Bundan kimga ko‘proq naf bo‘ladi - harbiy ekspert Kaxovka GESdagi hodisa sabablari va oqibatlari haqida

Jahon 17:28 / 07.06.2023 22050
Vayron bo‘lgan to‘g‘on. Foto: IMAGO / R4924_italyphotopress / Global Look Press

Ukraina tomoni to‘g‘onni rus harbiylari, aynan RF QKning 205-motoo‘qchi brigadasi portlatgan, degan da’voni ilgari surmoqda. Kiyevdagilar to‘g‘onni minalashtirish bo‘yicha asosiy ishlarni rossiyaliklar o‘tgan yilning bahorida — stansiya egallangan chog‘dayoq amalga oshirishgani, ammo portlatishni Ukraina qarshi hujumga kirishayotgan hozirgi kunlarda ataylab amalga oshirishganini ta’kidlashmoqda. Rossiya versiyasiga ko‘ra, to‘g‘on «Ukraina jangovar bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan jinoyatkorona harakatlar natijasida» yo‘q qilingan.

Turli tahlilchilar esa Kaxovka suv omborida suv sathi nihoyatda ko‘payib ketgani tufayli zararlangan to‘g‘on o‘zi dosh berolmasdan, buzilib ketgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ham ilgari surishmoqda.

Jurnalist Farida Kurbangaleyeva harbiy ekspert Yan Matveyev bilan to‘g‘onning o‘pirilishi kimning foydasiga ishlashi va uning yo‘q qilinishi oqibatlari qanday bo‘lishi haqida suhbatlashdi.

— Kaxovka GESi to‘g‘onini portlatish kimning foydasiga ishlaydi?

— Bunday olib qaraganda, bu hech kimning foydasiga ishlamaydigandek ko‘rinadi. Chunki har ikki tomon nazorati ostidagi hududlarni suv bosmoqda. Tinch va harbiy fuqarolarni evakuatsiya qilish muammosi paydo bo‘ladi. Bu holda Rossiya okkupatsiyasi ostidagi so‘l qirg‘oqni ko‘proq suv bosadi, demak ularning pozitsiyalarini ham. Yumshoqroq qilib aytganda, bu hol hammaga noqulaylik olib keladi.

Biroq, Ukraina nuqtayi nazariga ko‘ra, garchi to‘g‘on zararlangan bo‘lsa ham, uni hudud ozod qilinganidan so‘ng tiklash mumkin edi. Vayron qilingan qismlarni ta’mirlab, yana elektr energiyasi ishlab chiqarish ehtimoli bor edi. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, urush sharoitlarida u yerdan ko‘prik sifatida foydalanish mumkin edi. Ha, ungayam ancha ziyon yetgan, Rossiya qo‘shinlari noyabr oyida chekinayotib, uni portlatishgandi. Lekin butkul zarar yetkazilmagan, uni ta’mirlash mumkin edi.

Antonov ko‘prigini tezda ta’mirlab bo‘lmaydi, shu sababli ukrainaliklar Dniproni kechib o‘tishda beqaror, noqulay, osongina o‘qqa tutish mumkin bo‘lgan barjalardan yoki ponton ko‘priklardan foydalanishga mahkum edi. Ya’ni, ularga har qanday holatda to‘g‘on butun bo‘lib turgani manfaatli edi va uni buzishga zaruriyat bo‘lmagan. Ayniqsa, ular qarshi hujum bilan hududlarni ozod qilishni rejalashtirayotgani hisobga olinsa.

Biz Rossiya tomonidan Dnipro daryosining g‘arbiy qirg‘og‘iga yana bostirib o‘tish bo‘yicha hech qanday rejalarni ko‘rmayotgandik. Bunday rejaga ehtiyoj ham yo‘q edi — buning uchun ularning ortiqcha kuchi ham yo‘q.

Suv bosishiga kelsak, ha, hududlar yaroqsiz ahvolga kelishi tufayli Rossiya qo‘shinlari o‘z nazoratidagi hududlarning bir qismidan ayriladi. Ular o‘zlari xandaq qazib joylashgan pozitsiyalaridan chekinishadi. Biroq, ukrainaliklar ham chap sohilga desant tashlash imkoniyatidan to‘liq mahrum bo‘ladi.

