishtirib qoplarga solib berdi. Ikki xil mayiz, turshak va yong‘oq bitta bo‘lib aralashib ketgandi. Mayiz va turshaklar changga botgani uchun ularni sotib bo‘lmasdi. Qolaversa, avval ularni bir-biridan ajratish kerak edi.
Kampir meni o‘tkinchi mast deb o‘ylabdi. Pattachiligimni bilgach yomon qarg‘adi. O‘shanda u ancha payt rasta orqasiga o‘tib narsalarini bir-biridan ajratdi va meni uzoq la’natladi.
Sotuvchilarga zo‘ravonligimni ko‘rsatar ekanman, hech kim mushugimni pisht demasdi. Chunki bozorda bir necha yildan buyon ishlar ekanman, «juda katta oxurlarga yem tashlardim».
Masalan, qayerdandir komissiya kelib qolsa, darrov xushmuomala bo‘lib olardim. Shunday paytda sotuvchilar yuzimdan tabassum arimay qolganini ko‘rib «Nahotki bu la’nati ham jilmayishni bilsa?!» deganday qarab ajablanardi.
Komissiyaning biri vazirlikdan, boshqasi hokimiyatdan kelardi. Ular bozorni nomiga aylanar, xuddi bir ishni qoyil qilganday u-bu ishlarni qilib qo‘yinglar deb tayinlab, so‘ng chiqib ketardi.
Komissiya bozordan chiqishi bilan darrov arava olib bozorning eng old quruq, ho‘l mevalaridan qog‘oz paketlarga soldirardim. So‘ng ularning mashinasiga olib borib joylardik.
Komissiya a’zolari uchun olgan quruq mevalarning pullarini bermasdim va ertasi kuni olinadigan patta puli bilan hisoblashishimni aytib ketaverardim.
Shu taxlitda ishlaganim uchun ham hech kim menga inday olmas, aytganim aytgan, deganim degan, quruq meva rastasining qiroli edim.
2000-yillarga kelib bozorni tekshirish uchun keladiganlar soni ko‘paydi. Ularning barchasi ham meni oxurimdan «yem yeyishmasdi», ishimdan kamchiliklar topa boshlashdi. Patta puli bilan qiziqa boshlashdi.
Aksariyat hollarda komissiya keladigan kunni «teparoqdagi» tanishlar oldindan aytib qo‘yishardi. O‘sha kuni sotuvchilarning bir qismidan bir kunga joylarini yopib turishlarini iltimos qilardim. Qahrimdan qo‘rqib yo‘q deya olishmasdi. Boshqa rastadagilar ham shunday qilishardi.
Komissiyaga yopiq joylarni ko‘rsatib egalari bir necha kunga uyiga ketganini aytardim. Ishonardimi, yo‘qmi bilmayman. Biroq keyinchalik qo‘lga tushib qolganim inobatga olinsa, o‘shanda ishonishmagan.
Inson zoti borki, amal qo‘liga tegsa o‘lgunicha shunday davom etadi deb o‘ylaydi. Men ham shunaqa deb o‘ylardim. Biroq unday bo‘lmadi.
Kunlarning birida yana «mening oxurimdan yem yemaydiganlar»dan iborat komissiya keldi. Ular asosan patta pulining tushumi bilan qiziqishdi. O‘sha kuni ham joylarning bir qismini yoptirib qo‘ygandim.
Oradan bir necha kun o‘tib meni shahar IIBga chaqirishdi. Borsam tergovchi kutib oldi va qo‘limga bir varaq qog‘oz berdi. Unda yozilishicha, falon komissiyaning xulosasiga ko‘ra, men bozorda patta pullarini oxirigacha topshirmay, ularning bir qismini o‘zlashtirib talon-toroj qilyapman. Shu sababli xulosada menga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi so‘ralgandi. Tergovchi menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Bunday bo‘lishini kutmaganim uchun birov miyamga bolg‘a bilan urganday bo‘ldi.
«Aka, o‘zi bunday holatlarda gumondorni ehtiyot shart yuzasidan hibsga olishga va tergov tugaguncha qamoqda saqlashga ham haqqim bor. Mayli siz uydan qatnab tergov bersangiz ham bo‘ladi. Faqat shahardan hech qayerga chiqib ketmasligingiz haqida tilxat yozib berasiz», dedi tergovchi.
Keyinroq menga nega jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini sababini bildim. Ma’lum bo‘lishicha, patta puli tushumi bilan qiziqqan komissiya bir necha marta yashirincha kelib bozordagi holatni ko‘rib ketgan.
Qarashsa har gal ular keladigan kun bozordagi joylarning qariyb yarmi bo‘sh, ertasi kuni esa bozorga odam sig‘may ketyapti. Joy yetmagani uchun odamlar hatto o‘z mahsulotlarini yerga qo‘yib sotyapti. Shundan shubhalanishgan. Sotuvchilarning ayrimlaridan bo‘sh joylar haqida so‘rashganda ular pattachi bir kunga yoptirib qo‘yishini aytgan.
Shu orada meni ishdan bo‘shatishdi. Tergovga qatnay boshladim. Avvaliga hech narsani bo‘ynimga olmadim. Biroq joylarini yopib turishlarini iltimos qilgan sotuvchilarning bir qanchasini olib kelib yuzlashtirishgach hech narsa deya olmadim.
Shundan so‘ng qamalib ketmaslik uchun «eski tanishlar», «akaxonlar»ni aralashtira boshladim. Oxir-oqibat davlatga yetkazilgan juda katta zararni qoplasam shartli jazo berilishi mumkinligini aytishdi.
Shundan so‘ng bisotimda nima bo‘lsa barchasini sotdim. Juda katta pul sarflab qurgan yangi hovlini, eski hovlimni, minib yurgan qimmat mashinamni, qora kunimga yarab qolar deb olib qo‘ygan ikkita kvartiramni sotdim va amallab zararni qopladim. Shunda ham sud «akaxonlar»ning sharofati bilan uch yil ozodlikni cheklash jazosini berdi.
Hamma narsamdan ayrilgach ijarada yashay boshladim. Bir paytlar shohona hayot kechirgan odamning yarim vayrona kvartirada yashashi juda og‘ir bo‘larkan. Azbaroyi siqilganimdan qand kasaliga chalindim. Ozib ketganimdan meni avvalroq ko‘rgan odam tanimasdi.
Jazo muddatini o‘tar ekanman, sog‘ligim uncha yaxshi emas, biron ish qilay desam qo‘limda na hunarim, na diplomim bor edi. Ro‘zg‘or yuki o‘qituvchi bo‘lgan xotinim gardanida qoldi. Oshig‘im olchi turgan kezlarda uni ishlatmay qo‘ygandim. Sog‘ligimni yo‘qotgach xotinimdan ishga chiqishni o‘zim iltimos qildim.
Oradan bir necha yil o‘tgach baribir noiloj qoldim va eski tanishlardan yana bozorga ishga qaytarishni iltimos qildim. Pattachilikka yaqinlashtirmasliklari aniq edi, jilla qursa supuruvchi sifatida ishga olishlarini so‘radim.
Ahvolim tangligini aytar ekanman, rahm qilishdi va bir paytlar o‘zim ishlagan bozorga supuruvchi shtatiga ishga olishdi. Faqat quruq meva rastasiga emas, boshqasiga.
Ishga borar ekanman, bir paytlar o‘zim jabr qilgan odamlarning ba’zilari hali ham bozorda savdo qilardi. Ro‘para kelganimda ularning ko‘ziga qaray olmasdim.
Keyinchalik qilgan ishlarim noto‘g‘riligini tushunib yetdim. Biroq ulardan baribir kechirim so‘ray olmadim. G‘ururim yo‘l qo‘ymadi.
Bozorga ishga qaytganim bilan bu safar ko‘p ishlay olmadim. Sog‘ligimdagi muammolar tufayli ikki yilda bo‘shab ketdim. Dard baribir meni to‘shakka mixladi. Hozir tavbamga tayanib uyda ajalimni kutib yotibman. Tuzalmas dardga chalinganimga ko‘pchilikning qarg‘ishini olganim sabab bo‘lgan deb bilaman.
Qani endi vaqtni orqaga qaytarishning iloji bo‘lsa-yu, men ko‘pning haqini yemasdan, birovning burnini qonatmasdan halol yashasam. Afsuski, endi buning iloji yo‘q».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.