Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.
2023 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 34,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2023 yil 1 may holatiga ko‘ra, 35,2 mlrd dollar bo‘lgan.
Hisobot davrida oltinning fizik hajmi 12,2 mln troya unsiyadan 11,9 mln troya unsiyaga, qiymati esa 24,2 mlrd dollardan 23,2 mlrd dollarga pasaygan.
Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 9,9 mlrd dollardan 10,1 mlrd dollarga oshgan.
Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?
Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.
Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:
- to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
- inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
- davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
- davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.
Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.
Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.