– IPO nima?
– IPO – Initial public offering, ya’ni bu birinchi marta davlat yoki xususiy kompaniyaning birja orqali ochiq kapital bozoriga chiqishidir. IPO deganda kompaniya o‘zining bir qismini odamlarga sotishini tushunamiz.
Aytaylik, hammamiz biladigan “Agrobank” yoki O‘zbekistondagi boshqa biror yirik kompaniyani oladigan bo‘lsak, ularning egasi birja orqali kompaniya egaligidagi hissasining bir qismini xalqqa va investorlarga sotishni taklif qiladi. Bu – har bir O‘zbekiston fuqarosiga yirik kompaniyalarning bir qismiga egalik qilishga imkon beradi.
– IPO nimaga kerak, bundan odamlarga nima foyda?
– Likvidlikni va bozor shaffofligini oshirish. Davlat tashkilotlari IPO orqali kengroq investorlar bazasini, shu jumladan mahalliy va xalqaro investorlarni jalb qilishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniya tartibga soluvchi talablar va moliyaviy oshkoralikka bo‘ysunadi, bu shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlaydi.
Kapitalga kirish. IPO kompaniyaga o‘z aksiyalarini sotish orqali kapital bozorlaridan mablag‘ jalb qilish imkonini beradi, bu – to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyadir. Ushbu kapital kirimi turli maqsadlarda, masalan, yangi loyihalarga sarmoya kiritish, infratuzilmalar (davlat kompaniyasi bo‘lsa, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar qurish) uchun ishlatilishi mumkin.
Korporativ boshqaruvning kuchayishi. Ochiq bozorga chiqqandan keyin bu tashkilotlar korporativ boshqaruvning qattiqroq amaliyotini qo‘llashi kerak bo‘ladi. Bu mustaqil a’zolardan iborat direktorlar kengashini tashkil etish, moliyaviy hisobot standartlarini joriy etish va qarorlar qabul qilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlashni o‘z ichiga oladi.
Bozorni baholash va boylikni yaratish. IPO bo‘lgan tashkilot bozor narxiga olib kelinadi, buni esa talab va taklif belgilaydi. Agar davlat kompaniyasi yaxshi ishlasa va uning aksiyalari narxi oshsa, davlatning kompaniyadagi qolgan ulushining qiymati ham oshadi. Bu esa xalq boyligi oshganini bildiradi.
– Mutaxassis sifatida O‘zbekistonda ketayotgan IPO jarayonlarini qanday baholaysiz?
– Ham xususuylashtirish, ham IPO masalasiga qaraydigan bo‘lsak, bu jarayonga anchadan beri tayyorlanib kelinayotgandi. 5-10 yil oldin bu kompaniyalar jahon bozoriga chiqishga tayyor emas edi, ularning hisobotlari, katta kompaniyalardan auditdan o‘tmagan edi va korporativ boshqaruvlari zaif bo‘lgan. Bu Jahon banki va boshqa yirik banklar tadqiqotlarida ham nazarda tutilgan. Yaqin 3 yil ichida kompaniyalarni tayyorlashdi, korporativ boshqaruvni yaxshilashdi, yirik investorlar bilan kelishib, endi kompaniyalar IPO'ga chiqishga tayyor bo‘ldi.
Har bir rivojlangan davlatga borsangiz, ularning kapital bozori bor. Kompaniyalarga investitsiya kiritishingiz va bu orqali investitsion muhitni yaxshilashga hissa qo‘shishingiz mumkin. Bizda shu paytgacha bunday muhit bo‘lmagan, kompaniyalar ommaviy IPO'ga chiqmagan, o‘zimizning birja va bozor bo‘lmagan yoki juda zaif bo‘lgan. Hozir boshlangan jarayon ijobiy. To‘g‘ri, xatolarsiz bo‘lmayapti. Ko‘p kompaniyalar endi IPO'ga chiqyapti va yaxshi natijalarni kutib qolardim. Chunki katta tashkilotlar va banklarning transformatsiyalari Jahon banki tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanyapti.
– Xususiylashtirish va kompaniya aksiyalarini IPO'ga chiqarishning bir-biridan qanday farqi bor?
– Farqi – IPO'da kompaniya bir qismini birja orqali bozorga olib chiqib sotadi. Bundan maqsad – brendini oshirish, ommaga o‘zini ko‘rsatish bo‘lishi ham mumkin. Ko‘pincha o‘ziga ishongan kompaniyalar IPO'ga chiqadi.
Xususiylashtirish haqida gapirsak, ayniqsa, O‘zbekistonda bo‘layotgan xususiylashtirishlarni sovet davridan qolgan (qo‘l) boshqaruv(i)dan sistemali boshqaruvga o‘tish deb hisoblayman. Chunki juda ko‘p aktivlar davlat tasarrufida, boshqaruvida qolgan. Juda ko‘p binolar, kompaniyalarni davlat boshqarishi shart emas. Oddiy misol sifatida davlat qaysidir binoni egallab turgan bo‘lsa, davlat uni biror tashkilotga ijaraga bersa, u bu bino ijarasiga bozor narxida to‘layaptimi, biz bilmaymiz. Xususiylashtirish orqali, to‘g‘ridan to‘g‘ri auksion orqali odamlar o‘zi bilgan sohada turgan aktivlarni sotib olyapti. Xususiylashtirishda aksiyaning bir bo‘lagini emas, butun kompaniyani sotib olasiz. Xususiylashtirishga ko‘pincha tashkilot, bino, kichikroq aktivlar qo‘yilyapti va ularni to‘la sotgandan keyin biznes uni davlatning yordamisiz o‘zi yuritishi kerak.
Davlat yuzlab binolarni samarasiz boshqargandan ko‘ra, biznes samaraliroq boshqaradi. Xususiylashtirishdan tushgan pul yangi investitsion loyihalarni amalga oshirishga sarflanadi va infratuzilma yaxshilanishiga ishlatiladi.
– UzAuto Motors'ning shu yil o‘tkazgan IPO'si muvafaqqiyatli bo‘lmadi, bunga sabab nima deb o‘ylaysiz? O‘zbekiston kapital bozori tarixidagi ilk muvaffaqiyatsiz IPO'lardan biri bo‘ldi deya olamizmi?
– UzAuto Motors bu IPO'da investorlarga o‘zini reklama qildi, ko‘rgazmalar o‘tkazdi, lekin ular qanchalik samarali bo‘ldi – bu savolli. Bunday ko‘rgazmalarda ko‘pincha investorlar bu kompaniyaga investitsiya kiritadimi-yo‘qmi, qaror qilib bo‘ladi. Har bir ko‘rgazma qilingandan keyin kompaniya qanchalik sotish sharoitlari mavjudligini sezishi kerak.
Nimaga bu IPO muvaffaqiyatciz bo‘ldi deydigan bo‘lsak, boshida UzAuto Motors konserni o‘zini 1,8 mlrd dollarga baholagan va 5 foizini sotish orqali 90 mln dollar yig‘ishni maqsad qilgandi. Bu IPO “Freedom brokers” nomli brokerlik kompaniyasi bilan birgalikda qilindi. Bu broker katta bank ham emas, global miqyosdagi nufuzli konsultant ham emas. Qancha yirik investitsion banklar bilan ishlansa, shuncha imkoniyat oshadi. Oddiy qilib tushuntirsam, siz bozorga eng katta kompaniyalar bilan chiqsangiz, ular yoningizda turadi. Dunyodagi eng yirik va nufuzli kompaniyalardan biri UzAuto'ning aksiyalarini sotib beraman deb turishi bilan kichik bir qozog‘istonlik broker bilan IPO'ga chiqish o‘rtasida farq bor.
Odatda bir oyda tugatiladigan jarayon bu keysda ancha cho‘zilib, reja qilingan 90 mln dollardan atigi 5 mln dollarini yig‘ishdi. Bu ancha kichik natija deb o‘ylayman. Buning yana bir sababi, kompaniya investorlarning qancha sotib olishini bilmagan va noto‘g‘ri vaqtda aksiyalarini chiqargan. O‘sha paytda 3 oydan beri UzAuto avtomobil yetkazib bermayotgandi. 3 oydan beri odamlarga avtomobil yetkazib berilmayotgan bir paytda IPO'ga chiqqan. IPO'da odamlar kompaniyaning ulushini sotib olyapti, siz aksiyalarini sotib olayotgan kompaniyaning asosiy faoliyati avtomobil ishlab chiqarish va sotish. Kompaniya avtomobil sotish jarayonini ham eplay olmayotgan paytda, investor bu kompaniya ertaga unga foyda keltirishiga qanday ishonsin?
Har bir tashkilot yil boshida o‘ziga reja qo‘yadi, yil davomida nechadir mingta mashina ishlab chiqarish va shuncha daromadga chiqamiz deb. UzAuto bir chorak deyarli ishlab chiqarishni to‘xtatgan bo‘lsa, shartnomalar tuzmayotgan bo‘lsa, investor nimasiga uchsin bu kompaniyani?
– Hozir O‘zbekiston sharoitida kompaniyalar aksiyalarini IPO'ga chiqarishda ularning oldida qanday qiyinchiliklar turibdi?
– Investitsion muhit asosiy qiyinchiliklardan iborat degan bo‘lardim. Chunki har bir IPO'ga chiqadigan kompaniya bozordagi holatga qaraydi. AQShda federal rezerv foiz stavkalarini ancha yuqori qilib qo‘ygan. Bu rivojlanayotgan bozorlardan pul chiqib ketadi degani, chunki bu davlatlarga pul kirgizgandan ko‘ra, investorlar ancha xavfsizroq davlatlarga pul qo‘yishga shoshilib qoladi. Kompaniyalar IPO'ga qanchalik tayyor bo‘lmasin, hozir IPO'ga chiqadigan bo‘lsa, investorlarning kirishi qimmatga tushadi. Foiz stavkalari balandligi uchun investorlar uchun pulning narxi balandroq bo‘ladi.
IPO'ga chiqqan ko‘p kompaniyalar ichida hali odamlar umuman tanimaydiganlari bor. Ularni tanitish qay darajada ketyapti, bu aniq emas. Bu kompaniyalar ko‘rgazmalar o‘tkazishi lozim, o‘zlarining ko‘rgazmalarida bu kompaniya nima ish qiladi yoki qilib kelgan, moliyaviy hisobotlari qanaqa, nimaga uni odamlar sotib olishi kerak, degan ko‘rgazmalar bilan o‘zini reklama qiladi. Shu orqali investorlarni jalb qiladi. Biz IPO’ga chiqarilgan kompaniyalarda shu narsani ko‘rmayapmiz.
Shu bilan birga, UzAuto IPO'ga chiqishdan oldin “road show”lar (ko‘rgazmalar) qilgan edi va bu ko‘rgazmalar qanchalik samarali bo‘lgani aniq emas, chunki fevraldagi IPO'ni juda yaxshi bo‘ldi deb ayta olmayman. Lekin bu endi IPO'ga chiqadigan kompaniyalar uchun dars bo‘lishi kerak, ular tayyorlik holatini yaxshi ko‘rsatib berishi kerak. Agar kompaniya tayyor bo‘lsa-yu, o‘zini namoyon qila olmasa, bu ham muvaffaqiyatsizlik degani. Aytaylik, kompaniya nega odamlar unga investitsiya kiritishi kerak, kompaniya nimadan pul topadi, boshqa kompaniyalardan ko‘ra nega bu kompaniyaga pul tikishingiz kerakligiga oid savollarga IPO'ga chiqayotgan kompaniya javob bera olishi kerak. Pul sizniki, siz hal qilasiz qayerga pul tikishni.
– Boshqa davlatlardagi qaysi muvaffaqiyatli IPO'lar bor, ulardan nimalarni o‘rganish mumkin?
– Saudiyaning neft sotadigan davlat kompaniyasi “Saudi Aramco” 2019 yilda IPO o‘tkazgan. Unga qo‘shimcha mablag‘ kerak bo‘lmagan va u shunchaki brendini ko‘rsatish va bozor narxida baholanishi uchun IPO'ga chiqqan. Kompaniya aksiyalarining 1,5 foizi 26 mlrd dollarga sotilgan. Bu dunyo tarixidagi eng katta IPO bo‘lib qolgan.
Qozog‘ictondagi “Kaspibank” 2020 yilgi IPO'si bizning banklarga amaliy misol bo‘la oladi. U London birjasi va Qozog‘istonning mahalliy KASE birjasida IPO'ga chiqqan va 15 foiz aksiyalari 1 mlrd dollarga sotilgan. Uning brokerlari ham dunyoga taniqli – Morgan Stanley va City Group banklari edi. Investorlar va aholi tomonidan ham yaxshi tanilgan va IPO orqali brendini ham tanitib olgan. Ularning aksiyalari qachon sotilgani, nimalar qilgani va kimlar bilan ishlaganiga qarab namuna olsa bo‘ladi. Ko‘rgazmalar o‘tkazasiz, unda qanchalik sota olasiz yoki sota olmaysiz – tahlil qilasiz, maqbul vaqtni belgilaysiz.
Qozog‘istonda yaqinda, 2022 yil dekabr oyida o‘tkazilgan “KazMunayGaz” kompaniyasining IPO'si mahalliy bozorda 3 foiz aksiyalarini sotish evaziga 326 mln dollar yig‘ishga erishgan. Bu mablag‘ faqatgina mahalliy investorlardan yig‘ilgan, agar bizning mahalliy investorlardan yig‘ilgan 5 mln dollar bilan solishtiradigan bo‘lsangiz, farq katta.
Agar umumiy gapirsak, Olmaliq KMK, Navoiy KMK – juda yirik kompaniyalar va jahon bozorida ularning o‘rni bor. Kirimlari katta, yaxshi, barqaror kompaniyalar. Ularni bozorga olib chiqish kerak, chunki investorlarga shunday yirik kompaniyalarimiz borligini shu orqali ko‘rsata olamiz.
Ular O‘zbekistoning ichida sotilishiga kuchi yetishini aniqlash juda qiyin, chunki bunda mablag‘ yig‘ish qiyin bo‘ladi. Ular nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon birjalari, aytaylik, London va Nyu-York birjalariga chiqishi kerak. Chunki Toshkent birjasi unchalik taniqli emas, Nyu-York yoki London birjalariga chiqadigan bo‘lsa, ularga ishonch ham oshadi. Ular bu birjalarning majburiyatlarini bajarishi, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashi kerak bo‘ladi. Kompaniyalar jahon kapital bozoriga chiqqanda xorijdan tajribali kadrlar ham kelib ishlay boshlaydi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.