Dnipro orqali desant tashlash shundoq ham murakkab ish edi, ommaviy desant tashlashni-ku umuman amalga oshirib bo‘lmasdi. Endi bu mutlaqo amalga oshirib bo‘lmas ishga aylandi. Agar Zaporijjya fronti bo‘ylab katta qarshi hujumga o‘tilganida, Dnipro orqali kalta chiqishlar rus qo‘shinlarini chalg‘ituvchi, ularning qirg‘oqdan ketmasligini ta’minlovchi yordamchi hujumlar bo‘lar edi. Nova Kaxovkadan boshlab Kinburn burnigacha Zaporijjya frontidagidan ham ko‘proq rus qo‘shinlari jamlangan. U yerda yaxshigina guruh bor. Ular hamon o‘sha yerda turgan bo‘lishi mumkin, chunki hududni bunchalik tez tark etishi mumkin emas. Ya’ni, ular Ukraina desant tashlashidan xavfsiragancha, qirg‘oq bo‘ylab zich o‘rnashib olishgan edi.

Endi hammasi suv ostida, Dnipro deltasi kengaydi, suv oqimi ham tezlashgan bo‘lishi ehtimoli bor. Hammasi chalkashib ketdi, qaysidir orolchalarni suv bosdi, qay birlarini yo‘q. Mo‘ljallar, farvaterlar yo‘q bo‘lib ketdi, kichik qayiqlar uchun bu juda muhim. Chunki siz askarlar mingan 10-20 ta qayiq jo‘natsangiz, albatta buni tunda amalga oshirasiz. Albatta, qayiqlar qanaqadir to‘siqqa, daraxtlarga borib urilishini istamaysiz. Bularning barchasi vazifani murakkablashtiradi. Endi harbiylarni osongina izlab topish va hujum qilish mumkin.

Harbiy ekspert Yan Matveyev. YouTube’dan skrinshot.

Hozir kimlardir hammasi aksincha — suv oqib o‘tib ketsa daryo yanada sayozlashishi va ukrainaliklarga osonroq bo‘lishini yozmoqda. Yo‘q, bu tez orada sodir bo‘lmaydi. Kaxovka suv ombori juda ulkan, bu xaritadan ham ko‘rinib turibdi, u yerda suv juda ko‘p va uzoq vaqt oqib turadi. Men Dniproning asl o‘zanigacha qaytish uchun ikki oy vaqt kerak bo‘ladi, degan baholashlarni ko‘rdim. Bu yozning oxirigacha degani. Bu esa ukrainaliklar qarshi hujumga o‘tish uchun sarflanadigan vaqt.

Ha, Rossiya qo‘shinlari suv ostida qolgan pozitsiyalarini yo‘qotishmoqda. Lekin bu ularga kerak emas. Qirg‘oqqa desant tushmas ekan, ularga pozitsiya nimaga kerak? Boz ustiga, bu pozitsiyalar shunchaki okoplardan iborat, katta zaruriyat tug‘ilsa askarlar ikki haftada yangisini qazib tashlashadi. Mohiyatan rossiyaliklarda himoya chizig‘i sifatida tabiiy to‘siq — daryo bor edi. Hozir bu to‘siq yanada kengaydi.

— Ya’ni, chindan ham hammasi rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumini to‘xtatishni istaganga o‘xshab ko‘rinadimi?

— Ha. Ammo to‘g‘onda portlash ro‘y bergani va buni aynan Rossiya armiyasi amalga oshirgani haqida aniq dalillar yo‘q. To‘g‘onning o‘zi eskirib, charchab, buzilib ketgani ehtimoli juda katta. Biz uni Rossiya armiyasi portlatib yubordi, deb aniq ayta olmaymiz, bunga ko‘proq dalil-isbot kerak. Lekin bundan kimga foyda, degan nuqtayi nazardan qaralsa, to‘g‘onning yo‘q qilinishi Rossiya armiyasiga qo‘l keldi, chindan ham bu hol ularning mudofaasiga yordam beradi.

Boz ustiga, Rossiya armiyasi va okkupatsiya hukumati turli aholi punktlaridan odamlarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keladi — bu ham Rossiya uchun plyus. Chunki bu zonalar qo‘shin joylashtirilishi lozim bo‘lgan zonalar hisoblanib, tinch aholi doimo bunda xalaqit qiladi. Ularni kuch bilan evakuatsiya qilish qiyin, chunki Rossiya okkupatsiya hukumati bu yerlar Rossiya hududi ekani, fuqarolar ham Rossiyada yashashayotganidek muomala qilib kelishmoqda.

Ular avtomat bilan kelib, «qani, hammang sur bu yerdan», deyishi qiyin. Bu juda xunuk ko‘rinadi. Endi esa ularni ko‘chirish uchun ideal bahona bor.

O‘pirilish haqida gapirsam, yana bir muhim momentni tilga olishim kerak. To‘g‘on rekord darajada ko‘tarilgan suv sathi bosimiga dosh bermay yorilib ketgan, yoki Rossiya tomoni kichikroq portlash uyushtirib yorilishga «yordam» berib yuborgan, shundan so‘ng o‘z o‘zidan qolgan qismlari buzilib ketgan, chunki bungacha to‘g‘onga ko‘p bora zarba berilgani va Rossiya armiyasi chekinayotib uning bir joyini portlatgani haqida soatlab bahslashish mumkin. Yo u variant yoki bunisi — muhim emas. Muhimi — to‘g‘onning asosiy qismini Rossiya okkupatsiya hokimiyati nazorat qilib turgan.

Aynan ular suv sathi uchun javobgar bo‘lishgan, chunki barcha sozlovchi zaslonkalar ularning nazorati ostida bo‘lgan. Ular suv sathini kuzatishi, uni pasaytirishi mumkin edi. Ular bu ko‘rgiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday qilishi shart ham edi. Shuning uchun to‘g‘on buzilishining boshlang‘ich sababi nima bo‘lishidan qat’i nazar, barcha javobgarlik Kaxovka GESni nazorat qilgan Rossiya armiyasi va okkupatsiya hokimiyati zimmasida.

Xerson oblastidagi suv bosgan ko‘chalar. Foto: Cover Images / Keystone Press Agency / Global Look Press

— To‘g‘onni tashqi tomondan o‘qqa tutib buzib bo‘lmasdimi? Buning uchun Ukraina tomoni ta’kidlayotganidek, ichki tomonidan portlatish kerakmidi?

— Barchasi murakkab, albatta. Agar yuk ko‘taruvchi ustunlarga zarba berilsa, yana suv bosimi katta bo‘lsa, kuchsizroq otishmalar bilan ham qulatish mumkin. Lekin, odatda, tashqi tomonidan hujum qilib bunday ko‘prik va to‘g‘onni vayron qilish oson emas.

Rossiya tomoni ukrainaliklarni to‘g‘onga o‘q yog‘dirganlikda ayblamoqda. Lekin yuqorida aytildi, to‘g‘onning buzilishidan ukrainaliklar manfaatdor emas. Albatta, o‘tirib olib kimdir buni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirgan, deb fantaziya qilish mumkin. Albatta, frontda kimdir o‘zboshimchalik bilan o‘t ochadigan holatlar ham bo‘ladi. Lekin men Zalujniy, Sirskiy, Zelenskiy va Budanov yig‘ilib, «ertaga Kaxovka GESini o‘qqa tutamiz, hamma suv oqib ketsin», deya bir qarorga kelishganini tasavvur qilishim qiyin. Buni amalga oshirish uchun qanday vaj keltirishganini tasavvur qila olmayman. Rossiya qo‘shinlarini jinoyatlarda ayblash uchunmi? Buning uchun ortiqcha biror narsa o‘ylab topishga ham hojat yo‘q, Rossiya armiyasi shundoq ham muntazam ravishda harbiy jinoyatlarga qo‘l urib kelmoqda, shu paytgacha ham ulkan miqdordagisini amalga oshirib bo‘lgan, ularni ko‘rsatish uchun provokatsiya ham, feyk ham shart emas.

— Darvoqe, Ukraina pabliklarida to‘g‘onning portlatilishini chindan ham harbiy jinoyat, deb tilga olishmoqda. Bu qadamni shunday tasniflash mumkinmi?

— Bitta nozik jihat bor: Jyeneva Konvensiyalaridan birida urush chog‘ida «tabiiy kuchlarni ozod qiluvchi» turli obektlarga hujum qilish va vayron qilish mumkin emas, deb yozib qo‘yilgan. Jumladan dambalar, to‘g‘onlar, atom elektr stansiyalari va falokat keltirishi mumkin bo‘lgan boshqa inshootlar.

Lekin Rossiya armiyasi jinoyatga qo‘l urib bo‘lgan, shu sababli bu qasddan uyushtirilgan portlash bo‘lmasa ham, jinoyatkorona mas’uliyatsizlik. Chunki gidroelektrstansiyada rossiyalik operatorlar bor, ular xatoga yo‘l qo‘yishgan, suvni o‘z vaqtida tashlashmagan, shu sababli to‘g‘on yorilib ketgan va hamma joyni suv bosgan. Ya’ni jinoyat sodir etishgan. Urush ketayotgani sababli bu harbiy jinoyat ham sanaladi.

Kaxovka GESi to‘g‘oni urushgacha. Foto: Dmitriy Lyapunov / wikipedia.org

— Zaporijjya AESi ham Kaxovka suv ombori yoqasida joylashgan. AESda avariya sodir bo‘lishi ehtimoli oshdi, deyish mumkinmi?

— Xalqaro atom energetikasi agentligi mutaxassislari hozircha suv yetarli, deyishmoqda. U yerda barcha reaktorlarning passiv sovitilishi ketmoqda. Lekin suv qanchaga yetadi, muammo shunda. Vayron qilingan to‘g‘on — kimdir ochib yopgan eshik emas-ku? Uni yaqin bir necha yil ichida tiklab bo‘lmaydi. Harbiy harakatlar borar ekan, bu aniq narsa, hammasi tinchiganidan keyin ham yangidan qurish uchun yillar kerak bo‘ladi.

Aftidan, AES uchun qandaydir boshqa suv manbasi topishga to‘g‘ri keladi, balki pasayib ketgan suv ombordan quvurlar yordamida suv tortilar. Grossi suv «bir necha oyga yetadi», degan bo‘lsa ham, bu bir necha oy ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi. Keyin-chi? To‘g‘on o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi-ku?

Ertagayoq sulh imzolansa, Putin yutqazganini tan olib, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududini tark etgan taqdirda ham to‘g‘on paydo bo‘lib qolmaydi. Bularning barchasi jiddiy muammo bo‘lib ko‘rinmoqda. Rossiya hukumati turli obektlarga nisbatan o‘ta e’tiborsiz munosabatda bo‘lishi hisobga olinsa, ochig‘i, bu jiddiy tashvish uyg‘otadi. Birdan bir umid ukrainlar o‘z hududini ozod qilishida. Ular albatta bu ishga mas’uliyat bilan yondashishadi, chunki bu ularning mulki va yeri.

— Ukrainaning o‘z hududlarini qaytarib olish bo‘yicha vazifasi nechog‘lik murakkablashdi?

— Albatta, hozirgi vaziyatda Rossiya armiyasiga osonroq bo‘ladi. Birinchidan, ular qo‘shinlarining bir qismini u yerdan oladi. Chunki ukrainaliklar daryodan kechib o‘tishi qanchalik qiyin bo‘lsa, ularning desantini to‘xtatib turish uchun kerak bo‘ladigan qo‘shin miqdori ham shunchalik kamayadi. O‘z-o‘zidan, bu kuchlar ozod bo‘ladi va ularni u yerdan olib, Zaporijjya frontiga tashlab, o‘sha front mustahkamlanadi.

Ikkinchidan, ikkinchi mini-front yaratilishi xavfi kamayadi. Masalan, Ukraina qo‘shinlari Tokmak orqali Melitopol tomon hujum qilganda, rus qo‘shinlari mudofaaga o‘tganda, ukrain desantlari Xerson orqali qayiqlarda o‘tib, Nova Kaxovkani ozod qilishi mumkin edi. Keyin ko‘prikni tuzatib, platsdarm yaratardi, shu yerdan hujum uyushtirishi ham mumkin edi. Endi bu imkoniyat yo‘q qilindi. Shunchaki, Ukraina armiyasining operativ imkoniyatlari pasaymoqda.

Lekin ukrainaliklar diversiya faoliyatini baribir yo‘lga qo‘yishadi. Chunki kichikroq guruhlar shu paytgacha ham Dnipro deltasida harakat qilishgan, nimanidir portlatishgan, qo‘qqisdan hujum qilishgan, xullas ular tajribaga ega, kengaygan daryoda ham yo‘l topa olishadi.

Mening shaxsiy fikrimga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlarining eng katta yo‘qotishi – Nova Kaxovkaga o‘tadigan ko‘prik bo‘ldi. U nihoyatda jozibali maqsad edi, boz ustiga Zaporijjya frontiga ham yaqin joylashgan. Juda yaxshi ta’minot yo‘li yaratish mumkin edi, endi bu reallikdan yiroq. Agar ish shunga borib yetadigan bo‘lsa, endi uning evaziga ponton ko‘priklar qurishga to‘g‘ri keladi.

— Qrimning suv ta’minoti nima bo‘ladi? Rossiya propagandasi Qrim zarar ko‘rsmasligini ta’kidlamoqda.

— Keng ko‘lamli bosqindan avval ular shu kanalsiz ham nimadir qilishayotgan edi-ku? Buyog‘iga ham shunday bo‘ladi. Qrimdan juda ko‘pchilik ko‘chib ketgan, u yerda aholi ham, dam oluvchilar ham kamroq. Umuman olganda, Rossiya hukumati odamlarga tupurib qo‘ygan. Ularning qay birini va qachon Qrimda suv bor-yo‘qligi tashvishlantirgan? Juda zarur bo‘lsa temiryo‘l orqali vagonlarda suv tashishadi, bo‘ldi. Balkim kanalga suv haydovchi qandaydir nasos stansiyasi o‘rnatishar.

Ko‘proq yangiliklar: