Uylanishni va’da qilib, to‘rt ayolni 165 million so‘mga tushirgan firibgarga sud hukmi o‘qildi

Jamiyat 12:21 / 08.06.2023 48498

Sovchilar.uz va Oila nomli Telegram-kanallarni yuritib kelgan 26 yashar yigit turmushga chiqish niyatida bo‘lgan qizlarni aldab kelgan. Jumladan, 4 nafar qizga uylanmoqchi ekanini aytib, ularni bunga ishontirgan.

O‘zini Toshkent moliya instituti bitiruvchisi, ayni paytda shaxsiy biznesini boshlagan tadbirkor sifatida tanishtirgan yigit qizlarning ishonchiga kirish orqali ularning nomiga banklardan jami 165 mln so‘m miqdorida kredit olishga erishadi.

Jinoyat jabrlanuvchilardan birining huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yo‘llagan arizasidan so‘ng fosh bo‘ladi.

“Telegramʼdagi Oila, Sovchilar.uz kanallariga o‘xshash ko‘p kanallar bor. Shu yerda kelinlikka va kuyovlikka nomzodlarning ma’lumotlari e’lon qilinadi. Sudlanuvchi o‘zi haqida e’lon bergan, o‘zini kuyovlikka nomzod sifatida taqdim etgan. Telefonda gaplashib, ko‘rishib olaylik deb aytdi. Men ham farzandimga ota bo‘la oladigan turmush o‘rtoq qidirayotgandim. U uylanish niyati jiddiy ekani, mahrga mashina, uy berishini aytdi. Buning uchun ishlaydigan ayol bo‘lishi kerak, dedi.

Ertasi kuni bankka borib, sening nomingga kredit olamiz, pulni aylantirib uch kunning ichida qaytarib beraman, deb ishontirdi. Nomimga 18 mln so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirilgan. Muddat o‘tib ketdi, pulni ertaga qaytaraman, indinga qaytaraman deb yurib birdan yo‘qolib qoldi. Shundan so‘ng “102”ga qo‘ng‘iroq qilib, holat yuzasidan ariza berishga majbur bo‘ldim. Tergov davomida u mendan boshqa yana uch nafar qizni aldagani ma’lum bo‘ldi”, deydi jabrlanuvchilardan biri.

Sudda firibgar hali oila qurmagani, Telegram-kanallarni pul ishlash uchun ochganini ta’kidlagan.

“Telegram-kanallarimda e’lon qilinadigan har bitta anketa uchun alohida to‘lov belgilangandi. Uylanaman deb hech kimga va’da bermaganman. Boshidan aytilgan, yuz dollar evaziga ularning nomiga kredit olganman. Har bittasiga pasportim, “prava”larim ko‘rsatilgan. Pul oldi-berdilarini to‘liq tan olaman. Jabrlanuvchilardan birini urganimni va so‘kkanlarimni ham tan olaman”, deya jurnalistlarga intervyu bergan sudlanuvchi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi tomonidan 26 yashar yigit 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bundan tashqari, sud hukmida sudlanuvchi jabrlanuvchilarga yetkazgan zararni to‘liq qoplab berishi ham ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: